+998 55 518 57 77

Huquqiy nigilizm: Qonunlarni mensimaslik nimalarga olib keladi?

25.09.2026 15

Huquqiy nigilizm jamiyat huquqiy taraqqiyotining tizimli hamda maqsadga muvofiq rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘diruvchi hamda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yuksalishiga to‘siq bo‘luvchi salbiy hodisalardan biridir.

Nigilizm (lotincha – “nihil” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, hech narsa, inkor degan ma’noni anglatadi). Huquqiy nigilizm shaxslarning, ijtimoiy guruhlarning muayyan huquqiy qadriyatlarga, normalarga, belgilangan tartib-qoidalarga salbiy munosabatini, mensimaslik va har qanday normalar, prinsiplar va qonunlarni rad etish degan ma’noni bildiradi va subyektning muayyan qadriyatlar, normalar, qarashlar, ideallar, inson turmushining ayrim tomonlariga, ba’zida esa hamma tomonlariga nisbatan salbiy munosabatini ifoda etadi.

Bu hodisa nafaqat huquq tizimining barqarorligiga, balki jamiyatdagi adolat va tartibga ham jiddiy xavf tug‘diradi.

Huquqiy nigilizm quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi:

Kundalik nigilizm – yo‘l qoidalarini buzish, mayda-chuyda huquqbuzarliklarga “hech narsa qilmaydi” deb qarash;

Huquqiy loqaydlik – o‘z huquqlarini bilmaslik yoki ularni himoya qilishga urinmaslik;

Institutsional nigilizm – mansabdor shaxslarning o‘zi qonunlarni suiiste’mol qilishi, “amaldagi qonun emas, amaldagi tanish-bilishchilik” tamoyili bilan ish yuritishi;

Ochiq huquqbuzarlik – qonunni ataylab, ochiqdan-ochiq buzish holatlari.

Qiziqarli jihati shundaki, huquqiy nigilizmning zid tomoni ham mavjud — bu huquqiy idealizm, ya’ni qonunga haddan tashqari ishonish, uni deyarli sehrli kuchga ega deb bilish, go‘yo faqat yangi qonun qabul qilinsa, muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi degan noto‘g‘ri tasavvur. Aslida ikkala holat ham qonunni mensimaslik, ham unga ko‘r-ko‘rona sig‘inish jamiyat uchun zararli, chunki ikkalasi ham haqiqiy huquqiy madaniyat o‘rniga soxta munosabatni shakllantiradi.

Sabablari nimada?

Mutaxassislar huquqiy nigilizmning bir necha asosiy sababini ko‘rsatadi:

1. Huquqiy savodsizlik. Odamlar o‘z huquq va majburiyatlarini bilmasa, qonunga bo‘lgan hurmat ham shakllanmaydi. Bugungi kunda qonun hujjatlari bilan tanishish imkoniyati ancha oson bo‘lsa-da, aholining huquqiy bilim darajasi hamon yetarli emas.

2. Qonun ijrosiga bog‘liqlik. Agar huquqbuzarlik uchun adolatli jazo berilmasa, odamlarda “baribir hech narsa bo‘lmaydi” degan tuyg‘u paydo bo‘ladi. Bu esa qonunga bo‘lgan ishonchni yanada pasaytiradi.

3. Korrupsiya va adolatsizlik. Mansabdor shaxslarning o‘zi qonunni buzishi yoki uni shaxsiy manfaat uchun ishlatishi fuqarolarda “qonun hamma uchun teng emas” degan fikrni mustahkamlaydi.

4. Raqamli muhit ta’siri. Zamonaviy tadqiqotlarga ko‘ra, internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi bilan huquqiy nigilizm yangi shakllarda namoyon bo‘lmoqda: anonimlik, internet platformalarida tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonish va huquqiy savodsizlik bu hodisani kuchaytiruvchi asosiy omillar sifatida ko‘rilmoqda. Masalan, internetda mualliflik huquqini buzish, soxta ma’lumot tarqatish yoki onlayn oldi-sotdida qoidalarga rioya qilmaslik kabi holatlar buning yorqin misolidir.

Oqibatlari qanday bo‘ladi?

Qonunlarni mensimaslik har bir fuqaro uchun ham, butun jamiyat uchun ham og‘ir oqibatlarga olib keladi:

I. Jamiyat darajasida. Huquqiy tartibning izdan chiqishi. Qonunlar hurmat qilinmagan joyda jinoyatchilik, korrupsiya va o‘zboshimchalik kuchayadi.

Ishonchning yo‘qolishi. Fuqarolar davlat organlariga, sudlarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonmay qo‘yadi. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqani zaiflashtiradi.

Iqtisodiy taraqqiyotga to‘siq. Xorijiy investorlar va tadbirkorlar shartnomalar bajarilishiga, mulkiy huquqlarning himoyalanganligiga ishonch bo‘lmagan mamlakatga sarmoya kiritmaydi.

“Kuchli qo‘l” madaniyatining kuchayishi. Qonun ishlamagan joyda odamlar muammolarni norasmiy yo‘llar — pora, tanish-bilishchilik yoki hatto o‘zboshimchalik bilan hal qilishga o‘tadi.

 

II. Shaxs darajasida

Inson o‘z huquqlarini bilmagani yoki ularga ishonmagani uchun o‘z huquqlari bilan o‘zini himoya qila olmasligi mumkin;

Kichik huquqbuzarliklarga “oddiy hol” deb qarash asta-sekin jiddiyroq jinoyatlarga yo‘l ochadi;

Jamiyatdagi umumiy ishonchsizlik muhiti insonning o‘zi ham nohaq munosabatga uchraganda adolat izlashdan voz kechishiga sabab bo‘ladi.

Yosh avlod orasida bu masala alohida ahamiyat kasb etadi. Agar yoshlarda dastlabki yillardanoq qonunga hurmat tuyg‘usi shakllanmasa, bu keyinchalik ularning butun hayotiy pozitsiyasiga, jamiyatga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qiladi.

 

Huquqiy nigilizmni qanday yengish mumkin?

Huquqshunos mutaxassislar bu muammoni bartaraf etishning bir nechta yo‘nalishini ko‘rsatadi.

1. Huquqiy ta’lim va tarbiya. Maktab va ta’lim bosqichidayoq bolalarga va yoshlarga huquq asoslarini, fuqarolik burchi va huquqlarini tushuntirish zarur. Bu jarayon shunchaki qonun moddalarini yodlatish emas, balki ularning hayotiy ahamiyatini tushuntirish orqali amalga oshirilishi kerak.

2. Qonun ijrosining shaffofligi va adolatliligi. Qonun barcha uchun bir xil qo‘llanilishi ko‘rsatilsa, odamlarda unga bo‘lgan ishonchi kuchayadi. Bu — eng kuchli vositalardan biri, chunki so‘z bilan emas, amaliy misol bilan ishontirish har doim samaraliroq bo‘ladi.

3. Korrupsiyaga qarshi kurash. Mansabdor shaxslarning o‘zi qonunga rioya qilishi, jazoning muqarrarligi tamoyili ta’minlanishi lozim.

4. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot. Huquqiy bilimlarni sodda va qiziqarli tarzda yetkazish, real hayotiy misollar orqali tushuntirish samarali natija beradi.

5. Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish. Fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qila oladigan, murojaat qila oladigan mustaqil tuzilmalarning mavjudligi ham muhim omil hisoblanadi.

Shu bilan birga, qonunni haddan tashqari ko‘paytirish yoki tez-tez o‘zgartirish ham to‘g‘ri yechim emas — bu huquqiy idealizmga olib kelishi mumkin. Aksincha, qonunchilik va jamiyatning ijtimoiy rivojlanishi bir-biriga mos, uyg‘un tarzda borishi kerak.