+998 55 518 57 77

ADVOKATNING PROTSESSUAL MAQOMI: 35 YILDA DEKLARATSIYADAN AMALIYOTGACHA

26.08.2026 159

Annotatsiya. Maqolada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan advokatning protsessual maqomi evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Muallif maqomning qonunchilikdagi rivojini bayon etish bilan cheklanmasdan, taraflar tengligi prinsipi amalda ta’minlanganini baholashning mezonlarini taklif etadi hamda maqom o‘zgarishining advokat kasbiy kompetensiyasi va malaka oshirish tizimiga qo‘yayotgan yangi talablarini ochib beradi.

Kalit so‘zlar: advokatura, protsessual maqom, taraflar tengligi, tortishuvlik, malakali yuridik yordam, kasbiy kompetensiya, malaka oshirish.

 

Hurmatli vatandoshlar! Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bilan chin dildan muborakbod etamiz. Bu kun – tarixiy kun. Ushbu tarixiy davrda advokatura ham o‘ziga xos tarzda rivojlanib bormoqda. Mustaqillik yillarida advokatning huquqiy maqomi uch bosqichda shakllandi.

Birinchi bosqich (1996–2008 yillar) – institutsional asosni yaratish. 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonun advokatlik faoliyatining tashkiliy-huquqiy shakllari, litsenziyalash tartibi va advokatning asosiy huquqlarini birinchi marta yaxlit tizimga soldi. Ushbu bosqichda asosiy vazifa advokaturani mustaqil institut sifatida qonunchilikda mustahkamlash edi.

Ikkinchi bosqich (2008–2023 yillar) – o‘zini o‘zi boshqarishga o‘tish. 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-son Qonun bilan Advokatlar palatasi tashkil etildi, advokatlik tuzilmalarining shakllari qayta ko‘rib chiqildi, advokatning protsessual vakolatlari kengaytirildi. Bu – maqomning “tashkiliy mustaqillik” o‘lchovi bo‘yicha rivojlanishi bosqichi.

Uchinchi bosqich (2023 yildan) – konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 141 va 142-moddalari advokaturani mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplari asosida faoliyat yurituvchi institut sifatida belgilab, advokat o‘z kasbiy vazifalarini bajarayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligini, himoya ostidagi shaxs bilan monelikisiz va xoli uchrashish sharoitlari ta’minlanishini kafolatladi. Aynan shu normalardan kelib chiqib, 2023-yil 8-maydagi PF-67-son Farmon bilan himoyachiga besh yo‘nalishda qo‘shimcha huquq va vakolatlar berilishi belgilandi.

Bugungi kungacha advokatura sohasini rivojlantirish borasida qilingan ishlar beqiyos va juda kattatajribaga ega. Soha 2016-yildan keyin yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi O‘zbekistonda advokaturaning rivoji ishonch bildiruvchilar ko‘z o‘ngida amaliy jihatdan o‘zini ko‘rsatdi. Bugun insonlar advokaturaga o‘z muammosining qonuniy yechimini izlab kelishi oddiy holga aylanmoqda. Advokatura mamlakatda huquqiylikni ta’minlashda davlatga katta hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, advokatura sohasida hali yana qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pgina. Ayniqsa, protsessual tenglikni ta’minlash dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Xo‘sh, ilmiy va amaliy nuqtai nazardan muhimroq savol tug‘iladi, taraflar tengligi haqiqatan ta’minlanganini qanday o‘lchash mumkin?

Ushbu savolning dolzarbligi rasmiy hujjatlarda ham e’tirof etilgan. Advokatura islohotiga oid Qonun hujjati loyihasining asoslantiruvchi qismida jinoyat protsessida va sudgacha bo‘lgan ish yurituv bosqichida advokatning protsessual maqomi zamonaviy xalqaro standartlar talablariga javob bermayotgani, tortishuvlik prinsipi va taraflar tengligining buzilishiga olib keluvchi ayblov hamda himoya taraflarining protsessual huquqlaridagi nomutanosiblik saqlanib kelayotgani ochiq qayd etilgan. Demak, tenglik – erishilgan natija emas, balki izchil ishlanishi lozim bo‘lgan vazifadir.

Amaliyotdan kelib chiqib, maqomning realligini quyidagi mezonlar orqali baholashni taklif etamiz:

 dalil to‘plash imkoniyati. PF-67-son Farmon himoyachiga shartnoma asosida sud ekspertizalari o‘tkazilishini va zarur bilimga ega mutaxassislar jalb qilinishini tashkillashtirish huquqini nazarda tutadi. Mezon: bunday hujjatlarning ish materiallariga qabul qilinish amaliyoti;

 protsessga erta kirish. Himoyachining tergovga qadar tekshiruv jarayonida himoyachi maqomida ishtirok etishi belgilandi. Mezon: ushbu huquqning amalda qo‘llanilish darajasi;

 hujjatlardan xabardorlik. Surishtiruv va dastlabki tergovda istalgan vaqtda jinoyat ishini qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarorlardan nusxa olish huquqi. Mezon: nusxa olishdagi real to‘siqlar mavjudligi yoki yo‘qligi;

 dalilni oldindan mustahkamlash. Ko‘rsatuvlarni mustahkamlash uchun sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri iltimosnoma kiritish huquqi. Mezon: bunday iltimosnomalarning qanoatlantirilish ulushi;

Ushbu mezonlarning qiymati shundaki, ular “yaxshilandi – yaxshilanmadi” degan umumiy bahodan voz kechib, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq o‘lchanadigan ko‘rsatkich beradi. Bu yondashuv Konstitutsiyani amalga oshirish dasturida davlat organlari faoliyatini inson huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha baholashga oid mezonlar (KPI) ishlab chiqish vazifasi belgilanganiga ham hamohangdir.

Maqom o‘zgarsa – kompetensiya ham o‘zgaradi. Maqolada alohida ta’kidlashni istagan fikrimiz shundan iborat: advokatning protsessual maqomi kengayishi avtomatik tarzda himoya sifatini oshirmaydi. Yangi vakolat – bu yangi kompetensiya talabi hamdir.

Masalan, ekspertiza va mutaxassis jalb qilishni tashkillashtirish huquqi advokatdan maxsus bilimlar sohasida yo‘nalish ola bilishni, ekspert xulosasini tanqidiy baholay olishni talab qiladi. Ko‘rsatmalarni oldindan mustahkamlab qo‘yish instituti protsessual strategiyani oldindan rejalashtirish ko‘nikmasini talab qiladi. Tergovga qadar tekshiruvda ishtirok etish dalil bazasi hali shakllanmagan bosqichda harakat qilish mahorati bo‘lishi kerakligiga ishora qiladi. Raqamli tizimlar esa huquqiy bilim bilan bir qatorda axborot-kommunikatsiya ko‘nikmalarini ham zarur qilib qo‘ydi.

Qayd etish kerakki, ushbu talablar kadrlar tayyorlash tizimida o‘z aksini topmoqda. Yuridik soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish belgilandi, 2025-yilda Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etildi. Advokaturaga yosh kadrlarni jalb qilish yo‘nalishida ham aniq qadam qo‘yildi: 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab yurisprudensiya yo‘nalishidagi bitiruvchi kurs talabalariga advokatlik tuzilmalarida o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ishlashga ruxsat etildi.

Agar yuqoraidagi o‘zgarishlar amaliyotga kirib kelsa, malaka oshirish tizimi oldida ham bir qator vazifalar paydo bo‘ladi. Birinchidan, malaka oshirish dasturlarining mazmuni maqomdagi har bir yangi vakolatga “biriktirilishi”, ya’ni yangi huquq joriy etilganda unga mos amaliy modul kiritilishi maqsadga muvofiq. Ikkinchidan, o‘qitish ma’ruzadan ko‘ra kazus va hujjat bilan ishlash shaklida olib borilishi samaraliroq. Uchinchidan, advokat yordamchisi instituti universitet ta’limi bilan amaliyotni bog‘lovchi halqa sifatida metodik jihatdan ta’minlanishi – yordamchining vazifalari, mentor advokatning mas’uliyati va baholash mezonlari belgilanishi lozim.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida advokatura instituti o‘z tarixidagi eng sermazmun bosqichlaridan birini boshdan kechirmoqda: mustaqil institut sifatida qonunda mustahkamlanishdan to konstitutsiyaviy kafolatlarga ega bo‘lishgacha bo‘lgan yo‘l bosib o‘tildi. Ayni paytda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning qonunchilik asoslari yaratildi, soha izchil raqamlashtirilmoqda. Shu bilan birga, taraflar tengligi hamon deklaratsiyadan amaliyotga o‘tish jarayonida turibdi. Bu – kamchilik emas, balki tabiiy holat. Huquqiy institut qonunda belgilanishi bilan emas, kundalik amaliyotda ishlashi bilan haqiqiy bo‘ladi.

 

Pedagoglar Markazi katta o‘qituvchisi

Islomjon Mirzayev