+998 55 518 57 77

OLDI-SOTDI SHARTNOMASIDA FUQAROLAR NIMALARGA E’TIBOR BERISHI LOZIM?

08.09.2026 111

Shartnoma imzolashdan oldin bir necha daqiqa o‘ylab ko‘rilganida, keyinchalik sudlashuv va moliyaviy zararning oldi olinishi mumkin. Kundalik hayotda oldi-sotdi shartnomasi bilan tez-tez duch kelinadi. Uy-joy, avtomobil, yer uchastkasi, maishiy texnika yoki boshqa mol-mulkni sotib olish yoki sotishda taraflar o‘rtasida muayyan huquq va majburiyatlar paydo bo‘ladi.

Aksariyat hollarda fuqarolar shartnomaning mazmuniga chuqur e’tibor bermasdan, uni imzolab qo‘yadilar. Ammo keyinchalik mulkka nisbatan da’volar, qarzdorlik, garov, yashirin nuqsonlar yoki to‘lov bilan bog‘liq nizolar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan oldin uning har bir muhim shartini tekshirish fuqaroning o‘zi uchun ham juda muhim.

Avvalo, sotuvchining o‘ziga ishonch hosil qilish kerak. Mol-mulkni sotayotgan shaxs haqiqatan ham uning egasimi? Bu birinchi savol bo‘lishi lozim. Ayniqsa uy-joy, kvartira, yer uchastkasi yoki avtomobil sotib olayotganda sotuvchining shaxsi va mulkka bo‘lgan huquqi tegishli hujjatlar asosida tekshirilishi zarur. Agar mulk bir necha shaxsga tegishli bo‘lsa, barcha mulkdorlarning huquqlari ham inobatga olinishi kerak.

  Sotilayotgan mol-mulkning o‘zi ham aniq belgilangan bo‘lishi kerak. Shartnomada sotilayotgan mol-mulkni aniq identifikatsiya qilish imkoni bo‘lishi zarur. Masalan, kvartira sotilayotgan bo‘lsa, uning manzili, maydoni, qavati, kadastr ma’lumotlari va boshqa zarur ma’lumotlari aniq ko‘rsatilganiga e’tibor berish lozim.

Avtomobil sotib olinayotganda esa uning markasi, modeli, ishlab chiqarilgan yili, davlat raqami, kuzov yoki identifikatsiya raqami kabi ma’lumotlar hujjatlardagi ma’lumotlarga mos bo‘lishi muhim.

Mol-mulk qanchalik aniq tavsiflansa, keyinchalik nizoni hal qilish shunchalik oson bo‘ladi. Mol-mulk garovda yoki xatlangan emasmi? Bu ham eng muhim masalalardan biri. Mol-mulkni sotib olayotgan shaxs «sotuvchi qarzdor emasmi?» degan savolni ham o‘ylashi kerak. Ayniqsa ko‘chmas mulk bo‘yicha garov, taqiq, xatlov va boshqa cheklovlar mavjudligi tekshirilishi zarur.

Ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishda zarur ma’lumotlar, jumladan kadastr, kommunal to‘lovlar, soliq qarzdorligi, doimiy ro‘yxatda turgan shaxslar va garovga oid ma’lumotlar tekshirilishi muhim. Shu sababli xaridor «Mulkda qandaydir taqiq yoki majburiyat bor-yo‘qmi?» degan savolga aniq javob olmasdan turib, pul to‘lashga shoshilmasligi kerak.

Uy-joy sotib olayotganda uyda ro‘yxatda turgan shaxslarga ham alohida e’tibor berish zarur. Uyda doimiy ro‘yxatda turgan shaxslar bor-yo‘qligi, ularning huquqiy holati va bitimdan keyin uydan chiqish masalasi oldindan aniqlashtirilishi kerak. 

Shartnomada mol-mulkning haqiqiy narxini ko‘rsatish kerak. Ayrim hollarda taraflar soliq yoki boshqa sabablar bilan shartnomada mol-mulkning haqiqiy narxidan past summa ko‘rsatishga harakat qiladilar. Bu xaridor uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Masalan, kvartira haqiqatda 600 million so‘mga sotilgan bo‘lsa, shartnomada 400 million so‘m ko‘rsatilgan. Keyin nizo kelib chiqsa, xaridorning aslida 600 million so‘m to‘laganini isbotlashi qiyinlashishi mumkin. Shuning uchun shartnomada haqiqiy kelishilgan narxni ko‘rsatish va to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlab qo‘yish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Pul berilganida tasdiqlovchi dalil ham bo‘lishi shart. Imkon qadar to‘lovni bank orqali amalga oshirish va to‘lov maqsadini aniq ko‘rsatish maqsadga muvofiq. Agar naqd pul berilsa, pul olinganini tasdiqlovchi tegishli hujjat rasmiylashtirilishi lozim. Pul berganda uning dalilini saqlash qoidasiga amal qilishlik zarur. Bank to‘lov hujjati, tilxat, shartnoma va qabul qilish-topshirish dalolatnomasi kabi hujjatlarni yo‘qotib qo‘ymaslik kerak.

Mol-mulkning yashirin nuqsonlarini tekshirishni ham unutmaslik kerak. Shartnomani imzolashning o‘zi yetarli emas. Mol-mulkning holatini ham tekshirish kerak. Masalan, avtomobil sotib olayotganda uning texnik holati, avariyaga uchragan-uchramagani, hujjatlari, identifikatsiya raqamlari va boshqa muhim ma’lumotlar tekshirilishi maqsadga muvofiq.

Kvartira yoki uyda esa elektr tarmog‘i, gaz, suv, isitish tizimi, tom, devorlar, namlik, o‘zboshimchalik bilan qilingan qayta qurishlar kabi holatlarga e’tibor berish zarur. Ko‘zga ko‘rinmagan nuqson keyin katta xarajatga aylanishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri, bu shartnomani o‘qimasdan imzolash. «Notarius o‘qib berdi», «hamma shu shartnoma bilan sotyapti», «standart shartnoma ekan» degan sabablar shartnomani o‘qimaslik uchun asos bo‘lmaydi.

Shartnomada kim sotyapti, kim sotib olyapti, nima sotilyapti, narxi qancha, to‘lov qachon va qanday amalga oshiriladi, mol-mulk qachon topshiriladi, hujjatlar qachon beriladi, taraflarning javobgarligi va shartnomani bekor qilish yoki o‘zgartirish shartlari kabi masalalarga e’tibor berish kerak. Shartnomaning biror bir bandi tushunarli bo‘lmasa, uni imzolashga shoshilmaslik kerak. Ayrim hollarda mol-mulk mulkdorining ishonchnomasi asosida ham bitim tuzilishi mumkin. Bunday vaziyatda ishonchnomaning haqiqiyligi, amal qilish muddati, berilgan vakolatlar doirasi va bitim tuzishga huquq berilganligi kabi holatlar tekshirilishi zarur. Ayniqsa «Mulk egasi xorijda, men uning ishonchli vakiliman» degan holatlarda hujjatlarni yanada sinchiklab tekshirish lozim.

Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirishga ham jiddiy e’tibor berish kerak. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi oddiy tilxat yoki qo‘lyozma kelishuv bilan hal qilinadigan masala emas. Shuning uchun «pulni berdim, tilxat oldim — uy meniki», degan yondashuvdan saqlanish kerak. Yer uchastkasi masalasida esa yanada ehtiyotkor bo‘lish lozim. Yer bilan bog‘liq munosabatlar o‘ziga xos huquqiy tartibga ega. Yer sotib olishdan oldin yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning turi, uning huquqiy maqomi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi aniq tekshirilishi kerak.

Ayniqsa, «Er haqidagi hujjatlar keyin chiqadi», «bu yerni avvaldan ishlatib kelinganligi», «qo‘shnilar ham shu tarzda sotib olgan» kabi gaplarga ishonib, katta miqdorda pul berish xavflidir. Qimmatbaho mol-mulkni sotib olishda qabul qilish-topshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish zarur. Dalolatnomada mol-mulkning holati, kalitlar, hujjatlar, jihozlar, aniqlangan kamchiliklar, hisoblagich ko‘rsatkichlari va taraflarning e’tirozlari bor-yo‘qligi ko‘rsatilishi mumkin. Bu keyinchalik «mulk bunday holatda topshirilmagan edi» kabi bahslarni kamaytiradi.

Shartnoma imzolangandan keyin uning nusxasini olib, xavfsiz joyda saqlash kerak. Bundan tashqari, to‘lov hujjatlari, tilxatlar, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi, muhim yozishmalar va boshqa tegishli hujjatlarni ham saqlab qo‘yish lozim. Chunki, nizo aynan bir necha yildan keyin paydo bo‘lishi ham mumkin. Fuqarolar uchun oldi-sotdi ishlarida asosan  sotuvchi haqiqiy mulkdor ekanini tekshirish, mulkda garov, taqiq yoki xatlov bor-yo‘qligini aniqlash, mulkning hujjatlari to‘g‘riligini tekshirish, shartnomada sotilayotgan ob’ekt aniq ko‘rsatilganiga ishonch hosil qilish, shartnomada haqiqiy narxni ko‘rsatish,  pul to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni saqlash, mol-mulkning yashirin nuqsonlarini oldindan tekshirish, uy-joyda ro‘yxatda turgan shaxslar bor-yo‘qligini aniqlash,  va shartnomadagi barcha shartlarni tushunib olmasdan uni imzolamaslik hamda shartnoma va to‘lovga oid barcha hujjatlarni saqlab qo‘yishdan iborat.

Xulosa qilib aytganda, oldi-sotdi shartnomasi oddiy qog‘oz emas. U taraflarning mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilaydi. Ayniqsa uy-joy, yer, avtomobil kabi qimmatbaho mol-mulkni sotib olayotganda ishonchli hujjat bilan mustahkamlanishi kerak.

Shartnoma tuzishda asosiy qoida sifatida avval tekshirish - keyin to‘lash - shundan so‘ng imzolash formulasidan foydalanish lozim. Fuqaro shartnoma tuzishdan oldin uning mazmunini tushunishi, mulkning huquqiy holatini tekshirishi va to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlashi kelgusidagi ko‘plab muammolarni oldini oladi. Eng muhimi, shartnomani imzolashdan oldin bir marta qo‘shimcha savol berish afzalroq. Bu esa, keyinchalik sudda yillab o‘z haq-huquqini isbotlashdan ko‘ra, bitim tuzish vaqtida ehtiyotkor bo‘lishlik maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash

va malakasini oshirish instituti

dotsenti MUBIN NASULLAEV