Davlat bojxona qo`mitasida Yuridik xizmat xodimlarining sud jarayonlaridagi amaliy tajriba va ko`nikmasini oshirish maqsadida Davlat bojxona qo`mitasi hamda hududiy bojxona boshqarmalarining Yuridik xizmati xodimlari ishtirokida Yuristlar malakasini oshirish markazi xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri S.Maripova tomonidan “Mediasiya tartibi hamda nizolarni muqobil hal etish usullari” mavzusida videokonferensiya tarzida o`quv mashg’uloti bo`lib o`tdi.
Tadbirda, so`z olgan S.Maripova mediasiya tushunchasiga izoh berib o`tdi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining 2018 yil 3 iyuldagi “Mediasiya to`g’risida”gi Qonuniga to`xtalib o`tdi.
Mediasiya bu — bir-birini tushunish va nizoli holatni bartaraf etuvchi bitim tuzishga erishish maqsadida xolis shaxs — mediator (vositachi) ishtirokida taraflarning erkin muzokaraga kirish yo`li bilan nizoni hal qilish tamoyilidir.
Mediativ kelishuvning eng muhim tomonlaridan biri shundaki, amaldagi “Davlat boji to`g’risida”gi Qonunning 18-moddasiga muvofiq, agar taraflar o`rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo`lsa, ariza ko`rmasdan qoldirilishi to`langan davlat boji esa qaytarilishi lozim. Ayni qoida “Mediasiya to`g’risida”gi Qonunning 17-moddasida ham o`z ifodasini topgan. Iqtisodiy prosessual kodeksining 107-moddasida taraflar o`rtasida mediativ kelishuvning tuzilgani da’vo arizasini ko`rmasdan qoldirish uchun asos bo`lishi qayd etilgan. Bu o`z navbatida Bojxona organlari hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari bilan yuzaga keladigan nizoli ishlarda har ikki tomon manfaati uchun xizmat qiladi.
E’tirof etish kerakki, mediativ kelishuvga erishilishida mediatorning xizmati muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois qonunda mediatorga doir qator talablar belgilangan. Agar yana taraflar manfaati nuqtai nazaridan gapiradigan bo`lsak, mediator mediasiya boshlanguniga qadar mediasiya taraflariga mediasiyaning maqsadini, shuningdek, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi, mediasiya tartib-taomilini amalga oshirish chog`ida faqat mediasiya taraflarining roziligi bilan harakat qilishi, nizo yuzasidan o`zaro maqbul kelishuvga erishishga taraflarni ishontirishning qonuniy vosita va usullaridan foydalanishi, o`zining mustaqilligi va xolisligiga ta’sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan holatlar mavjud bo`lsa yoki yuzaga kelsa, bu haqda taraflarga ma’lum qilishi shart.
Mazkur o`quv mashg`ulotida ishtirokchilar mavzu doirasida e’tibor qaratilishi lozim bo`lgan jihatlar to`g`risida ma’lumotlar olish bilan bir qatorda, o`zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.