+998 55 518 57 77

Tayanch doktorantura yoki mustaqil izlanuvchilik: Qaysi birini tanlash lozim?

25.05.2026 9

 

Ilm-fan yo‘lini tanlash — inson hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli qadamlardan biridir. O‘zbekistonda yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishni maqsad qilgan har bir tadqiqotchi dastlab bir qiyin savolga duch keladi: “Tayanch doktoranturaga topshiraymi yoki mustaqil izlanuvchi bo‘lib tadqiqot qilaymi?”

Ikkala yo‘lning ham o‘ziga xos plyus va minuslari bor. Keling, ushbu ikki shaklni taroziga qo‘yib, sizga aynan qaysi biri mos kelishini aniqlashga yordam beramiz.

1. Tayanch doktorantura: To‘liq vaqtli (Full-time) ilm-fan

Tayanch doktorantura — bu ilmiy muassasa yoki universitetda asosiy ish joyingiz aynan tadqiqot bo‘lishini anglatadi. Siz har kuni ishga kelgandek institutga kelasiz va dissertatsiyangiz ustida ishlaysiz.

Keling tayanch doktoranturani plyus tomonlarini ko‘rib chiqamiz:

1. Kafolatlangan stipendiya: Davlat tomonidan har oy belgilangan miqdorda stipendiya to‘lab boriladi. Bu sizga moliyaviy muammolardan biroz uzoqlashib, faqat ilmga e’tibor qaratish imkonini beradi.

2. Akademik muhit: Siz har kuni professorlar, ilmiy rahbaringiz va boshqa doktorantlar qurshovida bo‘lasiz. Kafedra yig‘ilishlari, seminarlar va ilmiy munozaralar sizni tezroq yetilishga majbur qiladi.

3. Vaqt afzalligi: Sizning boshqa asosiy ishingiz yo‘q. 3 yil davomida bor e’tiboringizni faqat bitta maqsadga — dissertatsiyani yozishga qaratish imkoni.

2. Mustaqil izlanuvchilik: Erkinlik va ish faoliyati uyg‘unligi

Mustaqil izlanuvchilik (mustaqil tadqiqotchi) — bu o‘z asosiy ish joyini (masalan, vazirlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tijorat tashkilotlari yoki maktab/kollej) tark etmagan holda ilm bilan shug‘ullanish shaklidir.

Plyus tomonlari:

1. Karyerani to‘xtatmaslik: Siz o‘z sohangizda ishlashda, tajriba orttirishda va lavozim bo‘yicha ko‘tarilishda davom etasiz. Ish staji uzilib qolmaydi.

2. Amaliy imkoniyatlar: Agar dissertatsiya mavzuyingiz bevosita ish faoliyatingizga bog‘liq bo‘lsa (masalan, amaliyotdagi muammolar tahlili), sizda ma’lumotlar to‘plash va ularni sinovdan o‘tkazish (approbatsiya) uchun tayyor baza bo‘ladi.

3. Erkin grafik: Sizdan har kuni universitetda o‘tirish talab etilmaydi. Ilmiy rahbar bilan kelishgan holda, tadqiqotni kechqurun yoki dam olish kunlari ham qilishingiz mumkin.

Mustaqil izlanuvchilikda shuni e’tiborga olish kerakki, davlat tomonidan sizga stipendiya to‘lanmaydi. Barcha safar xarajatlari, maqolalar chop etish badallarini o‘z hisobingizdan qoplaysiz.

 

Qiyosiy jadval: Qaysi biri nima beradi?

Mezon

Tayanch doktorantura

Mustaqil izlanuvchilik

Moliyaviy ta’minot

Har oylik stipendiya

Mavjud emas (faqat oylik ish haqi)

Asosiy ish joyi

Ta’lim muassasasi / Ilmiy tashkilot

Istalgan tashkilot (o‘z ishingiz)

O‘qish muddati

3 yil

3 yil (uzaytirilishi mumkin)

Nazorat

Belgilangan muddat mavjud

Erkin (masofaviy / kelishilgan holda)

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Xulosa: Qaysi shakl sizning maqsadingizga mos keladi?

Yakuniy qaror, shubhasiz, Sizning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy holatingiz va kasbiy strategiyangizga bog‘liq.

Tayanch doktorantura shakli quyidagi mezonlarga javob beradi:

Akademik faoliyatni fundamental asosda boshlashni istagan, bor kuch-g‘ayratini pedagogik va sof ilmiy izlanishlarga safarbar eta oladigan hamda tadqiqot jarayoniga to‘liq konsentratsiya bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan jiddiy moddiy va funksional majburiyatlardan xoli bo‘lgan yosh tadqiqotchilar uchun maqbul shakl hisoblanadi.

Mustaqil izlanuvchilik shakli quyidagi mezonlarga javob beradi:

Amaliy sohada ma’lum bir mavqega va barqaror moddiy asosga ega, joriy mehnat faoliyatini to‘xtatmagan holda o‘zining boy amaliy tajribasini ilmiy-nazariy jihatdan tizimlashtirish hamda fan doktori (PhD/DSc) ilmiy darajasiga erishishni maqsad qilgan ilzlanuvchilar uchun eng samarali mexanizmdir.

Ilmiy tadqiqotlar dinamikasi qaysi shaklda kechishidan qat’i nazar, muvaffaqiyatning fundamental omillari — intellektual sabr, qat’iyatlilik va ilmga bo‘lgan qiziqishdir. Sizning tanlovingiz kelgusi ilmiy va kasbiy parvozingiz poydevori bo‘lsin!

 

 

Ilmiy-innovatison tadqiqotlarni

mufoviqlashtirish bo‘limi Bosh mutaxasissi
Mamaziyayev Xusniddin Dilshod o‘g‘li