+998 71 200 02 35

Fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish yo‘lidagi islohatlar

25.11.2025 539

Huquqiy davlat qurish jarayonida fuqarolarning huquqiy savodxonligi va konstitutsiyaviy madaniyati eng asosiy omillardan hisoblanadi. Chunki jamiyatning siyosiy barqarorligi, ijtimoiy munosabatlarning uyg‘unligi va qonun ustuvorligining ta’minlanishi, eng avvalo, aholining Konstitutsiyani qay darajada anglagani bilan bevosita bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda aholining huquqiy ongini oshirish, Konstitutsiyani oson va tushunarli shaklda aholi qatlamlariga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani bu masalaning dolzarbligini yanada oshirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Huquqiy madaniyat – bu oddiy bilimlar majmui emas, balki fuqarolarning ongida qonuniylikni qadriyat sifatida shakllantirishdir.” Mazkur yondashuv zamonaviy huquqiy siyosatning ilmiy asosini belgilab, huquqiy ma’rifatni rivojlantirishning strategik ahamiyatini ko‘rsatadi.

Huquqiy bilim, avvalo, fuqarolarning jamiyatda amal qiladigan huquqiy normalar, ularning maqsadi, funksiyalari, qo‘llanish mexanizmlari va huquqiy institutlarning o‘zaro aloqasini anglash qobiliyatini ifodalaydi. Ilmiy adabiyotlarda huquqiy bilimning ijtimoiy ahamiyati quyidagi jihatlarda namoyon bo‘ladi:

  • fuqarolarning huquqiy xulq-atvorini tartibga solish;
  • huquqiy madaniyatni shakllantirish;
  • shaxsning ijtimoiy faolligini oshirish;
  • davlat va jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy ishonchni mustahkamlash;
  • qonun ustuvorligini ta’minlash.

Demak, huquqiy bilim shaxsning jamiyatdagi huquqiy maydondagi o‘rnini aniqlabgina qolmay, uning ijtimoiy jarayonlarda faolligini kuchaytiradi. Bunda Konstitutsiyani oson tushunish muhim o‘rin tutadi, chunki barcha huquqiy tizim aynan Konstitutsiyadan boshlanadi.

Konstitutsiyaning mazmuni, tuzilishi va undagi yuridik normalarning murakkabligi uni o‘zlashtirishni qiyinlashtiradigan omillardan biridir. Shu bois uni oson, sodda va ommabop tilda talqin qilish har bir demokratik davlat oldidagi dolzarb vazifadir.

Konstitutsiyani oson tushunishning ilmiy-nazariy asoslari quyidagi omillarda o‘z aksini topadi:

Birinchidan, Konstitutsiya ijtimoiy munosabatlarning eng umumiy va fundamental qoidalarini belgilaydi. Ularni anglamasdan boshqa qonunlarni to‘g‘ri talqin qilish amalda qiyinlashadi.

Ikkinchidan, konstitutsiyaviy bilim fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirishda boshlang‘ich bosqich sifatida qaraladi. Agar shaxs asosiy Qomusning mohiyatini anglasa, boshqa huquqiy normalarni o‘zlashtirish jarayoni ancha yengil kechadi.

Uchinchidan, Konstitutsiyani oson tushunish ijtimoiy adolat sezgisini kuchaytiradi. Fuqarolar o‘z huquqlari qanday kafolatlanganini bilsa, huquqbuzarliklar kamayadi, jamiyatda qonuniylik va mas’uliyat kuchayadi.

To‘rtinchidan, konstitutsiyaviy bilim siyosiy jarayonlarda faollikni oshiradi. Ovoz berish, tashabbus bildirish, jamoatchilik nazoratida ishtirok etish kabi jarayonlarda fuqarolar o‘z pozitsiyasini ongli ravishda belgilaydi.

Konstitutsiyani ommaga oson anglatish faqat hujjat matnini soddalashtirish emas, balki pedagogik, psixologik va kommunikativ vositalar majmuasidan foydalanishni talab etadi.

Murakkab huquqiy terminlar oddiy tilda izohlab borilishi shaxsning Konstitutsiyani tez tushunishiga yordam beradi. Masalan, “Huquqiy davlat” tushunchasi “davlat organlari ham, fuqarolar ham qonun asosida ish yuritadigan tizim” tarzida izohlanishi tushunishni yengillashtiradi. Fuqarolarning konstitutsiyaviy bilimini oshirishda turli xil interaktiv ususllar ham katta ahamiyat kasb etadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, grafik ko‘rinishdagi ma’lumot matnga nisbatan 3–5 baravar tez o‘zlashtiriladi. Hokimiyat bo‘linishi, davlat tuzilishi, sud tizimi kabi murakkab tushunchalar infografika orqali ancha oson anglashiladi.

Savol-javoblar, viktorinalar, keys-stadilar, munozaralar kabi faol o‘qitish metodlari konstitutsiyaviy bilimlarni shakllantirishda juda samarali hisoblanadi.

Huquqiy bilimi yetarli bo‘lgan fuqaro nafaqat o‘z manfaatini himoya qiladi, balki jamiyat taraqqiyotiga faol hissa qo‘shadi. Huquqiy bilimning ijtimoiy jihatdan muhim bo‘lgan funksiyalari mavjud:

Ya’ni, fuqarolar o‘z huquqlarini bilsalar, ularni buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi va qonuniy yo‘l bilan himoya qiladi. Huquqiy bilim xulq-atvorning me’yoriy asoslarini belgilaydi. Bilimsiz fuqaro huquqbuzarlik sodir etishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Konstitutsiyani bilgan shaxslar saylovlarda, jamoatchilik nazoratida faol bo‘ladiva huquqiy ongning yuksalishi jamiyatda nizolar sonining kamayishiga olib keladi.

Yurtimizda so‘nggi yillarda aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Ta’lim muassasalarida Konstitutsiya asoslarini chuqur o‘rgatish, OAVda huquqiy kontentlar sonining ortishi, davlat xizmatlari sohasida shaffoflikning kuchaytirilishi, jamoatchilik nazoratining yo‘lga qo‘yilishi konstitutsiyaviy bilimlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaning yangi tahrirda qabul qilinishi aholining huquqiy madaniyatini oshirish uchun keng imkoniyat yaratdi. Inson qadri, ijtimoiy davlat, huquqiy kafolatlarning va sud mustaqilligining kuchayishi kabi tamoyillar keng tushuntirishni talab qiladi. Bu esa ilmiy jamoatchilik va ta’lim tizimining mas’uliyatini yanada oshiradi.

Ta’lim tizimi — huquqiy madaniyatning eng muhim manbai hisoblanadi. Maktab, kollej, oliy ta’lim bosqichlarida huquqiy fanlarning modernizatsiya qilinishi ijobiy natija bermoqda. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari va jamoat birlashmalari ham aholiga huquqiy maslahatlar berish, targ‘ibot ishlari olib borish orqali muhim rol o‘ynamoqda.

Jamoatchilik fikrini shakllantirishda ijtimoiy tarmoqlarning roli ham ortib bormoqda. Huquqiy ma’rifatning raqamli shakllarini rivojlantirish, mobil ilovalar yaratish, video sharhlar tayyorlash yosh avlodga Konstitutsiyani oson tushuntirishning samarali vositasidir. Har yili 8-dekabr konstitutsiya bayrami arafasida Adliya vazirligi tomonidan turli hil shunga o‘xshash ommabop tadbirlar tashkil etilib keinadi.

Fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish va Konstitutsiyani oson tushunish huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning zarur shartidir. Konstitutsiya mazmunining chuqur o‘zlashtirilishi shaxsning huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi, mas’uliyati va davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. O‘zbekistonning bugungi islohotlar davrida konstitutsiyaviy madaniyatni yuksaltirish nafaqat huquqshunoslar, balki jamiyatning barcha qatlamlari uchun dolzarb vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Konstitutsiyani oson, sodda va ilmiy asoslangan shaklda ommaga yetkazish  huquqiy ongning shakllanishi, jamiyat barqarorligi va demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladigan poydevordir.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va

malakasini oshirish instituti

 bosh mutaxassis

 Moxlaroyim Tolipova