Chet ellik bilan nikoh: nikoh shartnomasi qaysi davlat qonuni bilan tartibga solinadi?
Bugun O‘zbekiston fuqarolarining chet el fuqarolari bilan oila qurishi hech kimni ajablantirmaydi. Biroq bunday oilalarda er-xotinning mol-mulki ikki davlatda bo‘lib qolganda va oila ajralganda, uni qaysi davlat qonuniga ko‘ra bo‘lish kerakligi haqidagi savolga qonunchiligimiz ko‘p hollarda aniq javob bermaydi. Ushbu maqolada nikoh shartnomasining tarixi, xorijiy davlatlar tajribasi va O‘zbekistondagi mavjud muammo haqida so‘z yuritamiz.
Nikoh shartnomasi nima?
Nikoh shartnomasi bo‘lajak er-xotin yoki nikohdagi er-xotin o‘rtasida tuziladigan kelishuv bo‘lib, unda ularning mulkiy huquq va majburiyatlari belgilanadi: nikoh davomida orttirilgan mol-mulk kimga tegishli bo‘lishi, oila xarajatlari qanday taqsimlanishi, ajralish yuz bersa, mulk qanday bo‘linishi va hokazo. Ko‘pchilik uni zamonaviy G‘arb odati deb o‘ylaydi, lekin aslida bu institutning tarixi ming yilliklarga borib taqaladi.
Ming yillik an’ana: Qadimgi Rimdan Mug‘ tog‘igacha
Qadimgi Yunoniston va Rimda oila qurayotgan shaxslar sep, nikohda orttirilgan mulk va uni meros qoldirish masalalari bo‘yicha kelishuvlar tuzganlar. O‘rta asrlarda Yevropada nikoh asosan cherkov tomonidan rasmiylashtirilib, tartibga solingan.
Eng qiziqarlisi, bunday amaliyot bizning zaminimizda ham qadimdan mavjud bo‘lgan. 1932-yilda mahalliy cho‘ponlar Zarafshon daryosining yuqori oqimidagi Mug‘ tog‘idan (hozirgi Tojikiston hududi) qadimiy so‘g‘d hujjatlarini topib olgan. Ushbu hujjatlar bugun YuNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan. Ular orasida taxminan milodiy
709-710-yillarga oid nikoh shartnomasi ham bor. Unda Uttegin ismli turk yigit bilan Chata laqabli so‘g‘d qizi Dug‘dg‘uncha o‘rtasidagi nikoh qayd etilgan. Hujjatda oilaviy mulk, ajralish oqibatlari va er-xotinning bir-birining qarindoshlari oldidagi majburiyatlari ham belgilangan. Bu hujjat Markaziy Osiyoda nikoh munosabatlarini yozma kelishuv bilan tartibga solish an’anasi 1300 yildan ortiq tarixga ega ekanini ko‘rsatadi.
Yangi davrda Yevropada nikoh shartnomasi qonunchilikda mustahkam o‘rin egalladi. Masalan, Fransiyaning 1804-yilgi Fuqarolik kodeksi er-xotinning mulkiy rejimini shartnoma bilan belgilash imkonini batafsil tartibga soldi. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarning ko‘pchiligida nikoh shartnomasi tuzish odatiy holga aylangan.
Xorijda qanday?
Germaniya. Germaniya Fuqarolik kodeksi er-xotinga mulkiy munosabatlarini shartnoma bilan tartibga solishda keng erkinlik beradi. Ular qonuniy mulkiy rejimni bekor qilishi yoki o‘zgartirishi, mulkni boshqarish tartibini, ajralishdan keyingi ta’minot masalalarini kelishib olishi mumkin. Shartnoma nikoh qayd etilgunga qadar ham, nikoh davomida ham tuziladi, ammo shakliga qat’iy talab qo‘yiladi: u ikkala tomon bir vaqtda hozir bo‘lgan holda notarius tomonidan rasmiylashtirilishi shart.
Fransiya. Fransiyada nikoh shartnomasi faqat mulkiy rejimni belgilaydi. Fransiyaning Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, er-xotin nikohdan kelib chiqadigan shaxsiy huquq va burchlarini shartnoma bilan o‘zgartira olmaydi. 1965 va 1985-yillardagi islohotlardan so‘ng er va xotin umumiy mulkni boshqarishda teng huquqqa ega.
Ispaniya, Braziliya, Argentina. O‘tgan asrda bu davlatlarda oilaviy mulkni boshqarishda erning ustunligi saqlanib kelgan edi. Biroq Ispaniyada 1981-yilgi qonunlar, Braziliyada 1988-yilgi Konstitutsiya va 2002-yilgi Fuqarolik kodeksi, Argentinada esa 2015-yilgi Fuqarolik va tijorat kodeksi bilan er-xotinning to‘liq tengligi o‘rnatildi. Bu islohotlar xalqaro huquqdagi umumiy tamoyilga mos keladi. BMTning 1979-yil 18-dekabrdagi
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CEDAW) 16‑moddasida er va xotinning mulkka egalik qilish, uni boshqarish va tasarruf etishda teng huquqqa ega ekani belgilangan. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning (1966) 23-moddasi ham davlatlarni nikoh davomida va nikoh bekor qilinganda er-xotinning huquq va majburiyatlari tengligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishga majbur qiladi. O‘zbekiston ikkala hujjatga ham 1995-yilda qo‘shilgan, Oila kodeksimiz ham er-xotinning tengligini asosiy tamoyillardan biri sifatida belgilaydi (2-modda).
AQSh. Ko‘plab shtatlar qabul qilgan 1983-yilgi Nikohgacha tuziladigan kelishuvlar to‘g‘risidagi namunaviy qonun shartnomaga shaxsiy masalalarni ham kiritishga ruxsat beradi. Biroq amalda bunday shaxsiy shartlar sudlar tomonidan kamdan-kam hollarda majburiy ijro etiladi.
Demak, dunyo tajribasida nikoh shartnomasining ikki modeli bor. Birinchisida shartnoma faqat mulkiy munosabatlarni tartibga soladi (O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Fransiya). Ikkinchisida qonun shaxsiy nomulkiy shartlarni ham kiritishga yo‘l qo‘yadi (AQSh), lekin ularning huquqiy kuchi cheklangan.
Ikki davlat, bitta oila: qaysi qonun qo‘llaniladi?
Er va xotin turli davlatlarning fuqarolari bo‘lsa yoki mol-mulki bir necha davlatda joylashgan bo‘lsa, eng muhim savol tug‘iladi: ularning mulkiy munosabatlariga qaysi davlat qonuni qo‘llaniladi? Xalqaro xususiy huquqda bu masalani kollizion normalar, ya’ni qo‘llaniladigan huquqni ko‘rsatuvchi qoidalar hal qiladi. Yevropada bu borada ikki muhim hujjat qabul qilingan.
1978-yilgi Gaaga konvensiyasi. 1978-yil 14-martdagi Er-xotinning mulkiy rejimiga qo‘llaniladigan huquq to‘g‘risidagi Gaaga konvensiyasi iroda avtonomiyasi, ya’ni tomonlarning qonunni o‘zi tanlashi tamoyiliga asoslanadi. Uning 3-moddasiga ko‘ra, er-xotin nikohdan oldin quyidagilardan birini tanlashi mumkin: ulardan biri fuqarosi bo‘lgan davlat qonuni; ulardan biri odatda yashaydigan davlat qonuni; yoki ulardan biri nikohdan keyin birinchi bo‘lib yashashni boshlaydigan davlat qonuni. Tanlangan qonun barcha mulkka, ham ko‘char, ham ko‘chmas mulkka nisbatan qo‘llaniladi, lekin ko‘chmas mulk uchun uning joylashgan joyidagi davlat qonunini tanlash ham mumkin. Qonun nikoh davomida ham tanlanishi mumkin (6-modda). Agar er-xotin qonun tanlamagan bo‘lsa, qoida tariqasida nikohdan keyin ikkalasi birinchi bo‘lib odatda yashay boshlagan davlat qonuni qo‘llaniladi (4-modda). Konvensiya aliment majburiyatlari, er yoki xotinning merosxo‘rlik huquqlari va huquqiy layoqat masalalariga taalluqli emas. Muhim jihati shundaki, u faqat Fransiya, Lyuksemburg va Niderlandiyada amal qiladi, O‘zbekiston esa uning ishtirokchisi emas.
Yevropa Ittifoqining 2016/1103-sonli Reglamenti. Yevropa Komissiyasi bu boradagi loyihani 2011-yilda taqdim etgan edi. U 2016-yil 24-iyunda Kengashning 2016/1103-sonli Reglamenti sifatida qabul qilinib, 2019-yil 29-yanvardan kuchaytirilgan hamkorlik doirasida Yevropa Ittifoqining 18 ta davlatida qo‘llanilmoqda. Reglament yurisdiksiya, qo‘llaniladigan huquq hamda sud qarorlarini tan olish va ijro etish masalalarini tartibga soladi. Gaaga konvensiyasidan farqli ravishda, u mulkiy rejimning yagonaligi tamoyiliga asoslanadi: tanlangan qonun mulk qayerda joylashganidan qat’i nazar, er-xotinning barcha mulkiga nisbatan qo‘llaniladi. Unda nikoh shartnomasi deganda er-xotin yoki bo‘lajak er-xotinning mulkiy rejimini tartibga soluvchi har qanday kelishuv tushuniladi.
O‘zbekistonda vaziyat qanday?
O‘zbekistonda nikoh shartnomasi instituti 1998-yil 30-aprelda qabul qilinib, 1‑sentabrdan kuchga kirgan Oila kodeksi bilan joriy etildi (29–36-moddalar). Kodeksga ko‘ra, nikoh shartnomasi nikoh qayd etilgunga qadar ham, nikoh davomida ham tuzilishi mumkin, u yozma shaklda tuziladi va notarial tasdiqlanadi (30-modda). Unda er-xotin umumiy mulkning qonuniy tartibini o‘zgartirishi, birgalikdagi, ulushli yoki alohida mulk tartibini o‘rnatishi, bir-birini moddiy ta’minlash, oila xarajatlarini qoplash va ajralganda mulkni bo‘lish tartibini belgilashi mumkin (31-modda).
Shu bilan birga, 31-moddaning beshinchi qismi aniq cheklovlar qo‘yadi: nikoh shartnomasi er-xotinning huquq va muomala layoqatini, sudga murojaat qilish huquqini cheklay olmaydi, ular o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni va bolalarga nisbatan huquq-majburiyatlarni tartibga sola olmaydi, shuningdek mehnatga layoqatsiz, ta’minotga muhtoj er yoki xotinning huquqini cheklovchi, er yoki xotindan birini o‘ta noqulay holatga soluvchi yoxud oila to‘g‘risidagi qonunchilikka zid boshqa shartlarni o‘z ichiga ololmaydi. Demak, O‘zbekiston faqat mulkiy modelga amal qiladi.
Muammo boshqa joyda. Oila kodeksining chet el fuqarolari ishtirokidagi oilaviy munosabatlarga bag‘ishlangan VIII bo‘limi atigi beshta moddadan (234–238-moddalar) iborat. Ular chet elliklarning oilaviy huquqlari, chet elda tuzilgan nikohni e’tirof etish, nikohdan ajratish, farzandlikka olish va chet el huquqi mazmunini aniqlash masalalarini qamraydi. Er-xotinning mulkiy munosabatlariga, xususan, nikoh shartnomasiga qaysi davlat qonuni qo‘llanilishi haqida esa norma mavjud emas.
Xo‘sh, bunday holatda sud qanday yo‘l tutadi? Qonunchiligimizda bo‘shliqni qisman to‘ldiradigan vositalar mavjud. Oila kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, xalqaro shartnomada Oila kodeksidagidan boshqacha qoida belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidasi qo‘llaniladi. Bunday shartnomalar qatoriga MDH davlatlari o‘rtasida tuzilgan 1993-yilgi Minsk va 2002-yilgi Kishinyov konvensiyalari kiradi. Bundan tashqari, Kodeksning 6 va 7‑moddalari fuqarolik qonunchiligini hamda qonun va huquq o‘xshashligini qo‘llash imkonini beradi. Quyida bu konvensiyalarning mazmunini va ular amalda qanday ishlashini aniq misolda ko‘rib chiqamiz.
Minsk va Kishinyov konvensiyalari nima deydi? 1993-yil 22-yanvarda Minskda imzolangan Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi konvensiyaning 27-moddasi er-xotinning shaxsiy va mulkiy munosabatlariga qaysi davlat qonuni qo‘llanilishini bosqichma-bosqich belgilaydi. Avvalo, er-xotin birgalikda yashaydigan davlat qonuni qo‘llaniladi. Agar ular turli davlatlarda yashasa-yu, lekin bir davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha fuqarolik davlatining qonuni qo‘llaniladi. Agar er va xotin turli davlatlarning fuqarolari bo‘lib, turli davlatlarda yashasa, ular oxirgi marta birga yashagan davlat qonuni qo‘llaniladi. Ular ishtirokchi davlatlar hududida umuman birga yashamagan bo‘lsa, ishni ko‘rayotgan muassasa joylashgan davlat qonuni qo‘llaniladi. Ko‘chmas mulkka oid munosabatlar esa har doim mulk joylashgan davlat qonuni bilan tartibga solinadi. Bunday ishlarni esa, qoida tariqasida, qonuni qo‘llanilishi lozim bo‘lgan davlatning sudi yoki boshqa vakolatli muassasasi ko‘radi (27-moddaning 6-bandi).
2002-yil 7-oktabrda Kishinyovda imzolangan xuddi shu nomdagi yangi konvensiya Minsk konvensiyasining o‘rnini bosish uchun qabul qilingan. O‘zbekiston unga 2019-yil 26‑avgustdagi O‘RQ-554-son Qonun bilan qo‘shilgan. Kishinyov konvensiyasining ishtirokchilari o‘rtasida Minsk konvensiyasi o‘z kuchini yo‘qotadi, bu konvensiyaga qo‘shilmagan davlatlar bilan munosabatlarda esa Minsk konvensiyasi amal qilishda davom etadi. Er-xotinning huquqiy munosabatlariga oid qoidalar Kishinyov konvensiyasining
30-moddasida Minsk konvensiyasining 27-moddasi bilan deyarli so‘zma-so‘z bir xil, shuning uchun yuqorida aytilganlar Kishinyov konvensiyasiga ham to‘liq taalluqli.
Amaliy misol. O‘zbekiston fuqarosi Malika Qozog‘iston fuqarosi Aydos bilan Toshkentda turmush qurdi. Nikoh qayd etilishidan oldin ular notarial tasdiqlangan nikoh shartnomasi tuzib, nikohgacha har biriga tegishli bo‘lgan mol-mulk uning shaxsiy mulki bo‘lib qolishini kelishib oldi, biroq shartnomaga qaysi davlat qonuni qo‘llanilishini yozmadi. Nikoh davomida er-xotin Toshkentda birga yashab, u yerda kvartira va avtomobil sotib oldi, Aydosning nikohgacha Olmaotada meros qilib olgan kvartirasi ham bor. Bir necha yildan so‘ng, ikkalasi ham hali Toshkentda yashab turgan paytda, Malika sudga ajrashish va mulkni bo‘lish to‘g‘risida da’vo bilan murojaat qildi.
Bu ishning yechimi aniq. O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham Kishinyov konvensiyasining ishtirokchisi, shuning uchun ular o‘rtasida uning 30-moddasi qo‘llaniladi, Oila kodeksining 9-moddasiga ko‘ra esa konvensiya Kodeksdan ustun turadi. Er-xotin ish ko‘rilayotgan paytda O‘zbekistonda birga yashayotgani uchun ularning mulkiy munosabatlariga O‘zbekiston qonuni qo‘llaniladi va ishni O‘zbekiston sudi ko‘radi. Demak, sud avvalo nikoh shartnomasiga tayanadi: u Oila kodeksi talablariga muvofiq yozma shaklda tuzilgan va notarial tasdiqlangan, shuning uchun haqiqiy. Shartnomada tartibga solinmagan mulk, ya’ni nikoh davomida orttirilgan Toshkentdagi kvartira va avtomobil, Oila kodeksida belgilangan qonuniy tartib bo‘yicha er-xotinning umumiy birgalikdagi mulki hisoblanadi (23-modda) va ular o‘rtasida teng ulushlarda bo‘linadi (28-modda). Olmaotadagi kvartiraga esa, ko‘chmas mulk bo‘lgani uchun, u joylashgan davlat, ya’ni Qozog‘iston qonuni qo‘llaniladi va unga oid nizolar Qozog‘iston muassasalari vakolatiga kiradi. Biroq bu kvartira Aydosga nikohgacha meros sifatida o‘tgan va nikoh shartnomasiga ko‘ra ham uning shaxsiy mulki bo‘lib qolgan, shuning uchun u bo‘linadigan mulk tarkibiga kirmaydi.
Biroq bu konvensiyalarning ikkita muhim cheklovi bor. Birinchidan, ularda nikoh shartnomasi alohida tilga olinmagan va er-xotinga qo‘llaniladigan qonunni o‘zi tanlash huquqi berilmagan: qonun faqat yashash joyi, fuqarolik va mulk joylashgan joy kabi obyektiv mezonlar asosida aniqlanadi. Ikkinchidan, konvensiyalar faqat ularning ishtirokchisi bo‘lgan MDH davlatlari o‘rtasida amal qiladi. Agar yuqoridagi misolda Aydos Qozog‘iston emas, balki Germaniya yoki AQSh kabi O‘zbekiston bilan huquqiy yordam shartnomasi bo‘lmagan davlat fuqarosi bo‘lganida, vaziyat butunlay boshqacha bo‘lardi. Bu holda konvensiyalar qo‘llanilmaydi, Oila kodeksida esa mos norma yo‘q, shuning uchun sud qonun o‘xshashligiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi va natijani oldindan aniq aytib bo‘lmaydi. Ayniqsa er-xotin turli davlatlarda yashab qolgan yoki mulki bir necha davlatda joylashgan bo‘lsa, bir xil ish turli sudlarda turlicha hal qilinishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Bo‘shliqni bartaraf etishning eng to‘g‘ri yo‘li Oila kodeksining VIII bo‘limiga
er-xotinning mulkiy munosabatlari va nikoh shartnomasiga qo‘llaniladigan huquqni belgilovchi alohida modda kiritishdir. Bunda boshqa MDH davlatlari tajribasidan foydalanish mumkin. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Oila kodeksining 161-moddasiga ko‘ra,
er-xotinning shaxsiy va mulkiy munosabatlari ularning umumiy yashash joyi davlati qonuni bilan, bunday joy bo‘lmasa oxirgi umumiy yashash joyi davlati qonuni bilan tartibga solinadi. Umumiy fuqaroligi yoki umumiy yashash joyi bo‘lmagan er-xotinga esa nikoh shartnomasiga qo‘llaniladigan qonunni o‘zi tanlash huquqi beriladi. Agar ular qonun tanlamasa, shartnomaga yuqoridagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.
Chet el fuqarosi bilan oila qurayotganlar uchun amaliy maslahat: nikoh shartnomasini albatta notarial tartibda tuzing va unda qaysi davlat qonuni qo‘llanilishini yozib qo‘ying. To‘g‘ri, O‘zbekiston qonunchiligida ham, MDH konvensiyalarida ham bunday tanlov hozircha nazarda tutilmagan, lekin bu band tomonlarning irodasini aniq ko‘rsatadi va ko‘plab Yevropa davlatlari sudlarida tan olinadi. Ikkala davlatdagi mol-mulk ro‘yxatini ham shartnomaga ilova qilish foydali. Shartnoma MDHdan tashqaridagi davlatda ishlatiladigan bo‘lsa, unga o‘z vaqtida apostil qo‘yishni unutmang. Apostil 1961-yil 5-oktabrdagi Gaaga konvensiyasi asosida hujjatning boshqa davlatda konsullik legallashtiruvisiz tan olinishini ta’minlaydi, O‘zbekiston uchun bu konvensiya 2012-yil 15-apreldan amal qiladi. MDH davlatlarida esa Minsk va Kishinyov konvensiyalariga ko‘ra rasmiy hujjatlar apostilsiz ham qabul qilinadi.
Nikoh shartnomasi yangi g‘oya emas: uning izlari Mug‘ tog‘idagi 1300 yillik so‘g‘d hujjatlarida ham saqlangan. Bugun esa u xalqaro oilalarda er-xotin manfaatlarini himoya qilishning muhim vositasiga aylangan. Yevropa Ittifoqi bu masalani 2016/1103-sonli Reglament orqali hal qilgan bo‘lsa, MDH doirasida Minsk va Kishinyov konvensiyalari uni faqat qisman tartibga soladi. O‘zbekiston Oila kodeksida esa nikoh shartnomasiga qo‘llaniladigan huquq haqida hanuz norma yo‘q. Bu bo‘shliqni to‘ldirish chet ellik bilan oila qurgan minglab fuqarolarimizning mulkiy huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Marketing va buyurtmachilar bilan
aloqalar bo‘limi katta mutaxassisi
G‘ulomov Sardor Sunnat o‘g‘li


