O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan 3 yil o‘tib o‘zining Milliy valyutasi – so‘mga ega bo‘lgan. Shu kungacha ushbu valyuta muomala vositasi sifatida foydalaniladi. Lekin, shu vaqtgacha so‘m qiymatida chiqqan bir qancha birliklar muomaladan chiqarilgan. Xo‘sh, o‘zi banknotlar nega muomaladan chiqadi?
Ma’lumki, 1997-yil namunasidagi 200 so‘mlik, 1999-yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 2020-yil 1-iyuldan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotdi (Adliya vazirligida 2018-yil 19-mayda 3014-son bilan ro‘yxatga olingan nizomga asosan).
Xabaringiz bor, 2020 yil 1 martdan 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatidagi tanga va banknotlar muomaladan chiqarildi. Bu holatning sababini Markaziy bank mutaxassisi quyidagicha izohlab berdi: Markaziy bankning 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi banknot va tangalarini muomaladan qaytarib olish muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda tangalarning asosan 4-5 xil nominali, banknotlarning 5-6 xil nominali muomalada bo‘lsa, O‘zbekistonda esa bugungi kunga qadar muomalada rasman 14 ta (1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 50 so‘m, 100 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m) nominaldagi tangalar, 12 ta (1 so‘m, 3 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m, 1000 so‘m, 5000 so‘m, 10 000 so‘m, 50 000 so‘m, 100 000 so‘m) nominaldagi banknotlar mavjud.
Ma’lumot uchun: 2019-yilning 1-iyulidan 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlar muomaladan chiqarildi. 2020-yilning 1-iyulidan boshlab 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotadi. Shuningdek, butun dunyoda amal qilinadigan muomaladagi pul belgilarining nominal qatorini belgilash nazariyasiga ko‘ra, eng kichik nominaldagi pul belgisi (asosan tanga ko‘rinishida) o‘rtacha kunlik ish haqining mingdan bir qismini tashkil etishi lozim. Mazkur hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu nisbat 85,2 ni tashkil etadi (Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil yakunida o‘rtacha oylik hisoblangan ish haqi – 2 324,5 ming so‘m, daromad solig‘i chegirilganda 2 045,6 ming so‘m). Shunga ko‘ra, respublikamizda naqd puldagi hisob-kitoblar uchun eng kichik nominaldagi pul belgisining 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolishi yuqoridagi nazariyaga asoslangan. Bundan tashqari, 1994-2001 yillarda muomalaga kiritilgan 25 so‘mlik va undan kichik nominaldagi tangalar hamda banknotlar mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar, narxlar o‘zgarishi kabi omillar ta’sirida tabiiy ravishda muomaladan chiqib ketgan bo‘lib, bugungi kunda naqd puldagi to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayapti. Ushbu nominal qiymatdagi pul belgilariga talab bo‘lmaganligi sababli, 2006-yildan buyon Markaziy bank tomonidan ham bunday qiymatdagi tangalar zarb qilinmayapti va banknotlar bosib chiqarilmayapti. Shunday qilib, Markaziy bankning 2019-yil sentyabr oyida qabul qilgan tegishli nizomiga ko‘ra, 25 so‘m va undan kichik qiymatdagi eski namunadagi tangalar va banknotlar 2020-yil 1-martdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi va ularni ayirboshlash 2021-yil 1-yanvargacha davom etadi. Jahon amaliyotida ham ayrim pul belgilarni nulifikatsiya qilish – qiymatini yo‘qotish amaliyoti qo‘llaniladi. Misol uchun, amalda to‘lov qobiliyatini va qadrini yo‘qotgan mayda qiymatdagi pul belgilarini muomaladan qaytarib olish, yaxlitlash kabi jarayonlar 2003, 2004, 2013, 2015-yillarda Belorusda, 2001-yilda Qozog‘istonda, 2011-yilda esa Qirg‘izistonda amalga oshirilgan. Shuningdek, Kanada, Ukraina hamda Yevrohududdagi Finlyandiya, Irlandiya, Niderlandiya, Belgiya kabi davlatlarda ham naqd pullar tarkibini optimallashtirishda kichik nominaldagi pul belgilarini yaxlitlash borasida islohotlar qilingan.
Respublikamizda eng kichik qiymatdagi pul belgisi 2018-yil namunasidagi 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolayotganligini inobatga olib, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatishda naqd pulda amalga oshiriladigan to‘lovlarni 50 so‘mga yaxlitlash lozim bo‘ladi. Xuddi shunday chakana savdo korxonalariga ham aholi tomonidan xarid qilingan tovarlar uchun to‘lovlar naqd pul shaklida amalga oshirilganda, tovarlar umumiy qiymatini yuqoridagi tartib asosida 50 so‘mga yaxlitlagan holda hisob-kitob qilinishi tavsiya etiladi. Yaxlitlash naqd pulsiz va bank kartalari orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga tatbiq etilmaydi. Naqd pulsiz hisob-kitob hujjatlarida (to‘lov topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasi va boshqalar) summalar yaxlitlanmasdan to‘lig‘icha qayd etiladi va qayd etilgan summaga operatsiyalar amalga oshiriladi.
2021-yilning boshida yangi nominaldagi 2 ming so‘mlik va 20 ming so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarildi. Avgust va dekabr oylarida esa bosqichma-bosqich yangi ko‘rinishdagi 5 ming, 10 ming, 50 ming, 100 ming so‘mlik pullar muomalaga qo‘yildi. Ushbu banknotlar shu nominaldagi eski namunadagi banknotlar bilan parallel ravishda muomalada bo‘lishi, ya’ni eski namunadagi 5 ming, 10 ming, 50 ming, 100 ming so‘mlik banknotlar to‘lov qobiliyatini yo‘qotmasligi belgilandi, — deydi Markaziy bank Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda eski namunadagi banknotlar tabiiy yo‘l bilan muomaladan qaytarib olinmoqda. Ya’ni muomalada bo‘lish jarayonida eskirgan va to‘lovga yaroqsiz holga kelgan pullar Markaziy bank tomonidan qaytarib olinadi.
Aholi orasida muomalada bo‘lgan banknotlar soni 2,5 mlrd donadan ortiq bo‘lsa, shundan 201 mln donadan ziyodi 2021-yilda chiqarilgan banknotlar hisoblanadi. Muomalada eski namunadagi banknotlar salmog‘i yuqori ekanligini inobatga olib, ularni muomaladan chiqarish muddatlari cheklanmagan.
Ruzimuxamedova Maloxat Nabidjonovna,
Yuristlar malakasini oshirish markazi
katta mutaxassisi