+998 71 200 02 35

Ona bayrogʻim 30 yoshda!

16.11.2021 2160

Bayroq har bir davlatning yuzi hisoblanadi. Bayroq orqali oʼsha davlatning tarixi, oʼtmishi va timsollarini koʼrishimish mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 5-moddasida Oʼzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʼz davlat ramzlari — bayrogʼi, gerbi va madhiyasiga ega, deb belgilab qoʼyilgan.

“Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼi toʼgʼrisida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʼtkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.

Prezidentimiz rahbarligidagi xorijiy davlatlardagi davlat delegatsiyalarining qabulida, shuningdek, Oʼzbekistonda xorijiy davlat delegatsiyalarining qabulida Oʼzbekiston bayrogʼi koʼtariladi. Davlat bayrogʼi Prezident qarorgohi, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (Parlament) binosi tomiga oʼrnatiladi. Shuningdek, musobaqa sovrindorlari boʼlgan oʼzbekistonlik sportchilar poydevorga kirganda turli xil jahon musobaqalarida Oʼzbekiston Respublikasining bayrogʼi koʼtariladi. Davlat bayrogʼi mamlakatimiz sport musobaqalarida odatda hamma ishtirokida koʼtariladi va mazkur musobaqa tugagach uni qayta joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bayroq odatda toza va ozoda saqlanishi talab etiladi. Bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish qonun bilan taqiqlanadi.

Davlat bayrogʼi va uning ramzi bugungi Oʼzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʼlgan davlatlar bilan tarixan bogʼliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʼzida mujassamlashtiradi.

Oʼzbekiston Respublikasi bayrogʼidagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, tarixdan ham maʼlumki, Аmir Temur davlati bayrogʼining rangi ham moviy rangda edi.

Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʼlib, u kun charogʼonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʼunlashib ketadi. Oq rang – poklik, begʼuborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki goʼzallikka intilishning timsoli.

Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʼpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.

Qizil chiziqlar – vujudimizda joʼshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.

Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʼliqdir. Yulduzlar barcha uchun ilohiy timsol sanalgan. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʼn ikki yulduzga boʼlgan eʼtiborimiz Oʼzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

Davlat bayrogʼimizdagi 12 yulduz tasvirini oʼzbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, oʼz tuprogʼida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.

Аslida vatanparvarlar insonlar bayroqni eʼzozlashi, ardoqlashi orqali vatanga boʼlgan munosabatini bildirib turadi.

Bugun Vatanimiz bayrogʼi ozod yurt uzra hilpirab turibdi. U bizni yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqi yoʼlida birlashtirib, mamlakatimiz mustaqilligini hamisha koʼz qorachigʼiday asrashga, buyuk ajdodlarga munosib voris boʼlishga, yuksak ishonch va qatʼiyat bilan kelajakka qadam tashlashga daʼvat etib turibdi. Davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiyamizda buyuk oʼtmish va yuksak madaniyatga ega boʼlgan xalqimizning shon-sharafi, gʼururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va kelajak sari intilishlari mujassamdir. Mana shu ramzlarni eʼzozlash orqali biz oʼz qadr-qimmatini, oʼz mamlakatimiz istiqboli, demakki oʼzimizga boʼlgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. Oʼz mamlakati bilan faxrlanadigan inson esa hamisha millatga saodat baxsh etadigan ulugʼ ishlarga qodir boʼladi.

Eslayman, hali yosh bola edim, mustaqillikning dastlabki yillarida Yaponiyaning Xirosima shahrida boʼlib oʼtgan Osiyo oʼyinlarida – futbol boʼyicha boʼlib oʼtgan oʼyinlarda Oʼzbekiston terma jamoasi birinchi oʼrinni qoʼlga kiritgan edi. Xirosima maydonlari oʼshanda birinchi marta Oʼzbekiston bayrogʼini oʼz koʼzlari bilan koʼrgan edi. Oʼshanda vatanimiz sportchilari oʼz qoʼllariga bayroqlarini olib yugurishlari gʼoliblikning ikki karra xis etganlarini bildiradi. Kuzda boʼlib oʼtgan mazkur musobaqa gʼoliblariga davlat madhiyasi yangradi va Oʼzbekiston sharafiga uzoq Yaponiya tomondan bayrogʼimiz eng yuqoriga koʼtarildi.

Bayrogʼimiz taqdiri nafaqat Yaponiyada balki yaqin tarimizda boʼlib oʼtgan Braziliya mezbonligida oʼtgan Olimpiyada musobaqalarida ham takrorlandi. Boks musobaqalaridan qalbimizda gʼurur va iftixor paydo boʼldi. Bayrogʼimiz hozirda bir qator jahon arenalarida hirpirab turibdi.

         Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. Oʼzbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʼzida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga gʼurur, faxr va iftixor bagʼishlaydi. Shu bois, bayrogʼimiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruxan joʼshqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda gʼurur va buyuk istiqbolga ishonch tuygʼusini his etamiz.

         Bugun milliy bayrogʼimiz davlat idora va muassasalari, oʼquv yurtlari, Oʼzbekiston aʼzo boʼlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz aʼzolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrogʼimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʼururini yorqin aks ettirmoqda. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida gʼalaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrogʼi baland koʼtarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan gʼururlanamiz. Xulosa oʼrnida aytish lozimki, davlatimiz bayrogʼi tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʼ kelajagimizga boʼlgan ishonchimiz timsolidir.

         Hulosa qilib shuni aytish mumkinki, davlat ramzlariga boʼlgan hurmat hammaning yuragida shakllanishi kerak. Ramzlarimizga boʼlgan hurmat avvalo oʼzimizga boʼlgan hurmatni anglatadi. Oʼzni hurmat qilgan odam hech qachon vataniga xiyonat qilmaydi deb hisoblayman.

Usmonov Vosid Muxammadiyevich

Yuristlar malakasini oshirish markazi

Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi

oʼqituvchisi yu.f.f.d., (PhD)