+998 71 200 02 35

Adliya vazirligida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini ta'minlash yuzasidan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi

17.09.2024 1440

Hammamizga ma’lumki mamlakatimizda qilinayotgan islohotlarning tub zamirida inson va uning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iboratdir. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ro‘yobga chiqarilayotgan aniq chora-tadbirlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning o‘rni alohida ekanligini ta’kidlash lozim.

 So‘ngi yillarda davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yangicha yondashuv va zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonlarda davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlovchi mas’ul xodimlarining malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilganligini ko‘rishimiz mumkin.

   Joriy yilning 17-sentabr kuni Adliya vazirligi va Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashga mas’ul xodimlari uchun “Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini ta’minlash: nazariya va amaliyot” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. 

  Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad – davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samarodorligiga hissa qo‘shish, murojaatlar bilan ishlashga mas’ul xodimlarni bu borada qonunchilikdagi yangiliklardan boxabar qilish, murojaatlarga doir qonunchilikdagi muammoli holatlarni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilish hamda mutaxassislar va keng jamoatchilik o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvi maydonini yaratishdan iborat.

  Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, hamda boshqa bir qator vazirlik va qo‘mita vakillari ishtirok etishdi.

  Konferensiya asosiy ma’ruzalar, muhokamalar, erkin fikr almashish, tadbir ishtirokchilarining nazariy va amaliy ishlanmalari bilan tanishish tarzida olib borildi. Konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan chop etilgan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga sharh va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi” uslubiy qo‘llanma nomli kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.