Bolaning baxtli bo’lishi, xavfsiz hayoti va munosib kelajagi har qanday jamiyatning eng muhim ma’naviy va huquqiy mezonlaridan biridir. Zero, bolaga ko‘rsatilgan mehr, uning huquqlariga hurmat va xavfsiz muhitda kamol topishi nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning kelajagini belgilaydi.
Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik faqat jismoniy tajovuz bilan cheklanmaydi. Ruhiy tazyiq, haqoratlash, kamsitish, qo‘rqitish, beparvolik, jinsiy tajovuz va ekspluatatsiya ham bolaning shaxsiyati hamda kelajagiga jiddiy zarar yetkazadi. Ayniqsa, bola o‘z huquqlarini mustaqil himoya qilish imkoniyatiga ega emasligini hisobga olsak, uning xavfsizligini ta’minlash davlat va jamiyatning ustuvor vazifasidir.
Shu nuqtayi nazardan O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi qonunchilik hujjatlarining qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Qonunchilikdagi yangilik: bola huquqlarini himoya qilishning yangi bosqichi
2026-yil 14-oktabrda qabul qilingan O‘RQ-1180-son “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Mazkur Qonun 15-oktabrdan kuchga kirdi.
Ushbu Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik va Jinoyat-ijroiya kodekslariga, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi - zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlangan bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularga malakali yuridik yordam ko‘rsatish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning javobgarligini kuchaytirishdan iborat.
Demak, yangi yondashuv faqat sodir etilgan jinoyat uchun jazo tayinlash bilan cheklanmay, profilaktika, erta aniqlash, huquqiy yordam va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ham qamrab oladi.
Zo‘ravonlik uchun javobgarlik: qonuniy talablar kuchaymoqda
Yangi qonunchilikning muhim yo‘nalishlaridan biri bolalarga nisbatan, ayniqsa, jinsiy zo‘ravonlik va bolaning hayotiga qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishdir.
Xususan, Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan tegishli og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq boshqa ayrim jinoyatlar uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Bu o‘zgarishlar bola hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilishga nisbatan davlatning murosasiz munosabatini ifodalaydi. Biroq javobgarlikni kuchaytirish bilan bir qatorda bunday holatlarning oldini olish ham muhim ahamiyatga ega.
Jabrlangan bola – alohida protsessual himoyaga muhtoj shaxs
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda eng muhim masalalardan biri jabrlangan bolaning ruhiy holatiga qo‘shimcha zarar yetkazmaslikdir. Chunki hodisa tafsilotlarini qayta-qayta bayon qilish yoki tajovuzkor bilan yuzlashtirish bolaning ruhiy jarohatlanishini kuchaytirishi mumkin.
Shu sababli Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar kiritildi.
Jumladan, bola bilan bog‘liq jinoyat uning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi, vasiysi, homiysi yoki boshqa qarindoshi tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki ta’minlanadi.
Bu norma bolaning qonuniy vakili manfaatlar to‘qnashuvi sababli uning huquqlarini munosib himoya qila olmaydigan vaziyatlarda alohida ahamiyatga ega.
Davlat hisobidan yuridik yordam: bola yolg‘iz qolmaydi
O‘RQ-1180-son Qonunning muhim yangiliklaridan yana biri zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish huquqining belgilanishidir.
Unga ko‘ra, bunday bolalar tegishli protsessual harakatlarga jalb etilgan vaqtdan boshlab davlat hisobidan yuridik yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jinsiy zo‘ravonlikka oid jinoyat ishlari bo‘yicha voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohning malakali advokat bilan ta’minlanishi ham nazarda tutilgan.
Bu mexanizm bolaning huquqiy himoyasini oilasining moddiy imkoniyatlariga bog‘lab qo‘ymaslik, uning manfaatlarini jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ta’minlashga xizmat qiladi.
«Najot» bolalar markazi: xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizm
Bolalarni himoya qilish tizimidagi muhim yangiliklardan biri Prezidentning 2026-yil 14-oktabrdagi “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-375-son qarori bilan bog‘liq.
Mazkur qarorga muvofiq, Samarqand shahrida xalqaro tajribada qo‘llaniladigan “Barnahus” modeli asosida “Najot” bolalar markazini tashkil etish belgilandi.
“Barnaxus” modeli zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, psixologlar, tibbiyot va ijtimoiy xizmat mutaxassislarining hamkorlikda, bolaga mos muhitda ishlashini nazarda tutadi.
2026-yil 20-oktabrdan boshlab qarorda belgilangan toifadagi jinoyatlar bo‘yicha Samarqand viloyatida jabrlangan bolalar bilan ayrim protsessual harakatlar ushbu markazning maxsus jihozlangan xonalarida amalga oshiriladi.
Jarayon maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan prokuratura xodimi – intervyuyer tomonidan psixolog ishtirokida o‘tkaziladi. Barcha protsessual harakatlar audio va videoyozuv orqali qayd etiladi. Ushbu yozuvlar dalil sifatida e’tirof etilib, sud muhokamasida bolani qayta chaqirmasdan foydalanilishi mumkin.
Mazkur mexanizmning asosiy maqsadi – bolaning bir voqeani turli organlarda qayta-qayta bayon qilishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni ikkilamchi ruhiy jarohatlanishdan himoya qilishdir.
Oila va jamiyatning mas’uliyati
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu borada ota-onalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, mahalla hamda fuqarolik jamiyati institutlarining mas’uliyati ham katta.
Yangi qonunchilikda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmaslik, zo‘ravonlik holatlari haqida tegishli axborot bermaslik, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik va bolalarni zararli axborotdan himoya qilish talablarini buzish uchun javobgarlik mexanizmlari ham takomillashtirildi.
Alohida e’tiborli jihati - bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan ta’lim tashkiloti xodimi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha huquqiy asos belgilanganidir.
Bundan ko‘rinadiki, bolaning xavfsizligini ta’minlashda har bir mas’ul shaxsning befarq bo‘lmasligi, zo‘ravonlik alomatlarini o‘z vaqtida aniqlashi va tegishli choralarni ko‘rishi muhimdir.
Xalqaro standartlar va milliy islohotlar uyg‘unligi
BMTning 1989-yildagi Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi davlatlar zimmasiga bolalarni jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik, beparvolik, ekspluatatsiya hamda jinsiy tajovuzdan himoya qilish majburiyatini yuklaydi.
Konvensiyaning 3-moddasida bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash, 12-moddasida uning fikrini eshitish, 19-moddasida zo‘ravonlikdan himoya qilish, 39-moddasida esa jabrlangan bolalarning jismoniy va ruhiy tiklanishini ta’minlash prinsiplari mustahkamlangan.
“Barnahus” modelining O‘zbekistonda joriy etilishi ham ushbu xalqaro standartlar bilan uyg‘un bo‘lib, bolalarni himoya qilishda idoralararo hamkorlik va bolaga do‘stona muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 24-dekabrdagi PF-256-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi”da zo‘ravonlikning oldini olish, holatlarni erta aniqlash, jabrlangan bolalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va jamiyatda murosasizlik muhitini shakllantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Xulosa: bolaning xavfsizligi - jamiyatning umumiy mas’uliyati
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan yangi qonunchilik hujjatlari mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish borasidagi izchil islohotlarning muhim tarkibiy qismidir.
Javobgarlikning kuchaytirilishi, jabrlangan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish, protsessual kafolatlarning kengaytirilishi va “Najot” markazining tashkil etilishi ushbu yo‘nalishdagi huquqiy mexanizmlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Biroq har qanday qonunning haqiqiy samarasi uning amaliyotda qanday ishlashi, huquqbuzarliklarning oldini olishga qay darajada xizmat qilishi va eng muhimi, inson taqdiriga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan o‘lchanadi.
Shu bois bolalarni himoya qilishda davlat organlari, ta’lim muassasalari, mahalla, ota-onalar va butun jamiyatning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Zero, bolaning huquqlarini himoya qilish – faqat bugungi kunning huquqiy talabi emas, balki kelajak avlod oldidagi ma’naviy, ijtimoiy va konstitutsiyaviy mas’uliyatdir. Har bir bola zo‘ravonlikdan xoli, mehr va ishonch hukm suradigan muhitda yashashga haqli.
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti
Pedagoglar Markazi o’qituvchisi
Azimjon Azamatovich Eshonqulov
Penn State University LL.M


