+998 55 518 57 77

MUQOBIL OILAVIY VASIYLIK INSTITUTINI RIVOJLANTIRISHNING HUQUQIY MUAMMOLARI VA ISTIQBOLLARI

28.08.2026 62

Annotatsiya. Mazkur maqolada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalarni oilaviy muhitda tarbiyalashning huquqiy mexanizmlari, xususan, vasiylik va homiylik, oilaga tarbiyaga berish (patronat), tutingan (foster) oila hamda farzandlikka olish institutlarining o‘zaro nisbati tahlil qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonun, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarori asosida amaldagi huquqiy mexanizmlarning imkoniyatlari va mavjud muammolari aniqlanadi. Tadqiqotda bolaning eng ustuvor manfaatlari, uning oilada yashash va tarbiya olish huquqi, bolaning fikrini inobatga olish, nomzodlarni tanlash, monitoring va raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Xalqaro standartlar, xususan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va Bolalarni muqobil parvarish qilish bo‘yicha yo‘riqnomalari bilan milliy qonunchilik qiyosiy tahlil qilinadi. Tadqiqot natijasida “muqobil oilaviy vasiylik”ni kompleks huquqiy kategoriya sifatida shakllantirish, professional foster care, qarindoshlar parvarishi, individual rivojlanish rejasi va riskka asoslangan monitoring mexanizmlarini rivojlantirish yuzasidan takliflar ilgari suriladi.

Kalit so‘zlar: muqobil oilaviy vasiylik, vasiylik, homiylik, foster care, patronat, farzandlikka olish, bola huquqlari, bolaning eng ustun manfaatlari, qarindoshlar parvarishi, monitoring, ijtimoiy himoya.

Kirish

Bolaning oilada yashashi va tarbiyalanishi uning shaxsiy, ijtimoiy va psixologik rivojlanishining muhim shartidir. Ayniqsa, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaviy muhitga joylashtirish davlatning bola huquqlarini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida davlat muhofazasida ekani, 77-moddasida esa davlat va jamiyat yetim hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va ta’lim olishini ta’minlashi belgilangan. 78-modda bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratishni davlatning majburiyati sifatida belgilaydi.

Oila kodeksining 65–68-moddalarida bolaning oilada yashash va tarbiyalanish, ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish, himoyaga bo‘lgan hamda o‘z fikrini ifoda etish huquqlari mustahkamlangan. Mazkur normalar muqobil oilaviy parvarishning asosiy huquqiy poydevorini tashkil etadi.

Asosiy qism

Oila kodeksining 173-moddasiga ko‘ra, vasiylik 14 yoshga to‘lmagan yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ularni ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berish, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.

Amaldagi tizimning muhim yangiliklaridan biri Vazirlar Mahkamasining 2024-yil                     27-dekabrdagi 893-son qaroridir. Qarorning 3-ilovasi bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni muqobil oilaviy vasiylikka olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish, shuningdek, joylashtirilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi belgilangan. Mazkur Nizom shuningdek vasiylik, homiylik, farzandlikka olish, tutingan (foster) oila, oilaga tarbiyaga olish (patronat) va oilaviy bolalar uyini yagona muqobil joylashtirish tizimini ba’tafsil yoritib beradi.

Shu bilan birga, amaliyotda “muqobil oilaviy vasiylik” tushunchasining mustaqil normativ kategoriya sifatida mavjud emasligi muhim nazariy masaladir. Muallifning fikricha, ushbu tushuncha ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning eng ustun manfaatlari, xavfsizligi, oilaviy aloqalari va individual ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan vasiylik, homiylik, qarindoshlar parvarishi, patronat va foster care kabi shakllarning kompleks tizimi sifatida shakllantirilishi mumkin.

Mazkur yondashuv xalqaro huquqiy standartlarga ham mos keladi. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 20-moddasida oilaviy muhitidan vaqtincha yoki doimiy mahrum bo‘lgan bola davlat tomonidan alohida himoya va yordam olish huquqiga egaligi, unga muqobil parvarish shakllari ta’minlanishi belgilangan. Bunday shakllar jumlasiga foster placement, farzandlikka olish va zarur hollarda muassasaga joylashtirish kiradi; bunda tarbiyaning uzluksizligi va bolaning madaniy, diniy, lingvistik kelib chiqishi hisobga olinishi kerak.

BMT Bosh Assambleyasining A/RES/64/142-rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan Bolalarni muqobil parvarish qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar ham oilaning ajralishini imkon qadar oldini olish, muqobil parvarish zarur bo‘lganda esa oilaviy shakllarga ustuvorlik berish va institutsional parvarishni faqat zarur hamda bolaning eng ustun manfaatlariga mos holatlarda qo‘llashni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda mazkur tamoyillar qonunchilikda aks ettirilgan bo‘lsa-da, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini kuchaytirish zarur. Xususan, vasiy yoki foster ota-onani tanlashda faqat uning huquqiy layoqati va maishiy sharoitini emas, balki bolaning individual ehtiyojlariga mosligini ham baholash lozim. Nomzodning psixologik tayyorgarligi, tarbiyaviy kompetensiyasi, bolaning travmatik tajribalariga munosabati hamda bolaning biologik qarindoshlari bilan aloqalarini saqlashga tayyorligi ham mezon sifatida nazarda tutilishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, bolaning fikrini inobatga olish mexanizmi yanada takomillashtirilishi kerak. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilaydi. Bolaning huquq va manfaatlarini sud orqali himoya qilish ham kafolatlangan. Demak, bolaning fikri muqobil joylashtirish to‘g‘risidagi qarorning haqiqiy tarkibiy elementi bo‘lishi, uning fikridan chetga chiqilgan hollarda esa bunday qaror alohida asoslantirilishi lozim.

893-son qarorda muqobil joylashtirishga nomzodlarni tanlash, kuzatish va monitoring qilish vakolatli organ tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Nomzodlar ularga bola tarbiyasiga olishning huquqiy oqibatlari, bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risida axborot bilan ta’minlanadi. Bu mexanizmni yanada rivojlantirish uchun nomzodlarni tayyorlashning majburiy sertifikatlash modelini joriy etish, individual rivojlanish rejasini barcha joylashtirish shakllari uchun tatbiq etish va muntazam monitoring indikatorlarini belgilash maqsadga muvofiq.

Xulosa va takliflar

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda muqobil oilaviy vasiylikni rivojlantirishning huquqiy asoslari shakllangan bo‘lsa-da, mazkur munosabatlarni yagona konseptual va institutsional tizim asosida rivojlantirish zarur.

Birinchidan, Oila kodeksida “muqobil oilaviy vasiylik” tushunchasini alohida huquqiy kategoriya sifatida mustahkamlash lozim.

Ikkinchidan, qarindoshlar tomonidan parvarishlashni (kinship care) alohida muqobil joylashtirish shakli sifatida normativ jihatdan ajratish maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, professional foster care institutini rivojlantirish, uning huquqiy maqomi, malaka talablari, sertifikatlash, haq to‘lash va nazorat mexanizmlarini belgilash zarur.

To‘rtinchidan, har bir bola uchun individual rivojlanish va integratsiya rejasini majburiy huquqiy hujjat sifatida joriy etish lozim.

Beshinchidan, bolaning fikrini aniqlash va uning qaror qabul qilishdagi ahamiyatini aniq protsessual qoidalar bilan mustahkamlash kerak.

Oltinchidan, vasiylar va foster ota-onalarni tanlashda riskka asoslangan kompleks baholash mexanizmini joriy etish maqsadga muvofiq.

Yettinchidan, mavjud axborot tizimlari asosida bola, uning vasiysi, joylashtirish asoslari, monitoring natijalari va individual rivojlanish rejasini birlashtiruvchi yagona elektron case-management tizimini shakllantirish zarur.

Shunday qilib, muqobil oilaviy vasiylikni rivojlantirishning ustuvor maqsadi bolani shunchaki muassasadan oilaga joylashtirish emas, balki uning uzoq muddatli xavfsizligi, barqarorligi, ta’limi, sog‘lig‘i va ijtimoiy integratsiyasini ta’minlaydigan huquqiy tizimni yaratishdan iborat. Bunday yondashuv O‘zbekiston qonunchiligini bolaning eng ustun manfaatlari prinsipiga yanada yaqinlashtiradi hamda oilaviy tarbiyaning zamonaviy, inson huquqlariga asoslangan modelini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

 

O'quv-uslubiy bo'lim yetakchi mutaxassisi

Jasurbek Do'smatov