+998 55 518 57 77

OʻZBEKISTONDA INTELLEKTUAL MULK HUQUQINI TAʼMINLASHGA OID AYRIM MАСАЛАЛАР

31.03.2026 79

Bugungi kunda intellektual mulk davlat va jamiyat uchun katta ahamiyatga ega soha ekanligi kundek ravshan. Zero intellektual mulkka boʻlgan huquq boshqa mulk qatori tan olinib, daromad keltiradigan manba sifatida koʻrib chiqilmoqda. Bu hozirgi kunda bilim, innovatsiya va ijodiy natijalarga investitsiyalarni jalb qilishga ham yordam beradi. Jumladan, rivojlangan mamlakatlarda intellektual mulk innovatsion iqtisodiyotning asosi boʻlib bormoqda. Masalan, AQSHda soʻnggi besh yil ichida ichki iqtisodiy faoliyat yoki ishlab chiqarish hajmining 40 foizdan ortigʻi intellektual mulk obyektlaridan intensiv foydalangan kompaniyalar hisobiga toʻgʻri keldi.

Intellektual mulk, xususan tovar belgilari (brendlar) kompaniyalarga mashhur boʻlishga va daromadlarini oshirishga yordam beradi. Masalan, 2022-yil boshida “Apple” brendining qiymati 355 milliard, “Amazon”niki 350 milliard, “Google”niki 263 milliard, “Microsoft”niki esa 184 milliard dollarni tashkil etgan1. Shu sababli intellektual mulkni tan olish va himoya qilish mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga va innovatsion yondashuvlarni qoʻllashga imkon beradi.

Intellektual mulk huquqini fundamental negizi ijod erkinligiga borib taqaladi. Ijod erkinligi inson huquq va erkinliklarining tarkibiy qismi sifatida 1948 yildagi Inson huquqlari Butunjaxon deklaratsiyasi (27-modda) va 1966 yildagi Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida Pakt (15-modda) mazmunida ham o‘z ifodasini topgan.

Shunisi diqqatga sazovorki, xar ikkala xalqaro hujjatda xar bir inson o‘zi muallifi bo‘lgan ilmiy, adabiy yoki badiiy asarlar yuzasidan ma’naviy va moddiy manfaatlari ximoya qilinishi huquqiga egaligiga urg‘u beriladi1.

Xush, Oʻzbekistonda intellektual mulk sohasida huquqiy asoslar qay daraja shakllangan?

Bu sohada oʻziga hos mustahkam va bazaviy qonunchilik yaratilgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Eng avvalo, yangilangan Konstitutsiyamizning 41-moddasida har kim mulkdor boʻlishga haqli ekanligi mustahkamlangan. 53-moddada esa ilk bor intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, Bosh Qomusimizning 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlangan, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi.deb belgilangan.

Bu esa yangi intellektual mahsulot yoki ishlanma yaratgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bilan birga, insonning ijodiy va innovatsion faoliyatini himoya qilishni yetarli darajada kafolatlaydi.

Ayni chogʻda, intellektual mulkni bevosita tartibga solishga qaratilgan 8 ta Qonun va oʻndan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Fuqarolik kodeksining IV boʻlim intellektual mulkka bagʻishlangan.

Bundan tashqari, mazkur tarmoq yangi ishlanmalar, ijod namunalari, ixtirolar, foydali modellar, sanoat naʼmunalar, nou-xaular, dasturiy mahsulotlar va boshqalardan iborat boʻlib nafaqat fuqarolik qonunchiligi, balki koʻplab qonun osti hujjatlar bilan ham tartibga solinadi.

Intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini takomillashtirish bilan birga, uni huquqiy himoyasini mustahkamlash ham zarur ahamiyatga ega. Intellektual mulkni himoyalanganlik darajasi – qonun ustuvorligi va iqtisodiyot nuqtai nazaridan muhim sanaladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda oxirgi yillarda intellektual mulk himoyasini kuchaytirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Biroq, bu yo‘nalishdagi vazifalarni faqatgina maxsus vakolatli organ, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuklanishligi sohaga oid muammolardan kelib chiqqan holda bir qancha savoollarni o‘rtaga tashlamoqda.

Zero, jahonning barcha davlatlarida bu yo‘nalishdagi vakolatli organ faqat intellektual mulk muhofazasi, ya’ni yaratilgan ixtiro va ishlanmalarni ekspertiza va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib, ushbu ob’ektlardan noqonuniy foydalanishning oldini olish yoki bu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish uning vakolati doirasiga kirmaydi.

Adliya vazirligiga intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish yuzasidan ta’sirchan choralarni qo‘llash bilan bog‘liq bir qator vakolatlar berilgan.

Biroq fikrimizcha, bu kabi vakolatlar berilishi o‘z o‘rnida boshqa vakolatli organlarning (ichki ishlar, prokuratura, soliq) bu yo‘nalishdagi ishlarini kelgusida umuman yuritmasligiga olib kelishi mumkin. Shu sababli ham aynan intellektual mulk bo‘yicha mulk ob’ektlari egalari huquqlarini samarali himoya kilish mexanizmini takomillashtirish nuqtai nazaridan ushbu masalani ko‘rib chiqish lozim.

Xususan, bu yo‘nalishdagi xorijiy tajribaga nazar solsak, ichki ishlar, prokuratura (adliya) organlarida sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus bo‘linmalar faoliyat yuritadi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda va Jinoyat kodeksida intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni buzganlik uchun bir qator moddalarda javobgarlik belgilangan. Bu sohadagi tadqiqotchilar fikriga koʻra, xususan Sh.Xoʻjayev nazdida umuman olganda, intellektual mulk masalasida yaxshi qonunchilik bazasi shakllangan2.

Shu bilan birga, bu sohadagi mavjud muammolarni yanada samarali hal etish maqsadida, uning fikricha qonunchilikni bir qator yoʻnalishlarda takomillashtirish mumkin.

Avvalo, intellektual mulk sohasiga oid qonunchilik tarqoq va tizimsiz ekanligi sababli, uni tizimlashtirish va uygʻunlashtirish joiz. Biz, turli nomuvofiqliklar
va tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida qonunchilik normalarini oʻzaro uygʻunlashtirish va yaxlit qonunchilik tizimini yaratish uchun Intellektual mulk kodeksini ishlab chiqish va yaratish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Ayni chogʻda, eng asosiy qonunchilik hujjati – Fuqarolik kodeksini ham zamonaviy talablardan kelib chiqib, takomillashtirish maqsadga muvofiq. Bu masalada tadqiqotchi D.Anvarova Ishchi guruh tomonidan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksini ishlab chiqilyotgani, unda intelektual mulk huquqiga oid bir qator ijobiy oʻzgartirishlar kiritilayotganini qayd etadi2.

Jumladan, intellektual mulk huquqiga oid boʻlimiga quyidagi yangi normalar kiritildi:

birinchidan, intellektual mulk huquq tushunchasi kiritildi. Unda intellektual mulk mohiyati, asosiy belgilari, boshqa oʻxshash kategoriyalardan asosiy farqi oʻz ifodasini topgan boʻlib, ushbu normani shakllantirishda Ukraina Fuqarolik kodeksining 418-moddasi mazmunidan xorijiy tajriba sifatida foydalanilgan;

ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi, Iqtisodiy-ijtimoiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro Pakt normalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga asosan intellektual faoliyat erkinligi toʻgʻrisidagi norma kiritilib, unda intellektual faoliyat bilan shugʻullanish xar bir fuqaro huquq layoqatining ajralmas qismi ekanligi, har kimga ilmiy ijod erkinligi kafolatlanishi, ilmiy ijodiy fikrlarni toʻgʻriligi yoki notoʻgʻriligi oldindan belgilab qoʻyilishi mumkin emasligi, intellektual faoliyat va uning natijalariga afzallik berilishi belgilandi.

uchinchidan, intellektual mulk obyektlari turlari kengaytirildi. Xususan integral mikrosxemalar topologiyalari, tijorat siri, sunʼiy intellekt asosida faoliyat koʻrsatuvchi obyektlar, ratsionalizatorlik yechimlari, geografik koʻrsatkichlar kiritildi.

toʻrtinchidan, intellektual mulk huquqining subyektlari tushunchasi kiritildi. Intellektual mulk huquqi obyektining yaratuvchisi (yaratuvchilari) (muallif, ijrochi, ixtirochi va boshqalar) va qonun yoki shartnomaga muvofiq shaxsiy nomulkiy va (yoki) mulkiy huquqlar tegishli boʻlgan boshqa shaxslar intellektual mulk huquqining subyektlari hisoblanadi. Intellektual mulk obyektlari oʻzini yaratuvchilari, foydalanuvchilari boʻyicha farqlanadi. Yaratuvchilar mulkiy huquqlardan tashqari shaxsiy huquqlarga ega boʻladilar va alohida huquqiy maqom eʼtirof etiladi.

Mualliflikka boʻlgan huquq yaratuvchining asosiy huquqi hisoblanadi. Intellektual mulkning fuqarolik muomalasida boʻlishi bilan bogʻliq ravishda vujudga keladigan huquqiy munosabatlarning koʻpchilik ishtirokchilari oʻz huquq-majburiyatlari hajmi boʻyicha intellektual mulk huquqining subyekti sifatida maxsus eʼtirof etishga loyiq. Bu xorijiy davlatlar fuqarolik kodekslarida oʻz ifodasini topgan. Jumladan, Ukraina Fuqarolik kodeksi 421-moddasida bu toʻgʻrisida maxsus norma mavjud.

Albatta, D.Anvarovaning yangi FKga oid mazkur maʼlumotlarini ijobiy qabul qilish joiz. Biroq, shu oʻrinda, FK – bu fundamental qonunchilik manbasi ekanligini unutmaslik darkor. Shuning uchun, intellektual mulk huquqini himoyalashda alohida maxsus qonun hujjatlariga koʻproq urgʻu berish, shu jumladan “Intellektual mulk huquqini himoyalash toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqib, unda ayrim hanuzgacha tartibga solinmagan masalalarga huquqiy yechim topish maqsadga muvofiq.

Afsuski, Oʻzbekistonda intellektual mulkni tijoratlashtirish darajasi juda past.

Bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlarda intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish sohasida sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramasdan ushbu mahsulotlar savdosini tartibga solish bilan bog‘liq masalalarni etarli darajada aks ettirmagan.

Agar daromad olish ehtimoli unchalik katta bo‘lmaganida intellektual faoliyat natijalari hozirgi kungi darajada yaratilmagan va ular bilan bog‘liq faoliyat amalga oshirilmagan bo‘lar edi. Shu bois, intellektual faoliyat natijalari kerakli iqtisodiy samara berishi uchun ularni muhofaza qilish va tijoratlashtirish mexanizmlari talab qilinadi. Bundan tashqari, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish iqtisodiy munosabatlar va xalqaro savdo rivojiga to‘sqinlik qilmasligi lozim.

Darhaqiqat, intellektual mulkni tijoratlashtirish dolzarb masalalardan biridir. Mazkur masalani hal etishda jamiyatimizda intellektual mulkka nisbatan hurmat va ehtiromni shakllantirishimiz zarur. Bozor iqtisodiyoti sharoitida foyda keltirmaydigan mashgʻulot bilan shugʻullanish koʻpchilik uchun maʼqul emas. Shu sababli, fuqarolar va tadbirkorlar orasida intellektual mulkni tijoratlashtirish usullari va imkoniyatlari haqida targʻibot ishlarini olib borish, bu yoʻnalishda ularga amaliy yordam berish lozim.

Bundan tashqari, turli biznes qatlamlari va intellektual mulk egalari birlashtiradigan sanoat va innovatsion platforma va yarmarkalarni samarali yoʻlga qoʻyish lozim.

Taklif etilayotgan qonun intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni munosib ravishda qonun darajasida himoya qilishga xizmat qiladi. Intellektual mulk huquqining kuchli va samarali himoya qilinishi ilmiy-ijodiy va tijoriy faoliyatni ragʻbatlantirishga turtki boʻladi. Davlat nafaqat intellektual mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini tan oladi, balki himoya qiladi.

Demak, muallif yoki huquq egasi yangi intellektual mulk obyektlarini yaratishga qiziqadi, mahalliy tadbirkorlar oʻz brendini yaratishga manfaatdor boʻladi, o‘z navbatida intellektual mulk egasi oʻzi yaratgan mahsulotidan foyda olishi ham mumkin.

Misol uchun, ushbu Qonunda mualliflar va intellektual mulk egalari huquqlarini samarali himoya qiluvchi mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini tartibga solish lozim. Bundan tashqari, ushbu Qonunda bojxona tekshiruvida “ex officio” tartibini kiritish maqsadga muvofiq. Mazkur tartib intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni buzadigan tovarlarni mamlakat hududiga olib kirilishini oldini olishga xizmat qiladi.

Ayni damda, axborot-texnologiyalari rivojlanishini inobatga olib, yangi vujudga kelayotgan obyektlar (raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, kriptoaktivlar)ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi intellektual mulk siyosatini belgilash va amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tabiiyki, Internet zamonida yashar ekanmiz, intellektual mulk obyektlarini halqaro hamkorlikni lozim darajada oʻrnatmay turib, samarali himoyalash, qariyb imkonsiz. Shuning uchun, bu sohaga ilgʻor xalqaro tajribani implementatsiya qilishni davom ettirish lozim.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Madrid bitimiga bayonnoma (1989-yil 27-iyun) va Patent kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi shartnoma (Vashington, 1970-yil 19-iyun)larning ishtirokchisi hisoblanadi. Ushbu xalqaro shartnomalar doirasida huquqiy muhofaza (tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, ixtirolar) Oʻzbekiston hududida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish orqali beriladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, intellektual mulk instituti ma’lum bir davr mobaynida nafaqat fanni, balki u bilan bog‘liq bo‘lgan barcha sohalarni, masalan, sanoatni ham rag‘batlantirish vositasi hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, umuman davlatning iqtisodiy rivojlanishini yanada tezlashtiradi.

Shu sababli, intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish masalasi nihoyatda muhim va dolzarb vazifa bo‘lib kelgan va kelmoqda. Dastlab, mazkur masala faqat har bir davlat doirasida alohida huquqiy jihatdan tartibga solindi. Keyinchalik bir qator davlatlar intellektual mulk huquqlarini ikki tomonlama shartnomalar tuzish yo‘li bilan xalqaro miqyosda himoya qilishni tartibga solishga harakat qildi. Shu jumladan, 1886 yilga qadar G‘arbiy Yevropa va Amerikaning 15 ta davlati o‘rtasida 33 ta shunday ikki tomonlama shartnomalar tuzildi

Intellektual mulk huquqlari sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy me’yori sifatida ko‘p tomonlama savdo bo‘yicha xalqaro muzokaralarning Urugvay raundida 1994 yil 15 aprelda qabul qilingan Intellektual mulkning savdo jihatlariga oid bitimi (keyingi o‘rinlarda – TRIPS) hal qiluvchi omil bo‘ldi.

Qayd etish kerakki, hozirda O‘zbekiston uzoq yillik tanaffusdan keyin JSTga kirish bo‘yicha ishlarni yana tikladi. TRIPS bitimining asosiy mohiyati intellektual mulk himoyasi masalasiga bag‘ishlanganligi bilan xarakterlanadi. Agarda biz BIMT tomonidan ma’muriy boshqariladigan xalqaro hujjatlarni ko‘radigan bo‘lsak, unda asosiy jihat huquqiy muhofaza (ro‘yxatdan o‘tkazish) bilan jihatlarga qaratilgan.

Sh.Xoʻjayev qayd etganidek, Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish jarayonida tashkilotning Intellektual mulk huquqining savdo aspektlari boʻyicha bitim (TRIPS) normalari va tamoyillarini Oʻzbekiston qonunchiligiga joriy etish muvofiqligini tahlil qilish zarur.

TRIPS xalqaro shartnoma boʻlib, JSTni tashkil etish haqidagi hujjatlar toifasiga kiradi. Geografik koʻrsatkichlar bilan bogʻliq masalalarni tartibga soladigan qonunlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Azarbayjon, Armaniston, Belarusiya, Gruziya, Kozogʻiston, Moldova, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarda qabul qilingan.

Albatta, xalqaro shartnomalarga qo‘shilish orqali bu yo‘nalishdagi munosabatlarni mustahkamlash va shu orqali mahalliy ixtirochi va mualliflar huquqlarini himoya qilish tamoyili ham muhim jarayon sanaladi.

Biroq birinchi navbatda mamlakatdagi ijtimoiy muhit, intellektual mulkka bo‘lgan munosabat va boshqa jihatlar ham yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni tahlil qilishda muhim o‘rin tutadi.

Shu bilan birga, intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish (ma’muriy yoki jinoiy) eng oxirgi chora sifatida ko‘rilishi kerak deb o‘ylaymiz. Bungacha bo‘lgan jarayonlarda muallif va huquq egalarining mutlaq huquqlari doirasini hamda istisnolar va cheklovlar normalarini aniq belgilash, jamiyatning huquqiy madaniyatini oshirish, intellektual mulk ob’ektlari ekspertizasi muddatlari va huquqiy muhofza olish jarayonlarini soddalashtirish kabi jihatlarini o‘rganish lozim.

Agarda biz BIMT tomonidan boshqariladigan sohadagi asosiy xalqaro hujjatlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularda ijodiy tafakkur mahsulotlarini huquqiy muhofazasi jarayonlari qamrab olingan bo‘lsa, JSTning TRIPS bitimida esa aynan ushbu huquq va vakolatlarni himoya qilish jihatlariga keng urg‘u berilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Shu sababli ham ushbu bitimni imzolash jarayonida davlatlardan intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoyasini kuchaytirish talab etiladi. Xususan, O‘zbekiston qonunchiligi bilan TRIPS bitimi normalari solishtirilganda, asosiy e’tibor tovar belgisidan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik, aybdor deb topilayotgan shaxs tomonidan o‘zining aybsizligini isbotlab berish majburiyati, bojxona qonunchiligiga ex officio tizimini joriy etish, huquq egasi tomonidan kelgusida kelib chiqishi lozim bo‘lgan salbiy holatlar uchun e’tiroz bildirish tartibi kabi jihatlarga e’tibor qaratilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Xulosa qiladigan boʻlsak, intellektual mulk nafaqa ilm-fan va texnologik taraqqiyotga hissa qoʻshadi, yangiliklar va innovatsiyalarni joriy etilishiga xizmat qiladi. Intellektual mulk – bu bugungi kunda sezilarli tijoriy farovonlik vositasi boʻlib, uning davlat tomonidan himoyalanishi, albatta, fuqarolar va davlatning munosib darajada rivoj topishi, boyishiga hissa qoʻshadi.

Demak, zamonaviy globallashuv jarayonida aynan intellektual mulk himoyasini toʻgʻri va oqilona tashkil etish – mamlakat taraqqiyotining muhim omili sanaladi. Zotan, intellektual mulk siyosati jamiyat va davlatning qariyb barcha jabhalarida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Javlonbek Jo‘rayev

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish

instituti katta o‘qituvchisi