Bugungi kunda budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish, budjet mablag‘laridan samarali va oqilona foydalanish hamda moliyaviy intizomni ta’minlash davlat xaridlari jarayoni bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli davlat xaridlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat xarid bo‘limlari, balki buxgalteriya va moliyaviy xizmatlar faoliyatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi
PF-259-son Farmoni bilan davlat xaridlari tizimida raqobat muhitini rivojlantirish, shaffoflikni ta’minlash, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish hamda xarid jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan qator yangi tartiblar belgilandi.
Davlat xaridlarini amalga oshirishdagi yangi tartiblar Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ayrim tovarlar, ishlar va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish bo‘yicha ilgari mavjud bo‘lgan ro‘yxat bekor qilindi. Mazkur xaridlar, qonunchilikda nazarda tutilgan istisnolardan tashqari, raqobatli xarid usullaridan foydalangan holda amalga oshirilishi belgilandi.
Ushbu o‘zgarishlar buxgalteriya va moliyaviy xizmatlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki xarid uchun mablag‘larni rejalashtirish, shartnoma summalarini hisobga olish, to‘lovlarni amalga oshirish va xarid natijalarini tegishli moliyaviy hujjatlarda aks ettirishda xaridning qonuniy asoslari va belgilangan tartibga rioya qilinishi talab etiladi.
“Taklif so‘rovi” — xaridlarni amalga oshirishning yangi imkoniyati
PF-259-son Farmon bilan davlat buyurtmachilari tomonidan ayrim tovarlar, ishlar va xizmatlarni “taklif so‘rovi” orqali xarid qilish imkoniyati yaratildi. Mazkur tartib bo‘yicha xarid qilinishi mumkin bo‘lgan tovarlar, ishlar va xizmatlar alohida ro‘yxat asosida belgilanadi. “Taklif so‘rovi” tartibining amaliy jihatdan muhim tomoni shundaki, davlat buyurtmachisi xarid jarayonida kelib tushgan takliflarni o‘rganib chiqib, o‘zining mavjud ehtiyojlari va talablariga mos keladigan taklifni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda faqatgina taklif etilgan narxga emas, balki mahsulot yoki xizmatning sifati, texnik xususiyatlari, yetkazib berish shartlari, xizmat ko‘rsatish muddati, ijrochining joylashuvi (lokatsiyasi), yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish qulayligi hamda boshqa muhim jihatlariga ham e’tibor qaratish imkoniyati mavjud. Masalan, davlat tashkilotiga muayyan xizmat ko‘rsatish zarur bo‘lganida, bir nechta tadbirkorlik subyektlari tomonidan turli takliflar kelib tushishi mumkin. Buyurtmachi ushbu takliflarni o‘z ehtiyojidan kelib chiqib o‘rganadi va tashkilot uchun qulay shartlarni taklif qilayotgan ijrochini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xaridlarda ijrochining joylashuvi muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Tashkilotga yaqin hududda joylashgan xizmat ko‘rsatuvchi subyektning tezkor xizmat ko‘rsatishi, transport xarajatlarining nisbatan qulayligi, zarur hollarda mutaxassisning tez yetib kelishi kabi omillar xaridni tashkil etishda amaliy jihatdan muhim bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, turli takliflarni o‘zaro solishtirish davlat buyurtmachisiga tashkilot ehtiyojlariga eng mos shartlarni aniqlash imkonini beradi. Bu esa xarid jarayonida raqobatni rivojlantirish va budjet mablag‘laridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Xarid jarayonlarining raqamlashtirilishi Farmonda davlat xaridlari jarayonlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xaridlar bilan bog‘liq ma’lumotlarning elektron axborot tizimlari orqali shakllantirilishi va almashinuvi kengaytirilmoqda.
Bunday raqamlashtirish buxgalteriya va moliyaviy xizmatlar faoliyatida ham muhim ahamiyatga ega. Chunki xaridlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron shaklda shakllanishi shartnomalar, moliyaviy majburiyatlar va to‘lovlar bo‘yicha ma’lumotlarning o‘zaro muvofiqligini nazorat qilish imkoniyatini oshiradi.
Farmonda, shuningdek, tuzilgan shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Shartnomalarning yagona reyestriga kiritish jarayonlarini avtomatlashtirishga qaratilgan mexanizmlar ham nazarda tutilgan.
Bu holat buxgalteriya xizmatlari uchun shartnoma ma’lumotlarining to‘g‘ri va o‘z vaqtida shakllantirilishi hamda moliyaviy operatsiyalar bilan muvofiqligini ta’minlash masalasini yanada dolzarb qiladi.
Xarid qiymatini asoslash va bozor narxlarini aniqlash Davlat xaridlarida budjet mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida xarid qilinayotgan tovar, ish va xizmatlarning qiymatini asoslashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Farmonda davlat xaridlarining maxsus axborot portalida o‘rtacha bozor narxlarini aniqlash imkonini beruvchi elektron modulni joriy etish nazarda tutilgan. Mazkur mexanizm xaridning boshlang‘ich qiymatini shakllantirishda bozor narxlarini hisobga olish va xarid qiymatining asoslanganligini ta’minlashga xizmat qiladi. Buning natijasida xaridlarni rejalashtirishda ajratilgan mablag‘larning miqdorini to‘g‘ri belgilash, xarid qiymatini asoslash va davlat mablag‘laridan samarali foydalanish imkoniyatlari kengayadi. Ombor hisobini yuritish va inventarizatsiya
Davlat tashkilotlarida buxgalteriya hisobining muhim yo‘nalishlaridan biri tovar-moddiy boyliklarning hisobini to‘g‘ri yuritish hisoblanadi.
Farmonda omborlarda saqlanayotgan tovarlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, mavjud zaxiralarni aniqlash va keyingi xaridlarni mavjud qoldiqlardan kelib chiqib rejalashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur tartib ortiqcha yoki takroriy xaridlarning oldini olish, mavjud tovar-moddiy boyliklardan samarali foydalanish hamda buxgalteriya va ombor hisobining o‘zaro muvofiqligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Buxgalteriya xizmati uchun amaliy ahamiyati- Davlat xaridlari sohasidagi yangi tartiblar buxgalteriya xodimlarining faoliyatida ham qator vazifalarni yuzaga keltiradi.
Jumladan: xaridlar bo‘yicha tuziladigan shartnomalarning qonunchilik talablariga muvofiqligini nazorat qilish;
xarid uchun ajratilgan mablag‘larning belgilangan maqsadda sarflanishini ta’minlash;
shartnoma, hisobvaraq-faktura va to‘lov hujjatlarining o‘zaro muvofiqligini tekshirish;
tovar-moddiy boyliklarning ombor va buxgalteriya hisobini muvofiqlashtirish;
inventarizatsiya natijalarini keyingi xaridlarni rejalashtirishda inobatga olish;
xarid qiymatining asoslanganligiga e’tibor qaratish;
elektron axborot tizimlarida shakllantiriladigan ma’lumotlarning to‘g‘riligini ta’minlash.
Shunday qilib, PF-259-son Farmon bilan davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni kuchaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlarning joriy etilishi buxgalteriya va moliyaviy xizmatlar faoliyatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, “taklif so‘rovi” orqali bir nechta takliflarni o‘rganish va tashkilot uchun narxi, sifati, lokatsiyasi, xizmat ko‘rsatish qulayligi, yetkazib berish muddati va boshqa shartlari bo‘yicha maqbul bo‘lgan variantni tanlash imkoniyati davlat buyurtmachilari uchun amaliy jihatdan muhim yangiliklardan biri hisoblanadi.
Buxgalteriya va reja-moliya
bo‘limi bosh mutaxassisi
S.Xosilbekov


