+998 55 518 57 77

MUSTAQILLIK - buyuk qadriyat, yangi O‘ZBEKISTON - buyuk KELAJAK SARI 35 yillik taraqqiyot, inson qadri va qonun ustuvorligi sari dadil qadamlar

27.08.2026 103

Har bir xalq hayotida shunday tarixiy sanalar borki, ular yillar va asrlar o‘tsa-da, o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Aksincha, vaqt o‘tgani sari uning qadri, mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyati yanada teran anglab boriladi. O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi ana shunday buyuk va ulug‘ qadriyatdir.

Mustaqillik - bu shunchaki tarixiy sana emas. U xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, erkin va farovon hayot qurishi, milliy qadriyatlarini asrab-avaylashi, o‘z kelajagini mustaqil ravishda barpo etishi uchun yaratilgan buyuk imkoniyatdir.

Bu yil mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlamoqda. O‘tgan davrga nazar tashlasak, yurtimiz hayotining barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar va taraqqiyot jarayonlariga guvoh bo‘lamiz. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyot yo‘lini shakllantirdi. Eng muhimi, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini qaror toptirish, adolat va inson qadrini yuksak qadriyat sifatida e’tirof etishga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi Yangi O‘zbekiston g‘oyasining markazida ham aynan inson va uning qadri turibdi. Fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda adolat muhitini mustahkamlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Zero, inson o‘z huquqlarining qonun bilan ishonchli himoyalanganini his qilgan jamiyatdagina chinakam taraqqiyot va barqarorlik qaror topadi. Huquqiy davlat qurishda qonun ustuvorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qonun hamma uchun birdek amal qilgan, inson huquqlari ishonchli himoyalangan jamiyatdagina adolat va ijtimoiy barqarorlik ta’minlanadi.

Shu nuqtai nazardan, so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini takomillashtirish, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan huquqini ta’minlash, advokatura institutining rolini kuchaytirish va aholining malakali yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Advokatura sohasi vakili sifatida men mustaqillikning eng muhim natijalaridan birini inson huquqlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashda ko‘raman. Advokat uchun qonun - nafaqat kasbiy faoliyatning asosiy mezoni, balki inson taqdiri, uning sha’ni, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim vositasidir.

«Adillik» advokatlik firmasi advokati sifatida faoliyat yuritar ekanman, har bir murojaat ortida insonning taqdiri, uning oilasi, kelajakka bo‘lgan umidi va ishonchi turganini chuqur his qilaman.

Fuqaroning huquqini himoya qilish, unga malakali yuridik yordam ko‘rsatish, sudda uning qonuniy manfaatlarini munosib ifoda etish - advokat uchun oddiy kasbiy vazifa emas. Bu katta mas’uliyat va yuksak ishonchdir.

Ayniqsa, insonning huquqi buzilgan yoki u murakkab huquqiy vaziyatga tushib qolgan paytda advokatning bilim va tajribasi bilan bir qatorda, uning vijdoni, xolisligi va adolatga sodiqligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois, men advokatlik faoliyatini nafaqat kasb, balki inson huquqlari va adolatni himoya qilishga qaratilgan mas’uliyatli missiya sifatida qabul qilaman. Huquqiy davlatning kelajagi, avvalo, malakali va mas’uliyatli huquqshunoslarga bog‘liq.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti pedagogi sifatida faoliyat yuritish men uchun alohida sharafdir. Bugun huquqshunosdan faqat qonun normalarini bilishning o‘zi yetarli emas. Zamonaviy yurist keng dunyoqarashga, tahliliy fikrlash qobiliyatiga, yuqori kasbiy madaniyatga, inson huquqlariga hurmat va adolat tamoyillariga sodiqlikka ega bo‘lishi lozim.

Chunki bugun ta’lim olayotgan yosh huquqshunoslar ertangi kunning sudyalari, advokatlari, prokurorlari, notariuslari, davlat xizmatchilari va boshqa huquq sohasi mutaxassislaridir. Ularning bilimi, dunyoqarashi va kasbiy pozitsiyasi kelajakda jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat muhitining qay darajada qaror topishini belgilab beradi.

35 yillik mustaqillik bizga nafaqat faxr va g‘urur, balki kelajak oldidagi katta mas’uliyatni ham yuklaydi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish - bu faqat davlat idoralari yoki muayyan kasb egalarining vazifasi emas. Bu jamiyatning har bir a’zosidan fidoyilik, halollik, bilim va mas’uliyat talab qiladi.

Ayniqsa, huquq sohasi vakillari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklanadi. Chunki adolatning qaror topishi, qonunga hurmatning yuksalishi va inson huquqlarining ishonchli himoya qilinishi ko‘p jihatdan huquqshunoslarning kasbiy pozitsiyasiga bog‘liq.

Shuning uchun har bir huquqshunos o‘z faoliyati bilan qonun ustuvorligiga, adolatga va inson qadrini yuksaltirishga hissa qo‘shishi kerak. Bugun biz 35 yillik mustaqillikning shonli sarhadida turib, ortda qolgan taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilamiz va kelajakka katta ishonch bilan qaraymiz.

Yurtimiz tinchligi va barqarorligi, xalqimiz farovonligi, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishi, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarining yanada mustahkamlanishi - barchamizning umumiy maqsadimizdir. Men yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etar ekanman, barchamizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, farovon hayot va kasbiy muvaffaqiyatlar tilayman.

Toki yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka, qalblarimizda Vatanga muhabbat va kelajakka ishonch hukm surib tursin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagi bardavom bo‘lsin!

Qonun ustuvorligi, adolat va inson qadri yurtimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib qolaversin!

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!

 

 

Medetbaeva Aksungul Sharapatdin qizi

«Adillik» advokatlik firmasi advokati

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti pedagogi