+998 55 518 57 77

Ijtimoiy tarmoqlarda mualliflik huquqini himoya qilish

25.09.2026 17

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar nafaqat muloqot qilish, balki turli ijodiy materiallarni keng ommaga taqdim etish imkonini beruvchi maydonga aylandi. Foydalanuvchilar Instagram, Telegram, YouTube, TikTok va boshqa platformalarda fotosurat, video, maqola, musiqa, grafik dizayn hamda boshqa turdagi kontentlarni joylashtirmoqda. Biroq materialning internetga joylashtirilgani undan istalgan tarzda foydalanish mumkinligini anglatmaydi. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda kontentdan foydalanishda mualliflik huquqiga e’tibor qaratish muhim.

Internetga joylashtirilgan kontentdan istalgancha foydalanish mumkinmi?

Ijtimoiy tarmoqdagi kontent hammaga ko‘rinib turgani bilan, bu undan hech qanday shartlarsiz foydalanish mumkin degani emas. Masalan, Instagramda joylashtirilgan fotosuratni boshqa shaxs yuklab olib, o‘z sahifasida e’lon qilishi, maqolani ko‘chirib boshqa joyda o‘z nomidan taqdim etishi yoki videoni boshqa platformaga joylashtirishi mumkin. Bunday vaziyatlarda kontentning kimga tegishli ekanligi va undan qanday foydalanish mumkinligi masalasiga e’tibor berish kerak. Shuningdek, faqat muallifning ismini ko‘rsatishning o‘zi ham har doim yetarli bo‘lmaydi. Boshqa shaxsga tegishli materialdan foydalanishdan oldin uning muallifini, foydalanish shartlarini hamda bunday foydalanish uchun tegishli ruxsat yoki huquqiy asos mavjudligini aniqlash kerak.

Mualliflik huquqi qanday holatlarda buzilishi mumkin?

Ijtimoiy tarmoqlarda mualliflik huquqi bilan bog‘liq muammolar turli ko‘rinishda yuzaga kelishi mumkin. Jumladan, boshqa shaxs tomonidan yaratilgan maqola yoki matnni ko‘chirib, uni o‘z nomidan e’lon qilish shunday holatlardan biridir. Shuningdek, fotosurat, video, musiqa yoki grafik materiallardan tegishli huquqiy asos bo‘lmagan holda foydalanish ham mualliflik huquqi masalasini yuzaga keltirishi mumkin. Ayniqsa, bunday kontent reklama, blog yuritish yoki boshqa faoliyat doirasida ishlatilganda uning foydalanish shartlariga e’tibor berish zarur. Bundan tashqari, muallif tomonidan yaratilgan asarni uning roziligisiz o‘zgartirish yoki tarqatish ham huquqiy javobgarlik masalalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Mualliflik huquqi buzilganda nima qilish kerak?

Agar siz yaratgan kontentdan boshqa shaxs tegishli asos bo‘lmagan holda foydalangan bo‘lsa, avvalo ushbu holatni tasdiqlovchi dalillarni saqlab qo‘yish muhim. Buning uchun kontent joylashtirilgan sahifaning havolasi, skrinshoti va sanasini saqlash mumkin. Shuningdek, yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni qayd etib qo‘yish ham muhim sanaladi. Keyingi bosqichda kontentdan foydalangan shaxsga murojaat qilib, undan foydalanishni to‘xtatish yoki materialni olib tashlashni so‘rash lozim. Agar kontent ijtimoiy tarmoq yoki boshqa platformaga joylashtirilgan bo‘lsa, platformaning mualliflik huquqi buzilishi bo‘yicha murojaat qilish imkoniyatlaridan foydalanish tavsiya etiladi. Agar muammo shu yo‘l bilan hal etilmasa, huquqni himoya qilishning tegishli huquqiy vositalaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bunda kontentning kim tomonidan yaratilgani, undan kim foydalangani va undan qanday foydalanilgani muhim ahamiyatga ega.

O‘z kontentingizni qanday himoya qilish mumkin?

Muallif o‘z kontentidan foydalanish shartlarini oldindan belgilashi o‘z kontentini himoya qilish usullaridan biri hisoblanadi. Masalan, undan foydalanishga ruxsat berilgan yoki berilmagan holatlarni ko‘rsatish, ruxsat berilganda esa foydalanish shartlarini aniq belgilash kerak. Shuningdek, kontentda muallifning ismi, nomi yoki sahifa nomini ko‘rsatish uning muallifligini aniqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, kontentning original nusxalarini saqlab qo‘yish ham muhim. Bu materialning kim tomonidan yaratilganini ko‘rsatishda va zarur hollarda mualliflikni tasdiqlashda foydalanish uchun samarali hisoblanadi.

Umuman olgandan, ijtimoiy tarmoqlar ijodiy kontentni keng ommaga yetkazish uchun katta imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, internetda joylashtirilgan materialdan foydalanishda mualliflik huquqiga hurmat bilan yondashish zarur. Kontentdan foydalanmoqchi bo‘lgan shaxs uning muallifini va foydalanish shartlarini aniqlashi, zarur hollarda tegishli ruxsat yoki huquqiy asosga ega bo‘lishi kerak. Mualliflar esa o‘z kontentidan foydalanish shartlarini belgilashi, original materiallarini saqlashi va huquqlari buzilgan taqdirda tegishli choralarni ko‘rishi kerak. Demak, ijtimoiy tarmoqlarda kontentdan foydalanishda uning ochiq joylashtirilganiga emas, balki mualliflik huquqiga rioya etilishiga e’tibor qaratish muhim hisoblanadi.

 

A.Lapasov