Joriy yilning 15-fevral kuni Yuristlar malakasini oshirish markazida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Advokatlar palatasi hamkorligida “Konstitutsiyaviy shikoyat institutining nazariy va amaliy masalalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari, Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi, joylardagi advokatlik tuzilmalari vakillari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi professor-oʻqituvchilari va tinglovchilari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhatida Konstitutsiyaviy sudning fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyatiga doir masalalar atroflicha muhokama etildi. Jumladan, Konstitutsiyaviy sudda fuqarolar va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqishning protsessual xususiyatlari, advokatlarning fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengroq himoya qilishda oʻrni va roliga oid fikrlar almashildi.