+998 71 200 02 35

Xotin-qizlar kafolati: qonunchilik nima deydi?

01.03.2023 1807

So‘ngi yillar davomida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ahvoli va hayoti sifatini yaxshilash uchun ko‘p ishlar qilindi. Xususan qonunchilik bazasi ham takomillashib, xotin-qizlarning huquqiy kafolatiga qaratilgan ko‘plab yangi normalar kiritilidi

Xotin-qizlarni huquqlarini himoya qilish bo‘yicha so‘nggi yillarda qabul qilingan qonun hujjatlariga quyidagilarni misol qilib keltirishimiz mumkin:

-     “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun;

-     “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun;

-     “Xotin-qizlarni mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori;

-     “Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Hukumat qarori va yana bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Qonunchilikda xotin-qizlar uchun qanday kafolatlar bor?

Qonunchiligimizda ayollarga bir qator imtiyozlar berilgan bo‘lib, ularning aksariyati mehnat qilish bo‘yicha huquqlarni ta’minlashga qaratilgan Xususan:

1. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma’lum qilishi shart.

2. Mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qo‘llanish taqiqlanadi, yer ostidagi ba’zi ishlar (jismoniy bo‘lmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat ko‘rsatish ishlari) bundan mustasnodir.

Ayollarning ular uchun mumkin bo‘lgan normadan ortiq yukni ko‘tarishlari va tashishlari man etiladi.

3. Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi bo‘lgan ishga o‘tkaziladi.

Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan holi bo‘lgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.

4. Ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi bo‘lgan ishga o‘tkaziladi.

5. Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.

6.  Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar

·         tegishli organlarga yoxud sudga murojaat etish;

·         bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish huquqiga egadir.

Jabrlanuvchilar ariza bilan sudga murojaat etganida davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

7.  “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga BHMning 150 baravarigacha (33 mln 450 ming so‘m) miqdorda kreditlar ajratiladi.

Tan olish kerak, bu kabi kafolatlarning barchasi xotin-qizlarning huquqiy kafolatiga qaratilgan.Shuningdek, O‘zbekistonda xotin-qizlarni himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar bir martalik bo‘lmasdan, bu tizimli va doimiy ravishda amalga oshirilish lozim.

                                                                       Yuristlar malakasini oshirish markazi

 Buyurtmalar portfeli va marketingni shakllantirish bo‘limi

bosh mutaxassisi Iroda Avazmetova