+998 55 518 57 77

Mustaqillik va yuridik ta’lim: 35 yillik taraqqiyot, bugungi islohotlar va kelajak vazifalari

25.08.2026 72

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va tarixiy sanalardan biridir. Zero, mustaqillik mamlakatimizga nafaqat siyosiy va iqtisodiy erkinlik, balki milliy davlatchilikni, huquqiy tizimni va zamonaviy yuridik ta’limni mustaqil ravishda shakllantirish imkonini ham berdi. Bugun biz mustaqillikning dastlabki yillariga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqatni alohida e’tirof etishimiz lozim: mustaqil davlatning mustahkam huquqiy poydevorini malakali huquqshunoslarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yuridik ta’limning 35 yillik taraqqiyot yo‘li mamlakatimizda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish tarixining muhim bir qismidir.

Mustaqillikka erishilganidan keyin O‘zbekiston oldida mutlaqo yangi huquqiy tizimni barpo etish vazifasi paydo bo‘ldi. Endilikda, mamlakatimizga o‘z milliy qonunchiligini yarata oladigan, Konstitutsiya va qonunlarni chuqur biladigan, inson huquq va erkinliklarini himoya qila oladigan, xalqaro huquqni tushunadigan zamonaviy huquqshunoslar kerak edi. Bu esa, o‘z navbatida, yuridik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishni talab qildi.

Mustaqillik yillarida yuridik ta’lim mazmuni ham bosqichma-bosqich o‘zgardi. Avvalgi yondashuvlar o‘rnini milliy qonunchilikni o‘rganish, Konstitutsiyaviy qadriyatlarga asoslanish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, xalqaro huquq standartlarini o‘zlashtirish, yuridik kasb etikasi va kasbiy madaniyatni shakllantirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish kabi yangi ustuvor yo‘nalishlar egallay boshladi.

Shu tariqa yuridik ta’lim oddiy «qonunni bilish»dan «qonunni tushunish, talqin qilish, amaliyotda qo‘llash va inson huquqlarini himoya qilish» darajasiga ko‘tarila boshladi.

Mustaqil O‘zbekistonning huquqiy taraqqiyotini Konstitutsiyasiz tasavvur qilish mumkin emas. Konstitutsiya yuridik ta’limning ham asosiy manbai va metodologik poydevoridir. Huquqshunos avvalo Konstitutsiyada belgilangan inson qadri, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati kabi fundamental tushunchalarni chuqur anglashi kerak. Shuning uchun zamonaviy yuridik ta’limning markazida faqat huquq normasi emas, balki inson va uning huquqlari turishi lozim.

Zamonaviy yuridik ta’limning eng muhim vazifalaridan biri — huquqshunosning fikrlash qobiliyatini rivojlantirishdir.

Huquqshunos minglab moddalarni yoddan bilishi mumkin. Ammo u qonun normasini to‘g‘ri talqin qila olmasa, dalillarni baholay olmasa, huquqiy pozitsiyani asoslay olmasa, sudda yoki boshqa huquqiy jarayonda samarali ishtirok eta olmasa, uning bilimidan kutilgan natija bo‘lmasligi mumkin.

Shu sababli yuridik ta’limda keyslar, amaliy mashg‘ulotlar, sud jarayonlarini modellashtirish, munozaralar, «moot court»lar, huquqiy tahlil va muammoli vaziyatlarga yechim topish kabi usullarni yanada kengaytirish muhim.

Mustaqillikning dastlabki yillarida huquqshunos uchun asosiy manba kitob, kodeks va bosma qonun hujjatlari to‘plami bo‘lgan bo‘lsa, bugun vaziyat mutlaqo boshqacha. Elektron qonunchilik bazalari, raqamli kutubxonalar, onlayn kurslar, elektron sud tizimlari, huquqiy axborot platformalari yuridik ta’limning ajralmas qismiga aylanmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarining huquq sohasiga kirib kelishi yuridik ta’lim oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Bu, albatta, huquqshunos o‘rnini sun’iy intellekt egallaydi, degani emas. Aksincha, kelajak huquqshunosi sun’iy intellektdan to‘g‘ri va mas’uliyatli foydalana oladigan mutaxassis bo‘lishi kerak. Shuning uchun yuridik ta’lim dasturlariga «Legal Tech», raqamli huquq, sun’iy intellektdan huquq sohasida foydalanish, kiberhuquq, ma’lumotlarni himoya qilish kabi yangi yo‘nalishlarni yanada keng joriy etish davr talabidir.

Mustaqillikning 35 yilligi yuridik ta’lim uchun ham o‘ziga xos sarhisob davridir. Ayni paytda O‘zbekistonda yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada rivojlantirishga qaratilgan islohotlar davom etmoqda. Xususan, 2025 yilda yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilishga qaratilgan Prezident Farmoni qabul qilingan. Bu jarayon 2026 yilda ham yuridik ta’limga oid normativ hujjatlarni takomillashtirish bilan davom etmoqda.

Bu islohotlarning mazmunini birgina fikr bilan ifodalash mumkin. O‘zbekistonga yangi davrning yangi huquqshunosi kerak. Bu qanday huquqshunos? U, avvalo qonunni yaxshi biladi, mustaqil huquqiy fikrlaydi, inson huquqlarini ustuvor qadriyat deb biladi, sud amaliyotini tahlil qila oladi, huquqiy hujjatni sifatli tayyorlaydi, dalillar bilan ishlaydi, muzokara olib bora oladi, xorijiy tillarni biladi, xalqaro huquqiy tajribadan foydalanadi, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirgan, kasbiy etika va yuridik deontologiya talablariga rioya qiladi. Eng muhimi, u kasbini shunchaki daromad manbai emas, jamiyat oldidagi mas’uliyat deb qabul qiladi.

Yuridik ta’limni faqat oliy ta’lim muassasalari bilan bog‘lash ham to‘g‘ri emas. Huquqshunosning kasbiy rivojlanishi diplom olgan kun bilan tugamaydi. Aksincha, haqiqiy yuridik ta’lim shu kundan boshlanadi. Qonunchilik doimo o‘zgaradi. Sud amaliyoti rivojlanadi. Yangi huquqiy munosabatlar paydo bo‘ladi. Raqamli texnologiyalar huquq sohasiga yangi savollarni olib kiradi. Shuning uchun uzluksiz yuridik ta’lim zamonaviy huquqshunoslikning eng muhim talablaridan biriga aylanmoqda. Advokat, sudya, prokuror, notarius, yuridik xizmat xodimi, davlat xizmatchisi yoki ilmiy xodim — qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar, har bir huquqshunos o‘z ustida doimo ishlashi kerak. Zero, huquqshunosning bilimi eskirsa, uning xizmati sifati ham pasayadi.

Yangi avlod huquqshunosini tayyorlash uchun yuridik ta’lim beruvchi professor-o‘qituvchining o‘zi ham doimiy ravishda rivojlanishi zarur.

Bugun o‘qituvchi faqat ma’ruza o‘quvchi shaxs emas. U talabani mustaqil fikrlashga o‘rgatuvchi, unga huquqiy muammoni ko‘ra bilish va yechim topish ko‘nikmasini shakllantiruvchi ustoz. Shuning uchun yuridik ta’limda «o‘qituvchi gapiradi — talaba eshitadi» modelidan «o‘qituvchi yo‘naltiradi-talaba izlaydi, tahlil qiladi va xulosa chiqaradi» modeliga o‘tish yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Kuchli yuridik ta’lim kuchli yuridik ilm-fansiz mavjud bo‘la olmaydi. Huquqshunos olimlar nafaqat mavjud qonunlarni sharhlashi, balki jamiyatda paydo bo‘layotgan yangi munosabatlarni oldindan ko‘ra bilishi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishi kerak.

Bugun sun’iy intellekt, raqamli aktivlar, elektron shartnomalar, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlik, yashil iqtisodiyot, sport huquqi, biotexnologiya va boshqa ko‘plab sohalar yuridik ilm-fan oldiga yangi savollarni qo‘ymoqda. Demak, kelajak huquqshunosi nafaqat o‘tmishda shakllangan huquqni, balki kelajak huquqini ham tadqiq qila olishi kerak.

Mustaqillikning 35 yilligida yuridik ta’lim haqida so‘z yuritar ekanmiz, yosh huquqshunoslarga alohida to‘xtalish zarur. Bugun yuridik ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba ertaga sudya, advokat, prokuror, notarius, davlat xizmatchisi, olim yoki xalqaro huquq mutaxassisi bo‘lishi mumkin. Uning bugungi bilimi ertangi huquqiy muhitga ta’sir qiladi. Shuning uchun yosh huquqshunoslarga bir fikrni doimo eslatib turish kerak: “Siz qonunni o‘rganayotganingiz yo‘q. Siz qonun ustuvorligini ta’minlaydigan kasbga tayyorlanyapsiz.” Bu esa katta mas’uliyatdir.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasining 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li yuridik ta’lim uchun ham ulkan imkoniyatlar va katta mas’uliyat davridir. Bugungi yuridik ta’limning asosiy maqsadi ko‘p diplomli mutaxassislar tayyorlash emas, balki huquqiy tafakkurga, mustaqil fikrga, yuksak kasbiy madaniyatga va inson huquqlariga sodiq huquqshunoslarni tarbiyalash bo‘lishi kerak. Zero, huquqiy davlatni qonunlar barpo etadi, ammo qonunlarni hayotga tatbiq etadigan insonlar -huquqshunoslardir.

Shu ma’noda, mustaqillikning 35 yilligi biz uchun nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlash, balki kelgusi o‘n yilliklar uchun aniq maqsadlarni belgilash imkoniyati hamdir. Kelajak yuridik ta’limi sifatli bilim, amaliy ko‘nikma, ilmiy tafakkur, raqamli texnologiya va inson qadri uyg‘unligiga asoslanishi lozim. Mustaqil O‘zbekistonning huquqiy kelajagi, avvalo, ana shunday bilimli, vatanparvar, halol va zamonaviy fikrlaydigan huquqshunoslarga bog‘liq bo‘ladi.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash

va malakasini oshirish instituti

dotsenti MUBIN NASULLAEV