Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini to‘g‘ri tashkil etish, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan maqsadli foydalanish, moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini ta’minlash hamda moliyaviy intizomga rioya etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
2026 yilda byudjet hisobi tizimini takomillashtirish, buxgalteriya hisobini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, hisob hujjatlarini rasmiylashtirish va yagona hisobvaraqlar rejasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ushbu maqolada 2026 yilda byudjet tashkilotlari buxgalteriya faoliyatiga daxldor bo‘lgan asosiy o‘zgarishlar va ularning amaliyotdagi ahamiyati yoritiladi.
Byudjet hisobining yangi standarti – hisob siyosati, hisob baholaridagi o‘zgarishlar va xatolar
2026 yilda byudjet tashkilotlari buxgalteriyasi uchun muhim yangiliklardan biri O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026 yil 10 martdagi 341-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan 1-sonli byudjet hisobi standartining joriy etilishi bo‘ldi.
Mazkur standart Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 27 martda 3797-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va 2026 yil 30 martdan kuchga kirgan.
Yangi standart «Hisob siyosati, hisob baholaridagi o‘zgarishlar va xatolar» deb nomlanib, byudjet tashkilotlarida:
- hisob siyosatini tanlash va qo‘llash;
- hisob siyosatiga o‘zgartirish kiritish;
- hisob baholaridagi o‘zgarishlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish;
- oldingi hisobot davrlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarni aniqlash va tuzatish;
- moliyaviy hisobotlarda tegishli ma’lumotlarni ochib berish tartibini belgilaydi.
Buxgalteriya amaliyotidagi ahamiyati:
Endilikda buxgalteriya hisobida aniqlangan muhim xatolarni shunchaki joriy davr xarajatlari yoki boshqa hisobvaraqlar orqali tuzatish bilan cheklanib qolmasdan, ularning kelib chiqish davri, moliyaviy hisobotlarga ta’siri va tuzatish tartibini ham hisobga olish talab etiladi.
Masalan, tashkilotda oldingi yilda asosiy vositalar qiymati yoki amortizatsiya hisobida muhim xato aniqlansa, ushbu xatoni tuzatishda yangi standart talablariga muvofiq yondashish lozim.
Shuningdek, hisob siyosatidagi o‘zgarishlar, qoida tariqasida, retrospektiv tarzda qo‘llaniladi. Bunda avvalgi davrlarning taqqoslama ma’lumotlari ham tegishli tartibda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
2. Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi yo‘riqnomasiga kiritilgan o‘zgarishlar
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026 yil 13 martdagi 346-son buyrug‘i Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 3 aprelda 2169-10-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Ushbu buyruq bilan byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan:
Birinchidan, asosiy vositalar hisobida qo‘llaniladigan ayrim atamalar o‘zbek tilidagi muqobil so‘zlar bilan almashtirildi.
Ikkinchidan, oziq-ovqat mahsulotlarini hisobga olishda ishlatiladigan «menyu» atamasi «taomnoma» so‘zi bilan almashtirildi.
Uchinchidan, materiallarni berish jarayonida foydalaniladigan «zabor kartasi» atamasi «materiallarni berish limit varaqasi» deb o‘zgartirildi.
To‘rtinchidan, buxgalteriya hujjatlari va memorial order shakllariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, 8-memorial order (hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblar bo‘yicha jamlanma qaydnoma), 11-memorial order (oziq-ovqat mahsulotlarining kirimiga doir jamlanma qaydnoma) hamda ayrim boshqa hisob shakllari yangilandi.
Buxgalteriya amaliyotidagi ahamiyati:
Byudjet tashkilotlari buxgalterlari buxgalteriya hisobida qo‘llaniladigan hujjatlar, memorial orderlar va hisob registrlarining amaldagi shakllaridan foydalanishlari zarur.
Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari hisobi yuritiladigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy muassasalarda taomnoma-talabnoma hamda materiallarni berish limit varaqalarini to‘g‘ri rasmiylashtirishga e’tibor qaratish lozim.
3. Byudjet hisobining yagona schyotlar rejasiga kiritilgan o‘zgarishlar
Byudjet tashkilotlari buxgalteriyasidagi muhim yo‘nalishlardan yana biri buxgalteriya hisobvaraqlar rejasini takomillashtirish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026 yil 10 avgustdagi 393-son buyrug‘i bilan byudjet hisobining 2-sonli BHS «Yagona schyotlar rejasi»ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 27 avgustda 3078-7-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu o‘zgarishlar byudjet hisobida qo‘llaniladigan hisobvaraqlar tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Buxgalteriya amaliyotidagi ahamiyati:
Byudjet tashkilotlari buxgalterlari buxgalteriya operatsiyalarini aks ettirishda yagona schyotlar rejasining amaldagi tahriridan foydalanishlari, tegishli subschyotlarning to‘g‘ri tanlanishiga e’tibor berishlari lozim.
Shuningdek, buxgalteriya dasturlari va elektron hisob tizimlaridagi hisobvaraqlar rejasining amaldagi normativ hujjatlarga muvofiqligini tekshirib borish maqsadga muvofiq.
4. Byudjet mablag‘lari va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobini yuritish
Byudjet tashkilotlarida byudjet mablag‘lari hamda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobini alohida va belgilangan tartibda yuritish moliyaviy intizomning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Bunda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish lozim:
- byudjet mablag‘larining tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida sarflanishi;
- byudjetdan tashqari mablag‘larning tushumi va sarflanishini tegishli manbalar bo‘yicha hisobga olish;
- xarajatlarni iqtisodiy tasnif kodlari bo‘yicha to‘g‘ri aks ettirish;
- shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridagi qoldiqlar va buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini o‘zaro solishtirish;
- byudjet majburiyatlari va to‘lov topshiriqnomalarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi.
Buxgalteriya hisobi ma’lumotlari g‘aznachilik organlaridagi ma’lumotlar bilan muntazam solishtirib borilishi, aniqlangan tafovutlar esa o‘z vaqtida bartaraf etilishi zarur.
5. Ish haqi va xodimlar bilan hisob-kitoblar
Byudjet tashkilotlarida ish haqi hisob-kitoblari buxgalteriya faoliyatining eng mas’uliyatli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ish haqini hisoblashda shtat jadvali, mehnat shartnomalari, ish vaqti tabellari, rahbar buyruqlari va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asos bo‘lib xizmat qiladi.
Buxgalterlar quyidagi masalalarni nazorat qilishi lozim:
- lavozim maoshlarining tasdiqlangan shtat jadvaliga muvofiqligi;
- ustama, qo‘shimcha haq va mukofotlarning qonuniy asosda hisoblanishi;
- mehnat ta’tili va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarining to‘g‘ri hisoblanishi;
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq hisob-kitoblari;
- ish haqi bo‘yicha kreditorlik qarzdorliklarining o‘z vaqtida to‘lanishi.
Ayniqsa, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan to‘lanadigan rag‘batlantirish to‘lovlarining manbasi hamda ularni amalga oshirish uchun belgilangan huquqiy asoslar to‘g‘ri rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak.
6. Asosiy vositalar va tovar-moddiy zaxiralar hisobi
Byudjet tashkilotlarida davlat mulki hisoblangan asosiy vositalar va tovar-moddiy zaxiralarning buxgalteriya hisobini to‘g‘ri tashkil etish muhim ahamiyatga ega.
Asosiy vositalarni xarid qilish, foydalanishga topshirish, boshqa bo‘linmaga o‘tkazish, qayta baholash, amortizatsiya hisoblash va balansdan chiqarish operatsiyalari tegishli birlamchi hujjatlar asosida amalga oshirilishi lozim.
Shuningdek:
- asosiy vositalarning inventar raqamlari mavjudligini tekshirish;
- moddiy javobgar shaxslarning mas’uliyatini belgilash;
- tovar-moddiy zaxiralarning kirimi va chiqimini o‘z vaqtida hisobga olish;
- inventarizatsiya natijalarini buxgalteriya hisobida aks ettirish;
- foydalanishga yaroqsiz mulkni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish talablariga rioya qilish zarur.
Bunda 2026 yilda yangilangan buxgalteriya hisobi yo‘riqnomasi va byudjet hisobining tegishli standartlari talablariga amal qilish lozim.
7. Davlat xaridlari va elektron hisobvaraq-fakturalar
Byudjet tashkilotlarida tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish jarayonida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish muhim hisoblanadi.
Xarid qilingan tovarlar va xizmatlar buxgalteriya hisobida aks ettirilishidan oldin quyidagi hujjatlar o‘zaro solishtirilishi lozim:
- shartnoma;
- elektron hisobvaraq-faktura;
- tovar-transport hujjatlari (zarur hollarda);
- qabul qilish-topshirish dalolatnomasi;
- ish bajarilganligi yoki xizmat ko‘rsatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Ayniqsa, asosiy vositalarni xarid qilishda ularning buxgalteriya hisobiga to‘g‘ri kirim qilinishi, inventar kartochkalari ochilishi va tegishli moddiy javobgar shaxslarga biriktirilishiga e’tibor qaratish zarur.
Tovar yoki xizmatning elektron hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan nomi bilan shartnomadagi ma’lumotlar o‘rtasida tafovut bo‘lmasligi kerak.
8. Yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobotlarni tayyorlash
2026 yil yakunida byudjet tashkilotlari buxgalterlari yillik moliyaviy hisobotlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratishlari lozim.
Bunda quyidagi ishlar amalga oshirilishi maqsadga muvofiq:
1. Asosiy vositalar va tovar-moddiy zaxiralarni xatlovdan o‘tkazish.
2. Debitorlik va kreditorlik qarzdorliklarini tahlil qilish.
3. G‘aznachilik hisobvaraqlaridagi qoldiqlarni buxgalteriya ma’lumotlari bilan solishtirish.
4. Byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha daromadlar hamda xarajatlarni tekshirish.
5. Ish haqi va boshqa to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni yakunlash.
6. Aniqlangan buxgalteriya xatolarini amaldagi standartlar asosida tuzatish.
7. Moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarining ishonchliligini ta’minlash.
Yillik hisobotlarni tayyorlashda hisob siyosati, byudjet hisobi standartlari va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish lozim.
XULOSA
2026 yilda byudjet tashkilotlari buxgalteriyasiga oid qonunchilikdagi o‘zgarishlar buxgalteriya hisobini takomillashtirish, moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish va davlat mablag‘laridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.
Ayniqsa, byudjet hisobining yangi standartlari, buxgalteriya hisobi yo‘riqnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlar va yagona schyotlar rejasining takomillashtirilishi buxgalterlardan o‘z bilim va ko‘nikmalarini muntazam yangilab borishni talab etadi.
Byudjet tashkiloti buxgalteri nafaqat moliyaviy operatsiyalarni hisobga oluvchi mutaxassis, balki byudjet mablag‘laridan maqsadli, samarali va qonuniy foydalanilishini ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi mas’ul shaxs hisoblanadi.
Shu sababli har bir buxgalter qonunchilikdagi yangiliklarni o‘z vaqtida o‘rganishi, ularni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etishi hamda buxgalteriya hisobida shaffoflik va moliyaviy intizomni ta’minlashi zarur.
Buxgalteriya va reja-moliya bo'limi
bosh-mutaxassisi Xosilbekov Saloxiddin


