+998 71 200 02 35

Jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlarning o‘ziga xos jihatlari

19.12.2022 2432

         Iqtisodiy sohada 2022 yil 12-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida” gi Qonuni qabul qilindi. Shu munosabat bilan 1994 yil 5-mayda qabul qilingan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

          Mazkur yangi “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida” gi Qonunida (keyinchalik Qonun deb yuritiladi) yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish borasida yangi qonun normalari o‘z aksini topgan.

           Endilikda, Qonunning 14-bobi “Jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi”ga bag‘ishlangan bo‘lib, bu 14-bob 2023 yil 1-yanvardan e’tiboran amalga kiritiladigan bo‘ldi.

        Jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan Qonunning umumiy qoidalari, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni yuritish ishtirokchilarining, kreditorlar yig‘ilishining, jamoat birlashmalarining, sud boshqaruvchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, to‘lovga qobiliyatsizlik sohasini tartibga solish, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarni sudda ko‘rish, bitimlarni haqiqiy emasligi va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishda qarzdor rahbarining va boshqa shaxslarning javobgarligi masalalariga tegishli qoidalari qo‘llaniladi.

Qonunning mazkur jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi masalalariga e’tibor qaratilsa, uning boshqa aksariyat to‘lovga qobiliyatsizlik ishlaridan ajralib turadigan o‘ziga xos jihatlarini ko‘rish mumkin.

           Jumladan, Qonunning 5-moddasida to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari ko‘rsatilib, unda vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik — agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan e’tiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa, sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga yoki soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi bo‘lib hisoblanadi.

            Doimiy to‘lovga qobiliyatsizlikda esa, — agar sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan bo‘lishi lozim.

            Ammo, bu qoidalar jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganida qo‘llanilmaydi.

            Chunki, Qonunning 195-moddasida qarzdor jismoniy shaxsning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga yoki soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘liq hajmda bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar yoki to‘lov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy ichida qarzdor jismoniy shaxs tomonidan bajarilmagan hamda qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etsa, qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari hisoblanishi nazarda tutilgan.

           Shunday tartib o‘rnatilganki, agarda qarzdor yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillari qo‘llanilsada, qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda esa, qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, bankrotlikni tan olish va mol-mulkni sotish tartib-taomillari qo‘llaniladi.

            Jismoniy shaxs barcha majburiyatlarining umumiy summasi bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz baravarini tashkil etsa, bunday holat yuzaga kelgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay jismoniy shaxs o‘ziga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan qarzdor jismoniy shaxs yashab turgan hududdagi iqtisodiy sudga murojaat qilishi kerak.

            Qarzdor jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi arizaga 2018 yil 12-yanvardagi O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari qarzdorlik mavjudligini, shuningdek kreditorlarning talablarini qarzdor to‘la hajmda qanoatlantirishga qodir emasligini, qarzdorning arizasiga asos bo‘lgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

                  Qarzdor jismoniy shaxsning o‘ziga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizasiga esa, quyidagilar: jismoniy shaxs pasportining ko‘chirma nusxasi; qarzdor jismoniy shaxsning mol-mulki tarkibi va qiymati to‘g‘risidagi hujjatlar; agar qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza berilguniga qadar qarzdor xodimlarining yig‘ilishi o‘tkazilib, unda to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda ishtirok etish uchun qarzdorning xodimlari vakili saylangan bo‘lsa, ushbu yig‘ilish bayonnomasi ham ilova qilinadi

            Bulardan tashqari Qonunning 198-moddasiga ko‘ra, qarzdor jismoniy shaxsning arizasiga:

yakka tartibdagi tadbirkor maqomining mavjudligini yoki yo‘qotilganligini tasdiqlovchi ma’lumot (agar bunday faoliyat bilan shug‘ullangan bo‘lsa);

qarzdor jismoniy shaxs kreditorlar talablarini qanoatlantirish uchun taqdim etishga tayyor bo‘lgan mol-mulki ro‘yxati (narxi ko‘rsatilgan holda), garov predmeti bo‘lgan mol-mulk joylashgan yoki saqlanadigan joy, mol-mulk egasining nomi yoki ismi, familiyasi va otasining ismi ko‘rsatilgan holda;

jismoniy shaxsning mol-mulkka egalik qilish huquqini tasdiqlovchi va jismoniy shaxsning intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan mutlaq huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarning (mavjud bo‘lgan taqdirda) ko‘chirma nusxalari;

ko‘chmas mulkka, qimmatli qog‘ozlarga, yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga, transport vositalariga oid hujjatlarning, shuningdek ariza berilgan sanaga qadar uch yil ichidagi davrda jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarning ko‘chirma nusxalari;

jismoniy shaxs aksiyador (ishtirokchi) bo‘lgan yuridik shaxs aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) reestridan (mavjud bo‘lgan taqdirda) ko‘chirma;

jismoniy shaxs tomonidan olingan daromadlar, jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ariza berilgan sanaga qadar bo‘lgan uch yil ichidagi davrda hisoblangan va to‘langan soliqlar hamda yig‘imlar haqidagi ma’lumotlar;

tijorat banklaridagi hisobvaraqlar va ulardagi pul mablag‘larining qoldiqlari, jamg‘armalar (depozitlar) to‘g‘risida tijorat banki tomonidan berilgan ma’lumotnoma, shuningdek jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish haqidagi ariza berilgan sanaga qadar uch yil ichidagi davr uchun jismoniy shaxsning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorning hisobvaraqlaridagi operatsiyalar, omonatlar (depozitlar) bo‘yicha ma’lumotlar (mavjud bo‘lgan taqdirda);

sug‘urtalangan shaxs shaxsiy hisobvarag‘ining holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar (mavjud bo‘lgan taqdirda);

bandlik va mehnat munosabatlari hududiy boshqarmasining jismoniy shaxsni ishsiz deb topish haqidagi qarorining ko‘chirma nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda);

nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning (agar nikoh ariza topshirilgan sanada tuzilgan bo‘lsa yoki nikohdan ajralish qayd etilmagan bo‘lsa) va (yoki) nikohdan ajralish haqidagi guvohnomaning (agar guvohnoma ariza berilguniga qadar uch yil ichida berilgan bo‘lsa) ko‘chirma nusxasi, shuningdek nikoh shartnomasining ko‘chirma nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda);

ariza berilgan sanaga qadar uch yil ichida tegishincha tuzilgan va qabul qilingan, er-xotinning umumiy mol-mulki to‘g‘risidagi shartnomaning yoki sud hujjatining ko‘chirma nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda) ilova qilinadi.

             Shuningdek arizaga 2020 yil 6-yanvardagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga “Davlat boji stavkalari miqdorlari to‘g‘risida”gi ilovasining 2-qismi v-bandiga asosan BHMning 3 baravari miqdorida 900.000 so‘m davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya ham ilova qilinadi

            Qonunning 200-moddasiga asosan qarzdor jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ariza kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay sudya arizani qabul qilish va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish yoxud arizani qabul qilishni rad etish yoki qaytarish haqidagi ajrimni chiqaradi.

Shuningdek, jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish haqidagi ajrimda sud qarzdor jismoniy shaxsning zimmasiga sudning ajrimi olingan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddat ichida sudga qayd etilgan hujjatlar ilova qilingan holdagi yozma fikrini taqdim etish majburiyatini yuklaydi.

Agar jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ariza qarzdor jismoniy shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa, bu qoida qo‘llanilmaydi.

Sud jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra quyidagi sud hujjatlaridan birini qabul qiladi:

jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish tartib-taomilini joriy etish haqidagi ajrimni;

jismoniy shaxsni bankrot deb topish va jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish tartib-taomilini boshlash to‘g‘risidagi qarorni;

arizani qanoatlantirishni rad etish haqidagi qarorni.

Agar boshqacha holat isbotlanmagan bo‘lsa, quyidagi holatlardan loaqal bittasi mavjud bo‘lgan taqdirda, jismoniy shaxs to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblanadi:

pul majburiyatlari yoki soliqlar hamda yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlar umumiy summasining o‘n foizidan ko‘prog‘i bunday majburiyatlar bajarilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq vaqt davomida bajarilmaganda;

jismoniy shaxs qarzining miqdori uning mol-mulki qiymatidan ortiq bo‘lganda;

ijroga doir ish yuritishni jismoniy shaxsda mol-mulk mavjud emasligi munosabati bilan tugatish to‘g‘risida qaror mavjud bo‘lganda.

Qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan meros ochilganligi haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, sud jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ish yuritishni merosning taqdiri haqidagi masala hal qilinguniga qadar to‘xtatib turishga haqli. Bu haqda sud ajrim chiqaradi.

Umuman olganda, qayd etilgan bu Qonunda jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlarning o‘ziga xosligi shundaki, garchi, jismoniy shaxslar bilan bog‘liq bo‘lgan sud ishlari fuqarolik sudida ko‘rib chiqilsada, ushbu Qonun talablariga ko‘ra jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar iqtisodiy sudlarda ko‘rib chiqiladi.

Nasullaev Mubin

 Yuristlar malakasini oshirish

Markazi dotsenti