+998 71 200 02 35

Fuqarolik-huquqiy majburiyatlar bajarilishining ahamiyati

27.03.2024 1162

   Har kim o‘z huquqidan foydalanishi mumkin, biroq majburiyatini bajarishi shart

 

Ertalab uyg‘onganimizdan to uyquga ketgunimizga qadar kundalik hayotimizda bir birimiz bilan turli munosabatlarga kirishamiz. Bularning ichida eng ko‘p tarqalgani shartnomaviy munosabatlardir.

Shartnomaviy munosabatlar og‘zaki yoki yozma shaklda bo‘ladimi bundan qat’iy nazar qonunchilikka muvofiq tuzilar ekan, muayyan huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi. Ushbu huquqlarni amalga oshirishimiz va majburiyatlarimizni lozim darajada bajarishimiz bizga qonuniy manfaat olib keladi.

Bu kabi qonuniy manfaatdorlik nafaqat shu inson, balki jamiyat va davlat farovonligi va ravnaqining garovi hisoblanadi.

Shu o‘rinda, biz majburiyat va uning bajarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksida o‘z aksini topgan qoidalar xususida to‘htalib o‘tamiz.

Majburiyat deganda nima tushuniladi?

Majburiyat  fuqarolik huquqiy munosabati bo‘lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi, kreditor esa qarzdordan o‘zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.

Majburiyat kelishilgan va maqbul usulda bajarilishi mumkinmi?

Albatta majburiyat kelishilgan va taraflar uchun maqbul usulda bajarilishi shart.

Majburiyatni bajarish usuli, agar bu usul majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa va qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Majburiyatni qismlarga bo‘lib bajarish mumkinmi?

Shaxslar shartnoma tuzayotgan paytida unda belgilayotgan majburiyatni qismlarga bo‘lib bajarishni ko‘zda tutishlari mumkin.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, agar boshqacha tartib qonunchilikda, shartnomada nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki ish muomalasi odatlaridan yoxud majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor majburiyatning qismlarga bo‘lib bajarilishini qabul qilmaslikka haqli bo‘ladi.

Majburiyat tegishli shaxs uchun bajarilishi mumkinmi?

Albatta, shaxslar shartnoma tuzayotgan paytida unda majburiyatni tegishli shaxs uchun bajarishni ko‘zda tutishlari mumkin.

Biroq, shuni esda tutishimiz joizki, taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va ish muomalasi odatlaridan yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor majburiyatni bajarish chog‘ida ijroni kreditorning o‘zi yoki bu ish uchun u vakolat bergan shaxs qabul qilayotganligini isbotlashni talab qilishga haqli bo‘ladi va bunday talabni qo‘ymaganlik oqibatlari xavfi uning zimmasida bo‘ladi.

Majburiyat muddatidan ilgari bajarilishi mumkinmi?

Agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoxud majburiyatning mohiyatidan yoinki ish muomalasi odatlaridan yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablardan anglashilsa, qarzdor majburiyatni muddatidan ilgari bajarishga haqli, kreditor esa ijroni muddatidan ilgari qabul qilishi shart.

Majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarish mumkinmi?

Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yetarli asoslar mavjud bo‘lganida sud qarzdorga majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarish imkonini berishga haqli bo‘ladi.

 Xulosa o‘rnida: shartnomalar asosida olingan majburiyatlar lozim darajada bajarilishi shart, chunki bu nafaqat shu munosabatlarda ishtirok etadigan shaxslarga ulkan foyda olib keladi, shu bilan birga jamiyat va davlat ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan farovonlikka olib kelishi bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.  

Yuristlar malakasini oshirish
Markazi professori v.b, yu.f.d. (DSc) D.B.Raximov