+998 71 200 02 35

Konstitutsiya - odil sudlovni ta’minlash garovi

15.12.2023 1290

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish zaruriyati nimada?

O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinishi zaruriyati iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlanganligi, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilinganligi va boshqa amalga oshirilgan ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlashda namoyon bo‘ladi.

Konstitutsiyada odil sudlov bilan bog‘liq qanday normalar o‘z ifodasini topdi?

Boshqa jabhalarda bo‘lgani kabi odil sudlovni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni ham Konstitutsiya darajasida yanada mukammal ifodalab qo‘yish zaruriyati mavjud. Bu kabi normalarning yuqori huquqiy maqomdagi Komusda o‘z aksini topishi odil sudlovning sudlar tomonidan amalga oshirilishining garovi hisoblanadi.

Qayd qilingan jihatlarni inobatga olgan holda Konstitutsiyaning 130-moddasida O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi e’tirof etildi.

Shuningdek, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida sud tizimi - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar va x.k. sudlardan iborat ekanligi belgilangan. Mazkur qonunda ifodalangan normalar e’tiborga olingan holda Konstitutsiyaning 131-moddasida O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi va sudlar faoliyatining tartibi qonun bilan belgilanadi deb qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari, raisi va uning o‘rinbosarining saylanish tartibi yanada mukammallashtirildi. Jumladan, Konstitutsiyaning 132-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga va Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi va uning o‘rinbosari besh yillik muddatga saylanishi belgilandi.

Shu bilan birgalikda, Konstitutsiyaviy sudining vakolatlari doirasi kengaytirildi, ya’ni Konstitutsiyaning 133-moddasida referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berishi belgilandi.

Mazkur moddada “Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli” ekanligi e’tirof etildi.

Bunday e’tirof, ya’ni fuqarolar va yuridik shaxslarga berilayotgan ushbu huquq ularning qonuniy manfaatlarini huquqiy ta’minlashning yuksak darajadagi ifodasi hisoblanadi.

Konstitutsiyada odil sudlovga oid yana qanday masalalarni tartibga solish belgilandi?

Konstitutsiyaning 134-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi belgilandi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi qayd qilindi.

Konstitutsiyaning 135-moddasida esa O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi belgilab qo‘yildi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi e’tirof etildi.

Konstitutsiyada sudyalar huquqiy maqomi yuksak darajada qanday e’tirof etildi?

Konstitutsiyaning 136-moddasida sudyalar nafaqat qonunga balki, “Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunishi” qayd qilindi.

Mazkur moddaga sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi. Sudyalar daxlsizdir. Davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlaydi. Sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga, uning vakolatlarini bekor qilishga yoki to‘xtatib turishga, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Sudyalar ilmiy va pedagogik hamda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkinligini ifodalovchi normalar kiritildi.

Konstitutsiyada sudlar faoliyatini moliyalashtirish masalasining  qayd etilganligi odil sudlovni ta’minlash garovi hisoblanadi.

Konstitutsiyada sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishning huquqiy kafolatlari yanada mustahkamlandi. Xususan, faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan amalga oshiriladi hamda u odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligini ifodalovchi 140-modda kiritildi.

Xulosa o‘rnida: Konstitutsiyada sud hokimiyatiga oid normalarning yuksak darajada e’tirof etilganligi sudlar tomonidan odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlash garovidir.

 

 

Yuristlar malakasini oshirish

Markazi professori, yu.f.d. (DSc)

                                  D.B.Raximov