+998 71 200 02 35

Iqtisodiy sudlarda taftish tartibida ish yuritish

21.12.2023 594

Mamlakatimizda odil sudlovni «Yangi O‘zbekiston – yangi sud» prinsipiga amal qilinib yanada kengaytirish uchun insonning sha’ni, qadr-qimmatini ustuvor ekanligini qonuniy ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib qabul qilinmoqda.

Sud masalalari tizimini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslar hamda tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini har tomonlama, ob’ektiv himoya qilishni yanada kuchaytirish, odil sudlovni adolatli ta’minlanishini olib borish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Buning  natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi hozirgi talabga javob beradigan yangi bosqichga chiqdi.

Bundan kelib chiqadiki, hozirgi davrda sud qarorlarini asosligi va qonuniyligini qayta ko‘rish va tekshirish institutini takomillashtirishga zaruriyat mavjudligi ko‘rinmoqda.

Bunga ko‘ra, kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2024 yil 1-yanvardan kuchga kirishi belgilangan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida qayta ko‘rilishini, alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rilishini, shuningdek apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinishini hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatilishini nazarda tutuvchi normalar kiritildi.

Bu bilan qonunchilikda sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirish hamda sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi “Sud hujjatlarini taftish tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha ish yuritish” to‘g‘risidagi 36-bob bilan to‘ldirildi.

Taftish tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ko‘rsatib o‘tildi.

Taftish tartibida apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga quyidagi shaxslar tomonidan taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin:

ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, bundan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari
va ularning o‘rinbosarlari prokuror ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha, shuningdek boshqa ishlar bo‘yicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lgan taqdirda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, ushbu sudlarning taftish instansiyasining sud hujjatlari va ushbu sudlar tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud hujjatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud hujjatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga ham taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Shu bilan birga aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari prokuror ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha, shuningdek boshqa ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga binoan ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lgan taqdirda.

O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga   O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, unga shu kodeksda ko‘rsatilgan shaxslarning murojaatiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori эса, prokurorning ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha, kodeksda ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatiga taftish tartibida protest keltirishlari mumkinligi to‘g‘risida qo‘shimchalar kiritilgan.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘riladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan protest keltirilganda – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan ko‘riladi.

Taftish tartibida shikoyat (protest) berish tartibi shundan iboratki, shikoyat (protest) ishni taftish tartibida ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari nomiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.

Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud taftish tartibidagi shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni ishni taftish tartibida ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga ish bilan birga yuborishi shart.

O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga  binoan sud hujjatlari ustidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.

Taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati kodeksda belgilangan. Bunga ko‘ra taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddati kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar o‘tgan bo‘lsa, taftish tartibdagi shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilgan kundan e’tiboran uch oy ichida berilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar o‘tgan bo‘lsa, taftish tartibidagi shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida berilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, Bosh prokurorining protesti kodeksda ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati kelib tushgan kundan e’tiboran uch oy ichida, lekin O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran olti oydan ortiq bo‘lmagan muddatda kiritilishi mumkin.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha sud tomonidan, agar iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va taftish tartibida shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin.

 O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida  taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) nimalar ko‘rsatilishi belgilangan. Bularga:

1) shikoyat (protest) yo‘llanayotgan sudning nomi;

2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning ishdagi protsessual holati;

3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini, qarorni qabul qilgan sudning nomi;

4) ishning raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va nizo predmeti;

5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari va shaxs qonunlarga yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, ish holatlariga hamda dalillarga havola qilingan holda sud hujjatini noto‘g‘ri deb hisoblash uchun keltirgan asoslar;

6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati kiradi.

Bundan tashqari, taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) uni berayotgan shaxsning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.

Ishda ishtirok etmagan shaxsning taftish tartibidagi shikoyatida qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bilan mazkur shaxsning qanday huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilganligi ko‘rsatilishi kerak.

Taftish tartibidagi shikoyat shikoyatni berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Protest protestni keltirgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak.

Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berayotgan shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) va unga ilova qilingan, bu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxasini yuborishi yoki tilxat olib shaxsan topshirishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) ilova qilinadigan hujjatlar sanab o‘tilgan. Bularga: 1) davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;

2) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taftish tartibidagi shikoyatning va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat;

3) taftish tartibidagi shikoyat vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning imzolashga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi hujjat kiradi.

Taftish tartibidagi protestga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga protest va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini
yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, prokuror ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning murojaati ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi.

Apellyasiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish yoxud apellyasiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi ajrim ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) qabul qilinishi rad etilgan yoki qaytarilgan shikoyat (protest)
va uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga berilgan taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) qabul qilinishi rad etilgan yoki qaytarilgan shikoyat (protest) hamda uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.

 

 Nasullaev Mubin

 Yuristlar malakasini oshirish

Markazi dotsenti