Dunyodagi globallashuvi jarayonida sog‘liqqа bo‘lgаn huquq bir qator xalqaro hujjatlarda, birinchi navbatda JSST Nizomida, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha xalqaro Paktda, shuningdek BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida mustahkamlangan insonning asosiy ajralmas ijtimoiy huquqlaridan biriga aylandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi a‘zo bo‘lgan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12-moddasi imperativ norma bo‘lib, sog‘liqqа bo‘lgаn huquqni ham davlat, ham xalqaro miqyosda samarali amalga oshirish majburiyatini yuklaydi. Sog‘liqqа bo‘lgаn huquq – insonning asosiy ajralmas huquqi bo‘lib, har bir shaxsga salomatliking eng yuqori darajasiga ega bo‘lishiga imkon beradigan davlat tomonidan yaratilgan sharoitlardan teng va samarali foydalanish huquqi bo‘lib, mavjudlik, maqbullik, tenglik va adolat kabi tarkibiy qismlardan tashkil topgan somatik inson huquqlaridir. Sog‘liqqа bo‘lgаn huquq nafaqat bemorni, balkim xar bir insonni huquqlari qatoriga kiradi. Bemor – bu sog‘lig‘i holatidan qat‘i nazar, tibbiy va farmatsevtika xizmatlarining barcha turlaridan foydalanish, tibbiy yordam olish, shuningdek, qonun doirasida biotibbiyot tajribalarida ishtirok etish uchun tibbiy muassasa yoki alohida tibbiyot xodimi bilan huquqiy va ijtimoiy munosabatlarga kirishgan har qanday shaxs va uning huquqlari qat‘iy individual yo’naltirilganligi bilan tavsiflanadi. Inson huquqlari esa bemor huquqlaridan ancha kengdir.
O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha maqsadli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, eng asosiy xalqaro standartlarni o‘z ichiga olgan 2023-yil 1-mayda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada aks ettirilgan inson huquqlari kafolatlarini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi UP-60 «2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosiga ma‘lum darajada xizmat qiladi. Shu qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5590-son farmoni, shu asosda qabul qilingan «2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi», O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, 05.05.2021 yildagi PF-6221-son «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi «Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-140-son qarorini samarali bajarishga shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shubhasizki, sog‘liqqа bo‘lgаn huquq sohasida xalqaro-huquqiy standartlarni joriy etgan holda, takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Undan tashqari, sog‘liqni saqlashning asosiy ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik determinantlarini ta‘minlash bo‘yicha davlat dasturlari doirasida javobgarlikni va e‘tiborini kuchaytirish, tengsizlik va diskriminatsiya natijasida yuzaga keladigan, insonning sog‘liqqа bo‘lgаn huquqlarini har tomonlama to‘liq amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaydigan bir qator tarkibiy to‘siqlarni engib o‘tish joiz.
DMED — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining yagona raqamli tibbiyot tizimi bo‘lib, bemorlarning elektron tibbiy kartalarini yuritish, shifokor qabuliga yozilish, elektron retseptlar va tahlil natijalarini boshqarishni optimallashtiradi. Tizim tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va shifoxonalar ishini raqamlashtirishga qaratilgan. Ushbu tizim raqamli savodxonlikni ta‘minlash va raqamli tafovutlarni bartaraf etish zarurligiga alohida e‘tibor qaratgan holda, sog‘liqqа bo‘lgаn huquq va boshqa davlat xizmatlari sohasida arzon va inklyuziv ta‘limni global miqyosda ta‘minlashga ko‘maklashish vositalaridan biri sifatida onlayn internetga kirishni rag‘batlantirish bo‘yicha sa‘y-harakatlarni davom ettirish va mustahkamlashga qaratilgan.
Sog‘liqqа bo‘lgаn huquqni tartibga soluvchi xalqaro hujjatlarda sog‘liqqа bo‘lgаn huquq quyidagilar bilan ham ifodalanadi:
1). aholi salomatligini belgilovchi omillar, y‘ani sog‘lom turmush tarzini olib borishga yordam beradigan keng ko‘lamli davlat tomonidan yaratiladigan shart-sharoitlar,
2). inson erkinliklari,
3). xalqaro va milliy tibbiyot qonunlari bilan tartibga solinadigan muayyan huquqlardan foydalanish imkoniyati;
Sog‘liqqа bo‘lgаn huquq – insonning ajralmas huquq va erkinliklariga (yashash huquqi; bemor bilan kelishilmagan davolanishdan ozod bo‘lish huquqi va boshqalar) kiradi.
Shu bilan birga, sog‘liqqа bo‘lgаn huquqning maqsad va vazifalari global xarakterga ega va bemorlarning huquqlari individual xarakterga ega va sog‘liqqа bo‘lgаn huquqining asosiy sub‘ektlaridan biri bu aholi, bemor huquqlari esa, sog‘liqqа bo‘lgаn huquqdan farqli o‘laroq, normalari shaxsga qaratilgan.
Yana bir muhim masala – favqulodda vaziyatlarda cheklovchi choralar ko‘rilganida davlatlarning o‘z majburiyatlarini samarali bajarishi, xalqaro huquq doirasidagi xalqaro majburiyatlariga muvofiq inson huquqlari, insonning haqqoniy ma‘lumot olish huquqini cheklamasdan, internetga ma‘lumot manbai va davlat xizmatlaridan, shu jumladan sog‘liqni saqlash va telemeditsina xizmatlaridan samarali foydalanish vositasi sifatida kirishni ta‘minlash muhim. mamlakatda maxsus vaziyat (fors-major, epidemiya, pandemiya va boshqalar) paydo bo‘lishi munosabati bilan hukumat tomonidan cheklov choralari – insonning muayyan konstitutsiyaviy huquqlaridan voz kechish haqiqatan ham zarur va mutanosib va vaqtinchalik, eng muhimi – inson hayoti va qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan bo‘lishi kerak.
Masalan, favqulodda vaziyatlar davrida dorivor vositalarning etishmasligi insonning fundamental sog‘liqqа bo‘lgаn huquqlarini, masalan, mavjudlik, kamsitmaslik, yashash huquqi buzilishiga olib kelishi aniqlandi. Shunda, «Dorivor vositalarini majburiy litsenziyalash» zarur davlat chorasi sifatida qabul qilishni faqat favqulodda vaziyat yoki mamlakatda o‘ta zarurat tug‘ilganda qo‘llash mumkinligi maslasini ko’rib chiqish kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Аholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksini tezroq qabul qilish kerak deb hisoblaymiz. Shunda sog‘liqqа bo‘lgаn huquqni yangi kodeksda aks ettirilishi shart deb bilamiz, chunki, mazkur konsepsiyaning milliy qonunchilikka kiritilishi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt (12-modda) va boshqa inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni samarali bajarishga xizmat qiladi, bu esa Yangi O‘zbekistonimizni nufuzini yanada oshirishga yordam beradi.
G‘afurova Nozimaxon Eldarovna.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirliligi huzuridagi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini
oshirish instituti professori
+998958703242


