+998 71 200 02 35

KORRUPSIYaNING OLDINI OLISh MUMKINMI?

06.08.2021 5490

Korrupsiya iqtisodiyotning xavf-xatari manbai bo’lib, ayniqsa mamlakatda pul oqimini izdan chiqaradi. Ma’lumki, iqtisodiy va moliyaviy xavfsizlik davlat byudjetining defisitsiz bo’lishini taqozo etadi. Korrupsiya yo’li bilan topilgan daromad ochiq ishlatilmaydi. Korrupsionerlar harom yo’l bilan topilgan noqonuniy daromadlarini javohirotga aylantiradi yoki bo’lmasa o’z sohibi ishlab topgan daromadning poraga aylangan qismi yashirin ravishda jamg’ariladi. Bugungi kunda korrupsiya muammosining dolzarbligini anglash mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi. Korrupsiya bilan hyech qachon maqsadimizga erisha olmasligimizni idrok etish masalasi kun tartibiga qo’yildi.

O’zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida»gi Qonuni, shu bilan birga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 mayda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF-5729-son Farmoni, 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha tasdiqlangan Davlat dasturi hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 martdagi «2017–2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlan­tirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to’g’risida» farmonida, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida»gi qonunining 5-moddasiga binoan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlaridan kelib chiqib, har bir davlat boshqaruvi va mahaliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o’zining boshqaruv tizimida qonunning 3-bobi «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish», 4-bobi «Korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar» hamda 5-bobi «Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo’yish, javobgarlikning muqarrarligi»ni ta’minlash bo’yicha kompleks chora-tadbirlar olib borishi belgilangan.

Yuqoridagilarga qaramasdan hozirgi kunda ayrim davlat organlarida mavzusi yuzasidan quyidagicha muammolar mavjud: ayrim xodimlarning oylik ish haqining yetarli emasligi; korrupsiya muammosi bilan shug’ullanuvchi mutaxasislarni bilim va ko’nikmalarini yetarli emasligi; davlat organlarida korrupsiogen vaziyatni baholovchi yagona mukammal tahlilni mavjud emasligi; davlat organlarida sohaviy xizmatlarida korrupsiyaga undovchi omillar yetarli tadqiq etilmaganligi; davlat organlari xodimlarida korrup­siyaning oldini olish masalalari bo’yicha bilimlarni kengaytirish va tarqatishda tizimli ishlar choralari samaradorligining pastligi; byurokratik holatlarning saqlanib qolayotganligi; davlat organlari xodimlarida korrupsiyaga qarshi xulq-atvorni shakllantirish borasida tizimli ishlarning yetarli emasligi;  davlat organlarida shaffoflikning yetarli emasligi; fuqarolarning muammolariga davlat organlari mas’ul xodimlarning e’tibor­sizlik bilan munosabatda bo’lishi, ortiqcha sarson-sargordonlik; davlat organlari ayrim xodimlarida yuridik ma’lumotninig yo’qligi.

Ko’rinib turibdiki, korrupsiya – shaxsning o’z mansab yoki xizmat mavqyeidan shaxsiy manfaatlarni ko’zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish. Korrupsiya bozor qoidalariga binoan xizmatlarni ixtiyoriy ravishda oldi-sotdi qilish emas, balki ularni ko’rsatish uchun g’ayriqonuniy haq olishdir. Demak, korrupsiya g’ayriijtimoiy, g’ayriqonuniy xizmat ko’rsatishdir.

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida davlat organlari  tizimida korrupsiyaga qarshi kurash olib borish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

– kadrlar tanlash va joy-joyiga qo’yish ishini samarali yo’lga qo’yish; – rahbariyat tomonidan kadrlar ustidan nazoratni kuchaytirish;  – xodimga muntazam davlat xizmatining o’ziga xos xususiyatlarini o’rgatib borish; – avallo, sharaf degan nomni tiklash maqsadida vatanparvarlik va xizmat burchiga o’ta sodiq kadrlarni erinmasdan izlab topish. Xodimlarni ishga qabul qilishda batafsil tekshirish tizimini joriy etish, yetarli va asosli sinov muddati belgilash; – davlat organlariga yangi qabul qilinayotgan bo’lg’usi xodimlarning korrupsiyaga yoki oddiy qilib aytganda, pulga moyilligini aniqlash maqsadida mutaxassislar tomonidan mukammal tarzda maxsus psixologik testlarni ishlab chiqish va nomzodlardan mazkur test sinovlarini qabul qilishni amalga oshirish; – xizmat vazifalari taqozosiga ko’ra to’g’ridan to’g’ri aholi bilan muloqotga kirishuvchi xodimlar bilan alohida amaliy misollar keltirilgan videofragmentlar asosida o’quv mashg’ulotlarini tashkil etish; – davlat organlari tizimidagi xizmatlardan eng ko’p poraxo’rlik yoki ta’magirlik kabi qilmishlar sodir etib, jinoiy javobgarlikka tortilgan xodimlarning statistik tahlilini yuritib, ushbu xizmat yo’nalishida ishlovchi xodimlar o’rtasida belgilangan tartibda muntazam ijtimoiy so’rovlar o’tkazish va uning natijalariga asosan tegishli choralar ko’rish; – korrupsiya hodisasi bilan bog’liq, korrupsiya jinoyati sodir etgan xodimlarning sayyor sud majlislarini real holatini yoritgan, ta’sirchan film, videofragmentlarni ishlab chiqish hajmini oshirish hamda ularni xodimlar bilan ta’sirchan tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda foydalanish va korrupsiya jinoyati uchun jazoning muqarrarligi kabi achinarli vaziyatlarni ifodalab berish; – korrupsiya faktlarini fosh etuvchi ma’lumotlar bergan xodimlarni qo’llab-quvvatlash, rag’batlantirish va himoya tizimini yaratish; – halol xizmatni muntazam rag’batlantirish;  –xodimlarning ijtimoiy himoyasi hamda oylik maoshlarini bosqichma-bosqich reytingiga qarab oshirish; – korrupsiya jinoyati bo’yicha sudning hukmi kuchga kirgan shaxslarning fotosuratlarini veb-saytlarda va ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda ko’rsatib borish amaliyotini yo’lga qo’yish; – barcha tarkibiy tuzilmalardagi korrupsiyaga chalinishga moyil soha va yo’nalishlarni aniqlash va oldini olish choralari samaradorligini oshirish; – xodimlarning malakasini oshirishga e’tiborni kuchaytirish; – xodimlarning yashash joylaridagi yurish-turishi haqida muntazam xabardor bo’lib turish.

Qayd etish joizki, korrupsiyaviy yo’nalishdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish umummilliy vazifa. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan davlat organlari korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy subyektlari hisoblanadilar. Bu borada amalga oshirilishi kerak bo’lgan asosiy vazifalar fikrimizcha quyidagilardan iborat:

– huquqqa zid maqsadlarni ko’zlaydigan shaxslarning davlat organlariga kirib qolishlarining oldini olish;

– davlat organlari xodimlari va ularning yaqinlarini xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog’liq holda hayotiga, sog’lig’iga, mulkiga qarshi noqonuniy tajovuzlardan davlat himoyasini tashkil etish;

– davlat organlari xodimlari tomonidan jinoyatlar sodir etilishiga yordam beradigan sabablar va sharoitlarni aniqlash;

– davlat organlari korrupsiyaning kelib chiqish shart- sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish bo’yicha chora tadbirlarni rejalashtirish;

– davlat organlarida nomzodlarni ishga va o’qishga qabul qilishda ularning shaxsiy fazilatlari va maqsadlarini to’liq o’rganish;

– korrupsiyaning oldini olish bo’yicha davlat organlari xodimlari bilan umumiy profilaktikani amalga oshirish;

– davlat organlari organlarida ta’magirlikka, molparastlik va pulga moyil bo’lgan shaxslarni aniqlash va ular bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlarni amalga oshirish;

– davlat organlarida korrupsiyaning oldini olishda rahbarlarning rolini oshirish va huquqiy ta’lim-tarbiyaning ta’sir choralarini oshirish.

 

Shaxnoza Salixova,

Yuristlar malakasini oshirish markazi Fan, innovasiya va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish bo’limi bosh mutaxassisi