+998 55 518 57 77

Pensiya tayinlashda yangi davr: fuqarodan murojaat kutmaydigan xizmatlar va raqamli imkoniyatlar

30.09.2026 114

Bugungi kunda davlat xizmatlarini aholiga qulay, tezkor va ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz ko‘rsatish davlat boshqaruvining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, pensiya ta’minoti kabi deyarli har bir oilaning hayotiga daxldor bo‘lgan sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish fuqarolarning vaqtini tejash, hujjatbozlikni kamaytirish va xizmatlardan foydalanishni soddalashtirishga xizmat qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, 2026-yil 28-sentabrda qabul qilingan “Davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan pensiya tizimida yangi bosqichni boshlab beradigan qator muhim tartiblar belgilandi. Eng muhim jihati shundaki, pensiya ta’minotiga oid fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar 2027-yil 1-yanvarga qadar to‘liq interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Bu oddiy fuqaro uchun nimani anglatadi? Avvalo, fuqaro davlat idorasiga borib, ariza yozib, ma’lumotnomalar yig‘ib yurmaydi. Zarur ma’lumotlar tegishli axborot tizimlaridan olinib, ayrim xizmatlar fuqaroning alohida murojaatisiz amalga oshiriladi.

Masalan, tasavvur qilaylik, fuqaro korxona faoliyati tugatilgani sababli ishsiz qoldi. Amaldagi tartibda bunday vaziyatda uning pensiyaga muddatidan oldin chiqish huquqini aniqlash va tegishli xizmatlardan foydalanish uchun turli murojaatlar qoldirishi talab etiladi. Yangi tartibga ko‘ra esa, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab ishlar hajmining qisqarishi yoki korxonaning tugatilishi munosabati bilan ishsiz deb e’tirof etilgan va tegishli shartlarga javob beradigan shaxslarga umumiy belgilangan yoshdan ikki yil avval yoshga doir pensiya tayinlash proaktiv shaklda amalga oshiriladi.

Ya’ni, fuqaro turli tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lmaydi. Tegishli ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, tizim fuqaroning huquqini aniqlash va xizmatni ko‘rsatish jarayonini o‘zi boshlaydi. Bu yerda “proaktiv xizmat” tushunchasiga alohida e’tibor berish lozim. Proaktiv xizmat deganda fuqaro xizmatni olish uchun alohida ariza bilan murojaat qilmasdan, davlat organining mavjud ma’lumotlar asosida tegishli xizmatni o‘z tashabbusi bilan ko‘rsatishi tushuniladi.

Pensiya tizimida bunday yondashuv 2027-yil 1-yanvardan boshlab boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashga ham qo‘llaniladi. Bunda ham fuqarodan alohida murojaat talab etilmasligi ko‘zda tutilmoqda. Aytaylik, oilada pensiya yoki daromad manbaiga ega bo‘lgan shaxs vafot etdi. Uning voyaga yetmagan farzandlari yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Yangi tizimda tegishli ma’lumotlar elektron axborot tizimlarida mavjud bo‘lsa, fuqarolarning pensiya olish huquqini aniqlash va pensiyani tayinlash jarayoni avtomatlashtiriladi. Bu, ayniqsa, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar uchun katta qulaylik yaratadi.

Pensiya yoshiga yaqinlashayotgan fuqarolar uchun ham yangi imkoniyat yaratilmoqda. 2027-yil 1-yanvardan “Mening pensiyam” onlayn xizmati doirasida pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi. Faraz qilaylik, fuqaroning pensiya yoshiga chiqishiga bir yil qoldi. U pensiyaga chiqish sanasi, mavjud ish staji, pensiya tayinlash uchun zarur ma’lumotlar va boshqa masalalarni mustaqil ravishda izlab yurishi shart bo‘lmaydi. “Mening pensiyam” xizmati orqali unga oldindan tegishli xabarnoma yuboriladi. Bu fuqaroning o‘z huquqlarini oldindan bilishi va zarur masalalarni vaqtida hal etishiga yordam beradi.

Pensiya tizimidagi eng katta o‘zgarishlardan yana biri qog‘oz hujjatlar bilan bog‘liq. 2027-yil 1-yanvardan Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar va ma’lumotlarni qabul qilish amaliyotini bekor qilish belgilanmoqda. Bu yangilik kundalik hayotda sezilarli o‘zgarishlarni anglatadi. Ilgari fuqaro turli tashkilotlardan ma’lumotnoma olishi, hujjatlarning nusxalarini tayyorlashi va ularni pensiya tayinlovchi organga taqdim etishi talab etilgan holatlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, raqamli tizimlarning rivojlanishi natijasida tegishli ma’lumotlarni davlat axborot tizimlari orqali olishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Shu bilan birga, ayrim pensiya xizmatlari fuqarolarning xohishiga ko‘ra interaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Jumladan, 2026-yil 1-noyabrdan mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan hamda qonunchilikka muvofiq umumiy belgilangan pensiya yoshini qisqartirgan holda pensiya olish huquqiga ega shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash uchun interaktiv murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

2027-yil 1-yanvardan pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish va to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash bo‘yicha murojaatlarni ham interaktiv shaklda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Yangi tartiblarning yana bir muhim jihati mehnat stajini shakllantirish bilan bog‘liq. 2026-yil 1-oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida faoliyat yuritayotgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lagan taqdirda, ularga bir yil ish staji avtomatik ravishda hisoblanadi. Fuqaro doimiy mehnat shartnomasi asosida emas, balki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida xizmat ko‘rsatmoqda. U belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lasa, ushbu faoliyatining tegishli davri uchun ish staji shakllantiriladi. Muhimi, bu jarayon avtomatik tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yana bir yangilik oilada rasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxs va ishlamaydigan oila a’zolari bilan bog‘liq. 2027-yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxslarga ishlamaydigan oila a’zolarining ish stajiga ega bo‘lishi uchun har oy ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi. Misol uchun, oilada er rasmiy ravishda ishlaydi, xotini esa mehnat faoliyatini amalga oshirmaydi. Yangi tartibga ko‘ra, er xotinining kelgusida ish stajiga ega bo‘lishi uchun uning nomidan har oy belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Natijada ishlamayotgan oila a’zosining ham pensiya ta’minoti uchun zarur bo‘ladigan stajni shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu mexanizm, ayniqsa, oilaviy sharoit sababli uzoq vaqt davomida rasmiy mehnat faoliyatini amalga oshirmayotgan fuqarolar uchun qulaylik yaratadi.

Umuman olganda, mazkur yangiliklarni uchta asosiy yo‘nalishda ko‘rish mumkin: birinchisi – fuqarodan davlat xizmatiga murojaat qilishni kutmasdan, ayrim xizmatlarni avtomatik tarzda ko‘rsatish; ikkinchisi – xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish va qog‘oz hujjatlar aylanishini qisqartirish; uchinchisi – fuqarolarning pensiya ta’minoti uchun ish stajini shakllantirish imkoniyatlarini kengaytirish.

Bunday yondashuvning amaliy natijasi faqat qog‘ozbozlikning kamayishi bilan cheklanmaydi. U fuqarolarning vaqtini tejash, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, inson omilini kamaytirish, ma’lumotlarning elektron almashinuvini rivojlantirish va davlat xizmatlarining shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu sababli pensiya tizimidagi mazkur o‘zgarishlarni oddiy texnik yangilik sifatida emas, balki davlat xizmatlarini ko‘rsatish falsafasining o‘zgarishi sifatida baholash mumkin. Endilikda fuqaro huquqini amalga oshirish uchun imkon qadar kamroq hujjat to‘plashi, kamroq idoraga borishi va kamroq vaqt sarflashi kerak bo‘ladi. Davlat esa mavjud ma’lumotlardan samarali foydalanib, fuqaroga zarur xizmatni o‘z vaqtida va qulay shaklda taqdim etishga intiladi.

Biroq raqamlashtirishning samaradorligi fuqarolarning ham yangi imkoniyatlardan foydalanishiga bog‘liq. Shu bois fuqarolar o‘zlarining elektron ma’lumotlari, mehnat faoliyati va ijtimoiy soliq to‘lovlari haqidagi ma’lumotlarning to‘g‘ri shakllanganini nazorat qilib borishlari, elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishlari muhim. Chunki kelajakdagi pensiya ta’minoti nafaqat davlat tizimlarining ishlashiga, balki fuqaroning bugundan boshlab o‘z mehnat faoliyati va ijtimoiy sug‘urta masalalariga mas’uliyatli munosabatda bo‘lishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

 

 

Behruz Eshpo‘latov

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va

malakasini oshirish instituti o‘qituvchisi