+998 55 518 57 77

Ishonchnoma berganda nimalarga e’tibor berish kerak?

25.02.2026 32

Fuqarolik muomalasida ishonchnoma eng ko‘p qo‘llaniladigan huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi. U orqali fuqarolar va tashkilotlar o‘z ishlarini boshqa shaxslar orqali yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ishonchnoma bilan bog‘liq nizolar, ayniqsa, mulkiy bahslar sudlarda tez-tez uchramoqda. Bu esa ishonchnomaga yetarlicha jiddiy munosabatda bo‘lmaslik oqibati ekanini ko‘rsatadi.

Ishonchnoma oddiy rasmiy hujjat emas. U ishonchga asoslangan huquqiy munosabatni yuzaga keltiradi va bu munosabatda fidutsiar majburiyat degan muhim huquqiy tushuncha mavjud bo‘lib, bu haqda ham keyinroq to‘xtalib o‘tiladi.

Ishonchnoma deganda, bu bir shaxsning boshqa shaxsga o‘z nomidan muayyan harakatlarni amalga oshirish uchun bergan yozma vakolatidir. Ishonchnoma asosida ishonchli vakil shartnoma tuzishi, mulkni sotishi, pul mablag‘larini qabul qilishi, davlat organlarida ish yuritishi mumkin. Shu bilan birga, ishonchnoma berilgan paytdan boshlab vakil ishonchnoma beruvchining manfaatlarini himoya qilishga, vakolatni vijdonan va oqilona amalga oshirishga, ishonchni suiiste’mol qilmaslikka majbur bo‘ladi.

Aynan shu joyda qayd etilganidek, fidutsiar majburiyat yuzaga keladi. Ya’ni ishonchli vakil o‘z manfaatini emas, balki ishonch bildirgan shaxs manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishi shart.

Fidutsiar majburiyatining muhimligi shundaki, amaliyotda ko‘pchilik “men qarindoshimga ishonchnoma berdim”, “yaqin tanishim, aldamaydi”, degan qarash bilan ish tutadi. Biroq qonun nuqtai nazaridan qarindoshlik yoki yaqinlik ishonchni avtomatik ravishda oqlamaydi.

Fidutsiar majburiyatining mohiyatiga e’tibor qaratsak, ishonchli vakil  vakolatidan shaxsiy foyda olish uchun foydalanmasligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, ishonchnoma beruvchiga zarar yetkazmasligi shart.

Agar ushbu talablar buzilsa, bu nizoni kelib chiqishiga olib keladi. Nizo sud tartibida ko‘riladigan bo‘lsa, sud bunday harakatlarni ishonchni suiiste’mol qilish deb baholaydi.

Sud amaliyotida  ishonchli vakil ko‘chmas mulkni ishonchnoma beruvchining roziligisiz sotib yuborish, mulkni bozor qiymatidan ancha past narxda realizatsiya qilish, pul mablag‘lari ishonchnoma beruvchiga topshirilmasdan o‘zlashtirilish, vakil o‘z nomiga yoki yaqin qarindoshi nomiga shartnoma rasmiylash kabi ishonchnoma bilan bog‘liq holatlar ko‘p uchraydi.

Bunday holatlarda sudlar ishonchli vakilning harakatlarini fidutsiar majburiyatni buzish sifatida baholab, bitimlarni haqiqiy emas deb topishi va yetkazilgan zararni undirishi mumkin.

Amaliyotda eng xavfli hujjatlardan biri, bu umumiy (keng) ishonchnomadir. Bunday ishonchnoma orqali vakilga deyarli cheklanmagan vakolatlar beriladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, aynan umumiy ishonchnomalar, mulkiy nizolar, uzoq sudlashuvlar, oilaviy nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Shu bois, ishonchnoma berganda vakolatlar aniq, ravshan va cheklangan qilib belgilanishi maqsadga muvofiqdir.

Ishonchnomani to‘g‘ri rasmiylashtirishda birinchidan, vakolatlar doirasini aniq belgilash, “barcha harakatlarni amalga oshirish huquqi bilan” degan iboradan imkon qadar qochish kerak. Ikkinchidan, amal qilish muddatini belgilashda muddatsiz ishonchnoma ko‘p hollarda muammolarga olib keladi. Uchinchidan, ishonchli vakil faoliyati ustidan nazoratni saqlab qolish muhim. To‘rtinchidan, zarurat bo‘lganda ishonchnomani bekor qilish huquqidan foydalanish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratish zarurdir.

Agarda, ishonchnoma asosida vakolat suiiste’mol qilingan bo‘lsa, ishonchnoma beruvchi sudga murojaat qilishi, bitimni haqiqiy emas deb topishni talab qilishi, yetkazilgan zararni undirishni so‘rashi mumkin.

Sud amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, ishonchli vakil fidutsiar majburiyatni buzgan taqdirda uning harakatlari qat’iy huquqiy baholanadi.

Ayrim hollarda esa, jinoiy javobgarlik masalasi ham ko‘tarilishi mumkin.

Xulosa qilib olganda, ishonchnoma faqat rasmiy hujjat emas, balki yuqori darajadagi ishonchga asoslangan huquqiy munosabatdir. Uni berish ham, qabul qilish ham katta mas’uliyat talab qiladi. Fuqarolar ishonchnoma rasmiylashtirar ekan, uning oqibatlarini oldindan anglab yetishi, ehtiyotkorlik va huquqiy savodxonlik bilan ish tutishi zarur. Chunki, ishonch qimmatga ega bo‘lsa, uni suiiste’mol qilish esa qonun oldidagi javobgarlikni anglatadi.

 

                                                         

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash

va malakasini oshirish instituti

dotsenti MUBIN NASULLAYEV