Avvalambor, ish vaqti deganda nimani tushunamiz?
O‘zbeksiton Respublikasining Mehnat kodeksi 181-moddasiga ko‘ra, ish vaqti xodim ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga bo‘linib ishlash (ish) jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarishi kerak bo‘lsa, o‘sha vaqt ish vaqti deb aytiladi. Ish vaqti qonun bilan belgilangan vaqt bo‘lib, bu vaqt mobaynida xodim ichki mehnat tartib-qoidalariga muvofiq, o‘z mehnat vazifalariga mos ravishda xizmat burchini bajarishi lozim.
Ish vaqtiga quyidagilar kiradi:
xodim mehnat majburiyatlarini haqiqatda bajargan vaqt;
Mehnat Kodeksida nazarda tutilgan vaqt davrlari (xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt, texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar va boshqalar), shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari, shu jumladan asosiy va tayyorgarlik-yakuniy ishlarni bajarish vaqti (kiyim, materiallar, asbob-uskunalar olish, texnika, hujjatlar bilan tanishish, ish o‘rnini tayyorlash va tozalash, tayyor mahsulotni topshirish va boshqalar).
Ish vaqtining qanday turlari mavjud?
O‘zbeksiton Respublikasining Mehnat kodeksi 181-moddasiga ko‘ra, ish vaqtining turlari quyidagilardan iboratdir:
- ish vaqtining normal davomiyligi;
- ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi;
- to‘liqsiz ish vaqti.
Shuningdek, huquqshunos Mixail Gasanov ta’kidlaganidek, “Ko‘pgina tashkilotlar uchun qulay bo‘lgan moslashuvchan ish vaqti rejimi – bu alohida xodimlar yoki xodimlar guruhlari ish kunining boshlanishi, tugashi va umumiy davomiyligini mustaqil ravishda tartibga sola olishidir. Bunda ular uchun hisobot davri (ish kuni, hafta, oy va boshqalar) belgilanadi, bu muddat davomida ular belgilangan ish soatlarining umumiy sonini to‘liq ishlab berishlari kerak”.
Qolaversa, yuridik fanlari doktori, professor D.Akopov ham mehnat kodeksidagi ish vaqti va dam olish vaqti masalalari bo‘yicha o‘zining fikrlarini bildirgan. U ish vaqti, dam olish vaqti va mehnat sharoitlari masalalarida mehnat huquqi me’yorlarining samarali qo‘llanilishi zarurligini ta’kidlagan. Pavlovning fikriga ko‘ra, ish vaqti va dam olish vaqtining to‘g‘ri balanslanishi nafaqat xodimlar sog‘lig‘i, balki mehnat samaradorligini oshirish uchun ham muhim hisoblanadi.
Bundan tashqari, V.Shukolov ish vaqti va dam olish vaqtini belgilashda nafaqat xodimlarning huquqlarini himoya qilish, balki ish beruvchilarning manfaatlarini ham inobatga olish zarurligini aytgan. U shuningdek, smenali ish va moslashuvchan ish vaqti kabi zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash kerakligini ta’kidlagan.
Ish vaqtining normal davomiyligi nima?
Mehnat kodeksining 182-moddasida xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligining belgilab qo‘yilishi, ish haftasining eng ko‘p davomiyligi qirq soatdan oshmasligini qonun bilan belgilanganligi va bu norma O‘zbekiston Respublikasida mulkchilikning shaklidan qat’i nazar barcha korxonalarda ishlayotgan, shuningdek yollanma xodimlar mehnatidan foydalanayotgan jismoniy shaxslarga ham, muddatli yoki nomuayyan muddatga ishlayotganligidan qat’i nazar barcha xodimlarga tatbiq qilinishini anglatadi.
Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi, Mehnat kodeksining 183-moddasida ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanishi keltirilgan.
Endilikda yangi tahrirdagi mehnat kodeksi bilan qisqartirilgan ish vaqti belgilanganlar uchun ham ish kunining maksimal davomiyligi aniqlandi:
Xodimlar toifasi |
Ish kunining maksimal davomiyligi |
Ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib bormaydigan voyaga yetmaganlar |
|
15 yoshdan 16 yoshgacha |
· 6 kunlik ish haftasida – 4 soat; · 5 kunlik ish haftasida – 5 soat |
16 yoshdan 18 yoshgacha |
· 6 kunlik ish haftasida – 6 soat; · 5 kunlik ish haftasida – 7 soat 30 daqiqa |
Bundan tashqari amaldagi Mehnat kodeksining 187-moddasiga asosan, ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi. Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda ortiqcha ishlaganlik xodimga qo‘shimcha dam olish vaqti berish yoki xodimning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan normalar bo‘yicha haq to‘lash orqali kompensatsiya qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, mehnat kodeksidagi ish vaqti va dam olish vaqti masalalari nafaqat xodimlarning huquqlarini himoya qilishi, balki ish beruvchilar va jahon mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga hamda boshqa dinamik shart-sharoitlarga moslashishni ham nazarda tutmog‘i lozim.
Muxiddinov Dilshodjon Shavkatjon o‘g‘li
Yuristlar malakasini oshirish markazi Fan, innovatsiya va taʼlim dasturlarini
ishlab chiqish bo‘limi Bosh mutaxassisi