Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayonlarida inson qadriyatlaridan biri bo‘lib hisoblangan mulk daxlsizligini ta’minlamasdan turib iqtisodiy barqarorlikka, ijtimoiy farovonlikka to‘liq erishib bo‘lmasligini hayotni o‘zi ko‘rsatmoqda.
Yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mulk huquqini daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini yaratish, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar ijrosini ta’minlanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Bunga muvofiq, xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini to‘liq joriy etishga to‘sqinlik qiluvchi tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilinadi.
Mulk daxlsizligini ta’minlashning asosiy omillaridan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplash protseduralarini qonunlarda aks ettirilishidan iboratdir.
Ushbu farmon qabul qilinishiga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda ularga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash uchun huquqiy asoslar mavjud bo‘lsada, lekin uni amalga oshirish mexanizmlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan edi.
Buning oqibatida yer uchastkalari olib qo‘yilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlar o‘z vaqtida qompensatsiya qilinmasdi.
Shu tufayli, birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan zararlarning o‘rnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash bo‘yicha respublika markazlashtirilgan jamg‘armasi — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika maqsadli jamg‘armasi etib qayta nomlandi.
Ikkinchidan, respublika hududlarida esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan zararlarning o‘rnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash bo‘yicha hududiy markazlashtirilgan jamg‘armalar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha hududiy maqsadli jamg‘armalar deb ataldi.
Uchinchidan, qayd etilgan respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan mulkdorlarga yetkazilgan zarar qoplanadi.
To‘rtinchidan, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida mulkdorga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zarar, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli mulkdorga yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyon ham respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Qayd etish lozimki, bunday respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan to‘lovlar keyinchalik aybdor shaxslardan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olinadi.
Biroq, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida mulkdorga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zarar, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli mulkdorga yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyon jamg‘armalar mablag‘laridan qoplangan to‘lovlar keyinchalik aybdor shaxslardan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olinmaydi.
Qayd etilgan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplashning boshqa manbalari belgilangan hollarda, kompensatsiya to‘lovlari respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib, keyinchalik ushbu manbalar hisobidan qoplab beriladi.
Shu bilan birga aytish joizki, sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanmagan va (yoki) regress tartibida undirib olish shartisiz davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘rsatilgan hollarda, respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan to‘lovlar Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishicha, oxirgi 2,5 yilda hokimlarning qarorlari bilan berilgan 2,5 mingdan oshiq yer uchastkalariga (101 ming gektar) bo‘lgan huquqlar ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organlar tomonidan, shu jumladan prokuror protestlari asosida sud qarorisiz bekor bo‘lgan.
Shular ham inobatga olinib, qayd etilgan farmon bilan Adliya vazirligi va boshqa idoralarning mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvni cheklash maqsadida huquqiy institutlarni qonunchilikda va yuridik amaliyotda qo‘llash ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Bunda, insofli egallovchining mulkiy huquqlari himoya qilinadi, mulkdorning buzilgan huquqlarini tiklashning moliyaviy mexanizmlari qo‘llanilishi, kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan mol-mulk belgilangan tartibda auksion orqali sotilganda, kreditorning roziligiga ko‘ra, sotib oluvchiga mulkning qiymatini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilishi orqali fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari belgilanadi.
Farmonda ta’kidlanishicha, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan xususiy mulk huquqini buzish holatlari, bunda, mansabdor shaxslar va xizmatchilarning qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan holatlardan tashqari xususiy mulk huquqini erkin amalga oshirishga aralashish va daxlsizligini buzish deb hisoblanadi hamda ularga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilishiga asos bo‘ladi.
Bunday xususiy mulk huquqini buzish holatlari mulkka erkin egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etishni cheklash, taqiq qo‘yish, mulkiy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni asossiz rad etish yoki boshqacha har qanday ko‘rinishda mulkdor yoki uning mulkiy huquqlariga ta’sir o‘tkazish harakatlarida ko‘rinishi mumkin.
Shu bilan birga bunday harakatlar mulkdorning xo‘jalik faoliyatiga yoki mol-mulkdan foydalanish natijasida olinadigan hosil va mahsulotni realizatsiya qilish hamda daromadlarni tasarruf etishga aralashish, xususiy mulk ob’ekti va u joylashgan hududga, shu jumladan turar joy bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektiga mulkdorning ruxsatisiz kirish, bu haqda uchinchi shaxslarga ko‘rsatma berish, mol-mulkni va unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish, foydalanishga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga aralashish, bu to‘g‘risida huquqiy hujjat qabul qilish, mulkdorga uning ixtiyoriga zid tarzda mol-mulki bilan bog‘liq ijtimoiy, iqtisodiy yoki boshqa davlat va jamoatchilik vazifalarini yuklash yoxud nomaqbul shartlarni qo‘yish bilan ham sodir etiladi.
Mol-mulkdan mulkdorning roziligisiz va tegishli haq to‘lamasdan foydalanish, mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanishga oid ma’lumotlarni so‘rash yoki bunday ma’lumotlarni mulkdorning ruxsatisiz ishlatish, mulk va mulkiy huquqlardan sud qarorisiz mahrum etish yoki mulkdorga ulardan voz kechishga qaratilgan har qanday jismoniy, ruhiy yoki boshqa shakldagi majburlov choralar qo‘llash, tazyiq o‘tkazish yoxud mol-mulkni tasarruf etishga doir asossiz talablarni qo‘yish kabi harakatlarda sodir etilmasligi choralarini ko‘rishga e’tibor qaratildi.
Ushbu yuqorida ko‘rsatib o‘tilganlar inobatga olingan holda, fuqarolik huquqlarini qayd etilgan bunday harakatlarni sodir etmaslik bilan himoya qilishda, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashda Fuqarolik, Soliq, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutildi.
Umuman olganda, ushbu farmon bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplanishining qulay va afzal bo‘lgan huquqiy mexanizmini joriy etilishi ta’minlanadi. Bu esa, mulkdorlarga motivatsiya ko‘rsatish orqali ularni o‘z vaqtida moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishini, moliyaviy ahvoliga putur yetkazilmasligini, tadbirkorlik faoliyatida yanada ham samaradorlikka erishishni belgilab beradi.
Nasullaev Mubin
Yuristlar malakasini oshirish
Markazi dotsenti