+998 71 200 02 35

MAG’RUR HILPIRASIN YURTIM BAYROG’I!

16.11.2021 3052

O`zbekiston suverenitetini belgilaydigan ramzlar orasida Davlat bayrog`i alohida o`rin tutadi. Zero, bayroq xalqning o`tmishi va buguni, mustaqilligi, tinchligi va barqarorligining timsolidir

O`zbekiston mustaqillikka erishganining dastlabki yilidanoq mamlakat suverenitetining muhim belgisi – Davlat bayrog`iga ega bo`ldi. 1991-yil 18-noyabr kuni “O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risidagi” Qonun qabul qilindi va ushbu sana xalqimiz yodida o`chmas va qutlug` sanalardan biri bo`lib qoldi. Shu kuni “O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur Qonunning 2–3-moddalarida  bayrog`imiz O`zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi ekanligi, xalqaro munosabatlarda O`zbekiston Respublikasining timsoli bo`lishi belgilab qo`yildi.

Davlatimiz bayrog`ida aks etgan har bir rang, belgi yurtimizning boy tarixi, milliy davlatchiligimiz, bebaho qadriyatlarimizni, Vatanimizning buyuk kelajagini ifoda etadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o`zida mujassamlashtiradi.

Mustaqilligimiz, tinchligimiz ramzi bo’lgan davlatimiz bayrog`i O`zbekiston Respublikasi rasmiy delegasiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog`ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, xalqaro ko`rgazmalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar, sammitlar, anjumanlar, sport musobaqalarida bayrog`imiz baland ko`tariladi. Davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik, savdo vakolatxonalari va konsullik muassasalari binolari oldida hilpirab turgan, milliy havo kemalarimizga tasviri tushirilgan O`zbekiston bayrog`i barchamizda faxr hissini uyg`otadi.

Bugun jahonning yuksak minbarlarida, dunyo sahnasida, Olimpiya o`yinlarida g`oliblikni qo`lga kiritgan sportchilarimiz, tobora ulkan kuch-qudrat va salohiyat kasb etayotgan harbiylarimiz qo`lida sarbaland bo`lgan yurtimiz bayrog`i har birimizga yuksak g`urur, iftixor bag`ishlaydi. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda shu bayroqqa, uning timsolida ona Vatanimizga bo`lgan cheksiz hurmat, chuqur daxldorlik hissi jo`sh uradi.

Darhaqiqat, dunyoda millat va elatlar, xalqlar va davlatlar ko`p, lekin davlatimiz, bayrog’imiz yagona. Ana shu bayroq ostida davlatimiz rahbari rahnamoligida inson qadri uchun, yurt farovonligi uchun ezgu maqsadlar sari olg`a boraveramiz.

                                               Xojiyeva Roʻzigul Yuristlar malakasini oshirish markazi hodimi