Oʻzbekistonda intellektual mulk sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, intellektual mulk ob’yektlarining himoyasini ta’minlash, mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro shartnoma va bitimlarning ratifikatsiya qilinishi kabi islohotlar shular jumlasidandir.
Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalari va innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, mintaqaviy brendlarni yaratish, kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2022 yil 27-oktabr kuni Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil etilgan “Intellektual mulk huquqini himoya qilishni takomillashtirish masalalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda mamlakatimizdagi yuridik oliy o‘quv yurtlarining yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari ishtirok etdilar.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad - intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omil ekanligidan kelib chiqib, intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish vazifalarini izchil amalga oshirishdan iborat.
Konferensiyada intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish, sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga o‘z vaqtida chora ko‘rish, mualliflarning va boshqa ijodkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xorijiy kompaniyalarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish kabi dolzarb muammolar muhokama qilindi.