+998 71 200 02 35

Garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish tartibi

29.07.2025 223

Garov majburiyatlar bajarilishini ta’minlash usullaridan biri hisoblanadi.

Garov tufayli kreditor (garovga oluvchi) qarzdor majburiyatlarni bajarmagan taqdirda garovga qo‘yuvchi garovga qo‘ygan mol-mulk qiymatidan ta’minlanish huquqiga egadir. Qonun bo‘yicha haqiqiy bo‘lgan har qanday majburiyatning: zayom, (bank beradigan qarz), ijara, oldi-sotdi, yuklarni tashish va huquqning har qanday subyektlari (jismoniy va yuridik shaxslar, davlat) o‘rtasidagi boshqa majburiyatlarning bajarilishi garov bilan ta’minlanishi mumkin. Ashyolar, qimmatli qog‘ozlar, pul mablag‘lari, shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish, yakka tartibda uy-joy qurish uchun kim oshdi savdosi asosida olingan yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik huquqi, shuningdek savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari, turar joy binolari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda, boshqa mol-mulk va mulkiy huquqlar garov narsasi bo‘lishi mumkin.

Shaxsiy xususiyatga ega bo‘lgan talablar, shuningdek garovga qo‘yilishi qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan boshqa talablar garov narsasi bo‘lishi mumkin emas. Garov huquqi kelgusida garovga qo‘yuvchining egaligiga (to‘liq xo‘jalik tasarrufiga yoki bevosita boshqaruviga) o‘tadigan mol-mulkka nisbatan shartnoma bilan tatbiq etilishi mumkin.

Basharti, shartnomada yoki qonunlarda o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mol-mulkka nisbatan garov huquqi mol-mulkning ashyolarini ham, tarkibiy samarasini ham o‘z ichiga oladi. Mol-mulkka nisbatan garov huquqi shartnomada yoki qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, doirada va tartibda ajratib bo‘ladigan samarani, bo‘lg‘usi hosilni, chorva mollar naslini, buyum keltiradigan daromadlarni o‘z ichiga olishi mumkin. O‘rtadagi umumiy mol-mulk faqat barcha mulkdorlarning roziligi bilan garovga berilishi mumkin. Mulkdorning umumiy hissabay mulkdagi o‘z ulushini garovga qo‘yish qolgan mulk egalarining rozilik berishini talab qilmaydi.

Garov garov shartnomasi imzolangan paytdan e’tiboran, shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan hollarda esa, shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Agar shartnomaga yoki qonunlarga muvofiq garov narsasi garovga oluvchida turishi lozim bo‘lsa, garov huquqi unga garov narsasi berilgan paytda, agar garov narsasi shartnoma imzolangunga qadar berilgan bo‘lsa, shartnoma imzolangan paytda vujudga keladi.

Garov narsasiga bo‘lgan mulkiy huquq (to‘liq xo‘jalik tasarrufi yoki bevosita boshqaruvi) garovga qo‘yuvchidan uchinchi shaxsga o‘tgan taqdirda garov o‘z kuchini saqlaydi.

Kreditor talablarini to‘liq hajmda qondirgan uchinchi shaxsga talab qilish huquqini ta’minlagan garov ham o‘tadi.

Depozitga pul o‘tkazish yo‘li bilan garovni to‘xtatish - Garovga oluvchi garov bilan ta’minlangan pul majburiyati ijrosini qabul qilishdan voz kechganida tegishli pul notarial idora yoki bankning depozitiga o‘tkaziladi. Depozitga o‘tkazilgan pul qarzni to‘liq qoplasa, garov shartnomasi o‘z kuchini yo‘qotadi.

Garov narsasining garovga oluvchi tomonidan mustaqil ravishda sotilishi.

Garovga oluvchi garov to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda, garovda turgan mol-mulkni mustaqil ravishda sotishga haqlidir.

Garovga qo‘yuvchi mol-mulkni qasddan arzon bahoda sotganligi uchun javob berishi to‘g‘risida garovga oluvchi oldiga talab qo‘yishga haqlidir. Garov narsasini vositachilik asosida, bozorda yoki kimoshdi savdosida sotish garovga oluvchining arzon bahoda sotganlikda aybi yo‘qligining shartidir.

Zakalat — ko‘char mol-mulkning garovidir, bunda garov narsasini tashkil etuvchi ashyo garovga qo‘yuvchi tomonidan garovga oluvchi ixtiyoriga beriladi. Kreditorning garovga qo‘yuvchi bilan kelishuviga binoan garov narsasi garovga qo‘yuvchi ixtiyorida qulflangan va garovga oluvchining muhri bosilgan holda (ishonchli garov) qoldirilishi mumkin. Alohida belgilangan ashyo garov to‘g‘risida dalolat beruvchi belgilar qo‘yilgan holda garovga qo‘yuvchi ixtiyorida qoldirilishi mumkin.

Garovga qo‘yuvchining iltimosiga ko‘ra, sud undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish to‘g‘risidagi qarorda uni ochiq kimoshdi savdosida sotishni bir yil muddatgacha kechiktirishga haqli. Kechiktirish ushbu mol-mulkning garovi bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha taraflarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi hamda kreditorning kechiktirish vaqti mobaynida ko‘paygan zararlarining o‘rnini qoplashdan va neustoykani undirishdan qarzdorni ozod qilmaydi.

Garovga qo‘yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, bo‘lib-bo‘lib sotish yo‘li bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.

Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda (undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan taqdirda) garovga oluvchi garovga qo‘yuvchi bilan kelishuvga ko‘ra, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotib olishga va xarid narxini garov bilan ta’minlangan o‘z talablari hisobiga o‘tkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.

Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotish narxidan ko‘pi bilan o‘n foiz kamroq summada baholab, o‘zida olib qolishga haqli.

Agar garovga oluvchi garov narsasini o‘zida olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida foydalanmasa, garov to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinadi.

Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, u, qonunda yoki shartnomada boshqacha ko‘rsatma mavjud bo‘lmagan taqdirda, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda, qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.

Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchilarning garov bilan ta’minlangan talablari miqdoridan oshib ketsa, farq garovga qo‘yuvchiga qaytariladi.

Qarzdor yoki uchinchi shaxs bo‘lgan garovga qo‘yuvchi garov narsasi realizatsiya qilinguniga qadar istalgan vaqtda garov bilan ta’minlangan majburiyatni yoki uning muddati o‘tkazib yuborilgan qismini bajarib, undiruvni garov narsasiga qaratishni va uni realizatsiya qilishni tugatishga haqli. Bu huquqni cheklaydigan kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir.

 

Marketing va buyurtmachilar bilan aloqalar bo‘limi.

Katta mutaxassis: M. Ruzimuxamedova