+998 71 200 02 35

Toʼlovga qobiliyatsizlik alomatlari

21.11.2023 761

 Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirilishining huquqiy asoslaridan biri Oʼzbekiston Respublikasining “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Qonuni 2022 yil 12 aprelda qabul qilindi. Shu munosabat bilan Oʼzbekiston Respublikasining “Bankrotlik toʼgʼrisida”gi Qonuni oʼz kuchini yoʼqotdi.

 “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Qonuni bilan yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning toʼlovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.

Qonunning amal qilishi davlat muassasalariga va boshqa notijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklidagi faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxslar mustasnodir.

 Toʼlovga qobiliyatsizlik deganda, sud tomonidan eʼtirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari boʼyicha kreditorlar talablarini toʼla hajmda qanoatlantirishga va soliqlar hamda yigʼimlar boʼyicha oʼz majburiyatlarini toʼla hajmda bajarishga qarzdorning qodir emasligiga tushuniladi.

Toʼlovga qobiliyatsizlik qachonki, uning alomatlari boʼlgan taqdirda tan olishi mumkin. Toʼlovga qobiliyatsizlik vaqtinchalik va doimiy alomatlardan iborat boʼladi.

Vaqtincha toʼlovga qobiliyatsizlik — agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan boʼlsa, shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa, sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari boʼyicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va soliqlar hamda yigʼimlar boʼyicha oʼz majburiyatlarini bajarishga qodir emasligiga olib keladigan ushbu alomatlarda koʼrinadi.

Doimiy toʼlovga qobiliyatsizlik — agar sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan boʼlsa, oʼtgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan alomatlaridir.

Qayd etilgan qoidalar jismoniy shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorning toʼlovga qobiliyatsizligi toʼgʼrisidagi ishlar koʼrib chiqilayotganda qoʼllanilmaydi.

Bunda, qarzdor jismoniy shaxsning pul majburiyatlari boʼyicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va soliqlar hamda yigʼimlar boʼyicha oʼz majburiyatini toʼliq hajmda bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va toʼlov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan eʼtiboran uch oy ichida qarzdor jismoniy shaxs tomonidan bajarilmagan hamda qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etsa, qarzdor jismoniy shaxsning toʼlovga qobiliyatsizligi alomatlari hisoblanadi.

Аgarda, tegishli majburiyatlar va toʼlov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan eʼtiboran uch oy ichida qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan bajarilmasa hamda qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz baravarini tashkil etsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning pul majburiyatlari boʼyicha kreditorlar talablarini qanoatlantirish va soliqlar hamda yigʼimlar boʼyicha oʼz majburiyatlarini bajarish imkoniyati yoʼqligi qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning toʼlovga qobiliyatsiz ekanligining alomatlari boʼladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (OʼzR IPK) ning 3-moddasida “Har qanday manfaatdor shaxs oʼzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga shu kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli” deb koʼrsatilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Qonuniga koʼra qarzdor pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning oʼzi va kreditor ega.

Bundan kelib chiqadiki, qonunchilikka koʼra toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqish faqat iqtisodiy sudlarga taalluqli boʼlganligi tufayli, sud bunday ishlarni koʼrib chiqib hal qilishda iqtisodiy protsessual kodeksi bilan parallel ravishda toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisidagi qonunini ham birgalikda qoʼllaydi.

Bu esa, toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisidagi ishlarning oʼziga xos jihatlari boʼlib koʼrinadi.

Аriza bilan sudga murojaat qilgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar qarzdor va kreditor toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqidagi arizada qarzdorning toʼlov qobiliyatini tiklashga yoxud tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini qoʼllash zarurligini koʼrsatishi mumkin.

Bu holatda ishda ishtirok etuvchilar “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Qonuniga asosan kreditor va qarzdor maqomiga ega boʼlsa, OʼzR IPKga koʼra arizachi va manfaatdor shaxs boʼlib hisoblanadi.

Shunda oʼrinli savol tugʼilishi mumkin, sud bunday ishlarni koʼrib chiqishda ishtirok etuvchilarni qaysi maqomda koʼrsatishi mumkin. Аgarda, toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisidagi ish sud majlisida koʼrilayotgan jarayonida arizachi va manfaatdor shaxs boʼlib ishda ishtirok etishsa, sud hujjatlariga asosan toʼlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari joriy etilganda, kreditor va qarzdor maqomida toʼlovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) ishining ishtirokchilari boʼlib hisoblanadilar.

Qarzdor soliqlar va yigʼimlar boʼyicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning oʼzi, davlat soliq xizmati organlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʼlgan va pul majburiyatlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi oldida qarzi boʼlgan yuridik shaxslarga nisbatan toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisidagi ishlar boʼyicha vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari ega boʼladi.

Qayd etilganidek, “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Qonunning 5-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan alomatlar mavjud boʼlganda qarzdor toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.

Shuningdek, qarzdor yuridik shaxs oʼz muassislarining (ishtirokchilarining) yoki mol-mulki egasining qarori yoxud mol-mulkining egasi tomonidan vakil qilingan organning qarori asosida qarzdorga nisbatan toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etadi.

 “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Qonunida shunday holatlarda, yaʼni qarzdor yuridik shaxsning rahbari, qarzdor jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor qarzdorga nisbatan toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqida ariza bilan sudga murojaat etishi shartligi belgilangan.

Bular quyidagi holatlardan iborat:

bir yoki bir nechta kreditorlarning talablarini qanoatlantirish qarzdorning boshqa kreditorlar oldidagi pul majburiyatlarini va soliqlar hamda yigʼimlar boʼyicha oʼz majburiyatlarini toʼliq hajmda bajarishini imkonsiz qilib qoʼyishga olib keladigan boʼlsa;

qarzdorning taʼsis hujjatlariga muvofiq qarzdorni tugatish toʼgʼrisida qaror qabul qilishga vakolatli boʼlgan organ tomonidan qarzdorni tugatish toʼgʼrisida ariza bilan sudga murojaat etish haqida qaror qabul qilingan boʼlsa;

qarzdor unitar korxona mol-mulkining egasi vakolat bergan organ tomonidan qarzdorning arizasi bilan sudga murojaat etish toʼgʼrisida qaror qabul qilingan boʼlsa;

qarzdorning mol-mulkiga qaratilgan undiruv qarzdorning xoʼjalik faoliyatini imkonsiz qilib qoʼyishi yoki boshqa kreditorlar talablari qanoatlantirilmasligiga olib kelishi mumkin boʼlsa.

Аgar yuridik shaxs tugatilayotganda kreditorlarning talablarini toʼliq hajmda qanoatlantirish imkonsizligi aniqlangan boʼlsa, tugatish komissiyasi yoki tugatuvchi sudga qarzdorga nisbatan toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqida ariza bilan murojaat etishi shart.

Qarzdorning, tugatish komissiyasining yoki tugatuvchining arizasi bir yoki bir nechta kreditorlarning talablarini qanoatlantirish qarzdorning boshqa kreditorlar oldidagi pul majburiyatlarini va soliqlar hamda yigʼimlar boʼyicha oʼz majburiyatlarini toʼliq hajmda bajarishini imkonsiz qilib qoʼyishga olib keladigan va qarzdorning taʼsis hujjatlariga muvofiq qarzdorni tugatish toʼgʼrisida qaror qabul qilishga vakolatli boʼlgan organ tomonidan qarzdorni tugatish toʼgʼrisida ariza bilan sudga murojaat etish haqida qaror qabul qilingan holatlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay sudga yuborilishi kerak.

Bundan tashqari toʼlovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati organlari, davlat statistika organlari vakolatli davlat organiga ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʼlgan korxonalar haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishi, shuningdek vakolatli davlat organining soʼroviga koʼra korxonalarning iqtisodiy qodirligi toʼgʼrisidagi boshqa maʼlumotlarni taqdim etishi shart.

Shuningdek, qarzdorning rahbari, tugatish komissiyasi aʼzolari yoki tugatuvchi tomonidan sudga qarzdorga nisbatan toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatish haqida ariza taqdim etilmaganligi tufayli qarzdorning yuzaga kelgan pul majburiyatlari va soliqlar hamda yigʼimlar boʼyicha majburiyatlari qarzdor rahbarining, tugatish komissiyasi aʼzolarining yoki tugatuvchining subsidiar javobgarligiga sabab boʼladi.

Umuman olganda, “Toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida”gi Qonunida koʼrsatib oʼtilgan toʼlovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud boʼlganda, bunday ariza bilan iqtisodiy sudlarga murojaat qilinadi va ish yuzasidan hech qanday nizolashishga asoslar mavjud boʼlmaydi. Аgarda, bunday alomatlar boʼlmagan taqdirda toʼlovga qobiliyatsizlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatilsa, bunday hollarda nizo vujudga kelishi mumkin. Shu sababli, bunday ishlarning yana bir jihati ularning nizosiz va nizoli koʼrinishda boʼlishidir.

 

Nasullaev Mubin

Yuristlar malakasini oshirish

Markazi dotsenti