+998 71 200 02 35

Mehnat munosabatlarida raqamli texnologiyalar: yangi imkoniyatlar va huquqiy asoslar

24.09.2025 110

XXI asrda raqamli texnologiyalar barcha sohalarga, xususan mehnat munosabatlariga chuqur kirib keldi. Masofaviy ish, elektron mehnat shartnomalari, onlayn bandlik platformalari va sun’iy intellekt asosida boshqariladigan mehnat jarayonlari hozirgi davrning ajralmas qismiga aylandi. Raqamli texnologiyalar mehnat munosabatlarining deyarli barcha jabhalariga yangicha ko‘rinish berdi. Xususan:

  • Masofaviy ish va gig iqtisodiyoti (gig economy): Internet orqali xizmat ko‘rsatuvchilar (freelancerlar, taksi platformalari haydovchilari va boshqalar) raqamli maydonda mustaqil ravishda faoliyat yuritmoqda.
  • Elektron mehnat shartnomalari: Endilikda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi shartnoma elektron raqamli imzo orqali rasmiylashtirilmoqda.
  • Ish faoliyatini monitoring qilish: Zamonaviy monitoring vositalari (masalan, ish vaqtini hisoblovchi ilovalar) xodim faoliyatini raqamli nazorat qilish imkonini beradi.
  • Moslashuvchan ish rejimi: Ishchi o‘z joyidan qat’i nazar ishlay oladi, bu esa nafaqat samaradorlikni, balki xodimning hayot sifati va ish-mashg‘ulot muvozanatini oshiradi. Ushbu elektronlashgan mehnat munosabatlari eng avvalo sifatli ish jarayonini hamda ortiqcha qog‘ozbozlikni va vaqtni tejash imkoniyatlarini ham yaratib kelmoqda.

Bundan tashqari mehnat munosabatlarini raqamlashtirish xisobiga bir qancha yangi imkoniyatlar yaratiladi.

  • Yangi ish o‘rinlari yaratilishi: Raqamli platformalarda xizmat ko‘rsatish orqali ko‘plab yangi ish imkoniyatlari yuzaga keldi.
  • Mehnat samaradorligi oshishi: Avtomatlashtirilgan jarayonlar yordamida ortiqcha qog‘ozbozlik kamayadi, tezkorlik oshadi.
  • O‘zbekiston sharoitida hududiy tenglik: Raqamli ish orqali olis hududlardagi fuqarolar ham daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Raqamli texnologiyalar imkoniyatlar bilan birga ayrim muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Yani,

  • Ishchi huquqlarining buzilishi ehtimoli: Masalan, gig-ishchilar ish beruvchining to‘liq javobgarligidan chetda qolishi mumkin.
  • Xususiy hayot daxlsizligiga tahdid: Ish monitoringi orqali xodimning shaxsiy hayoti cheklanmoqda.
  • Raqamli savodsizlik: Aholining ba’zi qatlamlari raqamli texnologiyalardan foydalana olmayapti, bu esa tengsizlikni kuchaytiradi.

Mehnat munosabatlarida raqamli texnologiyalar katta salohiyatga ega. Ular ish jarayonini qulay, samarali va ochiq qiladi. Shu bilan birga, qonunchilik doirasida ushbu texnologiyalarning joriy etilishi va xodim huquqlarining himoyasi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston bu borada aniq qadamlar qo‘ymoqda — Mehnat kodeksi, elektron raqamli imzo to‘g‘risidagi qonunlar, masofaviy ish bo‘yicha tartiblar buni yaqqol ko‘rsatadi.

Kelajakda raqamli mehnat munosabatlari yanada kengayadi. Bu esa huquqiy bazani uzluksiz takomillashtirish, xodimlar raqamli savodxonligini oshirish va raqamli tenglikni ta’minlashni talab qiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki raqamli mehnat munosabatlari — bu zamon talabi bo‘lib, nafaqat texnologik, balki huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy yondashuvni ham talab qiladi. O‘zbekiston sharoitida bu sohani rivojlantirish bandlikni oshirish, samaradorlikni kuchaytirish va inson salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun muhim vosita hisoblanadi. Eng asosiysi, bu sohada inson mehnatining qadriyat sifatida himoyasi saqlanishi lozim.

 

 

Institut bosh mutaxassisi
Tohirov Otabek