+998 71 200 02 35

O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasining ahamiyati (2022 - 2026 yillarda )

09.11.2023 877

Mamlakatimizni 2017 - 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish, sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga o‘z vaqtida chora ko‘rish, mualliflarning va boshqa ijodkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xorijiy kompaniyalarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish kabi yo‘nalishlarda bir qator masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalari va innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, mintaqaviy brendlarni yaratish, kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda hamda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, bugungi kunda internet tarmog‘i keng rivojlanganligi, amaliyotda ko‘plab yuzaga kelayotgan aqliy mehnatni muhofaza qilishga oid muammolar va murojaatlardan kelib chiqib 2022-yil 26-aprelda PQ-221-son O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan “2022 - 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi” qabul qilindi.

Intellektual faoliyat natijalarini qo‘llash orqali iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy axborot-innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy qilish O‘zbekiston Respublikasini jadal rivojlantirishning muhim shartlaridan biri sanaladi.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda mamlakatimizning jahon bozorida mustahkam o‘rin egallashi va rivojlangan davlatlar darajasiga erishishi yo‘lida dadil qadamlar tashlash uchun islohotlarni zamonaviy innovatsion g‘oyalar, ixtirolar va mashhur mintaqaviy brendlar yaratilishiga asoslangan holda amalga oshirish talab etiladi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar intellektual faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or intellektual faoliyat natijalarini qo‘llash orqali ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, intellektual mulk obyektlari qo‘llangan mahsulotlar hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda o‘z nomiga (brendiga) ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini ko‘rsatdi. Xususan:

intellektual mulk obyektlarini ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilish ko‘rsatkichlari juda past;

aholi va tadbirkorlik subyektlari intellektual mulk sohasi bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega emas;

xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘z faoliyatiga intellektual faoliyat natijalarini joriy qilishdan manfaatdor emas;

ixtirochilar va novatorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmagan;

intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasini ta’minlash uchun mas’ul vazirlik va idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan, ilmiy-tadqiqot muassasalari va laboratoriyalarining intellektual mulk sohasi bilan bog‘liq faoliyati yetarli darajada muvofiqlashtirilmagan;

ilmiy ishlanmalarni fuqarolik muomalasiga kiritish ko‘rsatkichlari past;

“IP Management” (intellektual mulkni boshqarish) sohasida intellektual mulk obyektlarini rivojlantirish va ularning transferi bilan faol shug‘ullanuvchi yuqori malakali mutaxassislar yetishmaydi;

Qayd etilgan kamchiliklar mamlakatimizda intellektual mulk sohasining jadal rivojlanishiga, jahon bozorlarida O‘zbekiston nomini ifoda qiluvchi mahsulotlar eksporti hajmining ortishiga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, iqtisodiyotning o‘sishiga hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan 2022 - 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda Strategiya) qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan tashkil topgan:

intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish;

intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

intellektual mulk obyektlarini yaratish va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini yanada takomillashtirish;

intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish tizimini takomillashtirish;

intellektual mulk bilan bog‘liq munosabatlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish va takomillashtirish;

jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va aholining huquqiy madaniyatini oshirish;

intellektual mulk sohasidagi xalqaro standartlarni implementatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Yuqorida keltirilgan yo‘nalishlarni amalga oshirish yo‘lida bir qancha vazifalar belgilab olingan jumladan, butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) ko‘magida respublikada mualliflik huquqini internetda himoya qilish bo‘yicha “WIPO Alert” onlayn platformasidan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini tartibga soluvchi ma’muriy reglamentlarni ishlab chiqish, globallashuv va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini hisobga olgan holda, internet makonida intellektual faoliyat natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning o‘ziga xosliklarini aks ettiruvchi jihatlardan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olishga qaratilgan real choralarni ko‘rish, aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun to‘lov-shartnoma asosida o‘z intellektual mulk obyektlarini yuqori daromad keltiruvchi vositaga aylantirishga ko‘maklashuvchi “IP Management” (Intellektual mulkni boshqarish) o‘quv kurslarini tashkil qilish, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini tahliliy o‘rganish, ularni mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni tom ma’noda himoya qiluvchi tashkilotlarga aylantirish choralarini ko‘rish, umumiy o‘rta ta’lim va kasb-hunar maktablari o‘quvchi-talabalarida intellektual faoliyat natijalarini hurmat qilish hamda ixtirochilik va novatorlik xislatlarini shakllantirish maqsadida intellektual mulk sohasiga oid fan dasturlarini takomillashtirish kabi bir qator vazifa va chora-tadbirlar belgilab olingan.

Xulosa o‘rnida, “Intellektual mulkning samarali huquqiy muhofazasidan - kuchli huquqiy himoyasi sari” tamoyili asosida intellektual mulkni jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantiruvchi asosiy drayverga aylantirish orqali O‘zbekistonni ilmiy-texnikaviy va ixtirochilik jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiritish hamda mintaqaviy brendlarni hududlarni har tomonlama rivojlantiruvchi vosita sifatida yuzaga chiqarish mumkin. “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq intellektual mulk sohasi bo‘yicha qonunchilikda mavjud bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf qilish, ilg‘or jahon tajribasi asosida uni doimiy takomillashtirib borish, respublikada amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida intellektual mulk sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatidagi bir-birini takrorlovchi vazifa va funksiyalarni bartaraf qilish orqali takomillashtirish, intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish jarayonlarini zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda muntazam takomillashtirib borish va intellektual mulk obyektlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlash intellektual mulk obyektlarining ta’sirchan huquqiy mexanizm bilan himoya qilinishini ta’minlash intellektual mulk sohasini byurokratiyadan holi qilish maqsadida zamonaviy axborotkommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali to‘liq raqamlashtirish, fuqarolar  va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulkka bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha innovatsion usullarni qo‘llagan holda manzilli targ‘ibot tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish intellektual mulk sohasi bo‘yicha global integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etishi intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.

 Fan, innovatsiyalar va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i Sh.Xasanov