+998 55 518 57 77

“Legal English” o‘quv kursi tashkil etildi

30.03.2026 144

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish Instituti Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etgan “Legal English” o‘quv kursi o‘z nihoyasiga yetdi. Ikki oy davomida  48 akademik soat mobaynida Vazirlik markaziy apparatining boshqaruv toifasidagi xodimlari ingliz tilida huquqiy kompetentlikni oshirish bo‘yicha intensiv ta‘lim oldilar. O‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 171-sonli qarori asosida, shartnoma asosida tashkil etilgan va Institut faoliyatida ushbu formatda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli loyihalardan biriga aylandi.

Kursning asosiy maqsadi xodimlarning ingliz tilida huquqiy hujjatlar bilan ishlash, xalqaro darjada muloqot olib borish va qonunchilik me’yorlarini tahlil qilish ko‘nikmalarini amaliyotga yo‘naltirilgan tarzda shakllantirish edi.

O‘quv dasturi quyidagi modullarni qamrab oldi: huquqiy terminologiya va yuridik kasblarga kirish; AQSh va Yevropa Ittifoqi huquq tizimlari; shartnomalar huquqi; biznes va mehnat huquqi;  ma’muriy huquq; jinoyat huquqi va protsessual terminologiya; yuridik hujjatlar matnlarini tayyorlash va tarjima qilish hamda sud nutqi va huquqiy muloqot mashg‘ulotlari va hokazo.

Dastur nafaqat O‘zbekiston qonunchiligiga, balki xalqaro huquq tizimlariga –

 AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi me’yorlariga ham e’tibor qaratdi. Bu tinglovchilarga qiyosiy huquqiy tahlil ko‘nikmalarini amaliyotda qo'llash imkonini berdi.

Kursning amaliy qismida tinglovchilar Moot Court – musobaqa sudi formatida mashg‘ulot o‘tkazdilar. Ushbu format dunyoning yetakchi huquq ta’lim muassasalarida keng qo‘llanilgan bo‘lib, tinglovchilar ingliz tilida rasmiy sud muhitini simulyatsiya qilib, da’vo va javob tomonlarining pozitsiyalarini himoya qildilar, dalillar keltirdilar va huquqiy bahsga kirishdilar.

Shuningdek, har bir modul bo‘yicha amaliy kazuslar (case studies) tahlil qilindi. Tinglovchilar xalqaro shartnomalar, arbitraj materiallari, mehnat nizolari va ma’muriy jarayonlar bo‘yicha hujjatlarni ingliz tilida o‘qib, tahlil qildilar va xulosalar tayyorladilar. Yevropa Ittifoqi hujjatlari bilan ishlash, ularni mustaqil izlab topish ko‘nikmasiga ega bo‘ldilar.

Hozirda Institutning shartnoma asosida tashkil etiladigan kurslari soni tobora o‘sib bormoqda. “Legal English” kursi ular orasida alohida o‘rin tutadi: u nafaqat til o‘rgatish, balki ularning yuridik bilimlarini oshirish, xalqaro huquqiy muhitda ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadini ko‘zlagan to‘laqonli kasbiy rivojlanish dasturi sifatida amalga oshirildi.

Keyingi bosqichda ushbu format boshqa davlat organlari, vazirliklar, bank tizimi va boshqa idoralar xodimlari uchun ham taklif etilishi rejalashtirilmoqda.

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish Instituti “Legal English” kursini muvaffaqiyatli yakunlagan barcha tinglovchilarni tabriklaydi va ularga keyingi kasbiy faoliyatlarida yutuqlar tilaydi.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va

malakasini oshirish institut o‘qituvchisi

M.Yoqubjonov