+998 55 518 57 77

DAVLAT XARIDLARIDA INSOFSIZ YETKAZIB BERUVCHILARGA QARSHI HUQUQIY MEXANIZMLAR

20.08.2026 20

Mazkur maqolada davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida davlat buyurtmachilari duch kelayotgan muammolar, xususan, shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida va lozim darajada bajarmaydigan insofsiz ijrochilar faoliyati tahlil qilinadi. Amaldagi qonunchilikda insofsiz ijrochilarga nisbatan belgilangan huquqiy choralar, jumladan, Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini yuritish mexanizmi ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, mazkur mexanizmning amaliyotdagi ayrim cheklovlari tahlil qilinib, davlat xaridlarida ijrochilarning avvalgi faoliyatini baholash, ularning shartnomalarni bajarish darajasini hisobga olish va reyting tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ilgari suriladi.

Davlat xaridlari davlat buyurtmachilarining tovarlar, ishlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini pulli asosda ta’minlash jarayoni hisoblanadi. Davlat tashkilotlarining kundalik faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan tovar va xizmatlarni o‘z vaqtida xarid qilish davlat xaridlarining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Bugungi kunda davlat buyurtmachilari tomonidan xodimlarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish, tashkilotning uzluksiz faoliyatini ta’minlash hamda mavjud ehtiyojlarni qondirish maqsadida turli xil tovarlar, ishlar va xizmatlar bo‘yicha xaridlar amalga oshirilmoqda. Mazkur xaridlarning samarali tashkil etilishi nafaqat davlat tashkilotining faoliyatiga, balki davlat mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Davlat xaridlarida ijrochini aniqlashda taklif etilgan narx muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Ayrim xarid tartib-taomillarida eng past narxni taklif qilgan ishtirokchi g‘olib deb topilib, u bilan tegishli shartnoma tuziladi. Bunday mexanizm davlat mablag‘larini tejash nuqtayi nazaridan ijobiy ahamiyatga ega bo‘lsa-da, amaliyotda faqat narx mezoniga e’tibor qaratilishi ayrim hollarda muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Davlat xaridlarida insofsiz ijrochilar bilan bog‘liq muammolar

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, davlat xaridlarida g‘olib deb topilgan ayrim ijrochilar shartnoma tuzilgandan keyin o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi yoki shartnomani bajarish imkoniyatiga ega emasligini bildirishi mumkin.

Masalan, davlat buyurtmachisi tomonidan xarid g‘olibi bilan tovarni belgilangan muddatda yetkazib berish masalasi muhokama qilinganda, ayrim ijrochilar xarid jarayonida xato qilib, g‘olib bo‘lib qolganini ma’lum qiladi hamda shartnomani bekor qilishni so‘raydi. Bunday holatda davlat buyurtmachisi uchun muammo nisbatan tez hal etilishi mumkin, chunki shartnoma qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi yoki ijrochining shartnoma majburiyatlarini bajarmaganligi bilan bog‘liq tegishli huquqiy choralar ko‘riladi.

Biroq amaliyotda bundan murakkabroq holatlar ham uchraydi. Ayrim ijrochilar davlat buyurtmachisiga tovarni albatta yetkazib berishini va’da qiladi, biroq amalda yetkazib berish muddatini doimiy ravishda kechiktirib, “bugun”, “ertaga” kabi vajlar bilan vaqtni cho‘zadi. Natijada davlat buyurtmachisi shartnomada belgilangan muddat tugaguniga qadar ijrochining majburiyatini bajarmayotganligini to‘liq bartaraf eta olmaydi.

Mazkur holat davlat buyurtmachisining vaqtini yo‘qotishiga, zarur tovar yoki xizmatni o‘z vaqtida ololmasligiga va ayrim hollarda boshqa xaridni amalga oshirish jarayonining ham kechikishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli davlat xaridlarida faqat shartnoma tuzilgandan keyingi javobgarlik choralarini qo‘llash emas, balki shartnoma tuzilishidan oldin ijrochining avvalgi faoliyatini baholash imkoniyatini yaratish ham muhim ahamiyatga ega.

Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri

Amaldagi qonunchilikda davlat xaridlarida insofsiz ijrochilarga qarshi kurashishning muhim mexanizmlaridan biri Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri hisoblanadi.

Mazkur reyestrga davlat xaridlari jarayonida shartnoma tuzishdan bosh tortgan, shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan, davlat xaridlari jarayonida yolg‘on yoki soxta hujjatlarni taqdim etgan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarga yo‘l qo‘ygan ijrochilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.

Reyestrga kiritilgan ijrochining ikki yil davomida davlat xaridlarida ishtirok etishi mumkin emasligi insofsiz xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan muhim huquqiy chora hisoblanadi.

Mazkur mexanizmning ijobiy jihati shundaki, davlat buyurtmachilari shartnoma majburiyatlarini buzgan ijrochilardan muayyan muddat davomida himoyalanadi. Shu bilan birga, ijrochining reyestrga kiritilishi uning davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtincha cheklash orqali boshqa tadbirkorlik subyektlariga ham qonunchilik talablariga rioya qilish zarurligini ko‘rsatadi.

Biroq amaliyotda mazkur mexanizmning samaradorligini yanada oshirishni talab qiladigan ayrim masalalar mavjud.

Reyestr mexanizmining amaliyotdagi ayrim muammolari

Davlat buyurtmachisi uchun ijrochining insofsiz ekanligini shartnoma tuzilishidan oldin aniqlash juda muhimdir. Chunki ijrochi shartnoma majburiyatlarini bajarmaganidan keyin uni reyestrga kiritish davlat buyurtmachisining muayyan muammosini hal qilsa-da, sarflangan vaqtni qayta tiklamaydi.

Bundan tashqari, insofsiz ijrochi reyestrga kiritilgandan so‘ng ayrim hollarda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyekt nomidan yoki yangi tashkil etilgan yuridik shaxs orqali davlat xaridlarida yana ishtirok etishga urinishi mumkin. Natijada davlat buyurtmachisi uchun faqat reyestr mexanizmining o‘zi yetarli himoya vositasi bo‘lmasligi ehtimoli mavjud.

Shu nuqtayi nazardan, davlat xaridlarida ijrochining faqat joriy huquqiy maqomini emas, balki uning avvalgi faoliyatini ham hisobga olish imkoniyatini yaratish maqsadga muvofiqdir.

Ijrochilar faoliyatini baholash va reyting tizimini joriy etish zarurati

Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish uchun ijrochilar faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish taklif etiladi.

Bunday tizimda har bir ijrochining davlat xaridlaridagi avvalgi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirilishi mumkin. Jumladan:

  • ijrochi tomonidan jami nechta davlat xaridi bo‘yicha shartnoma tuzilgani;
  • tuzilgan shartnomalarning nechta qismi to‘liq bajarilgani;
  • nechta shartnoma belgilangan muddatda bajarilgani;
  • nechta shartnoma kechiktirib bajarilgani;
  • nechta shartnoma umuman bajarilmagani;
  • shartnomalar bo‘yicha qancha miqdorda penya yoki jarima qo‘llanilgani;
  • nechta holatda shartnoma ijrochining aybi bilan bekor qilingani;
  • ijrochining Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan yoki kiritilmaganligi;
  • ijrochining sud nizolarida ishtirok etishi bilan bog‘liq ma’lumotlar

elektron tizimda aks ettirilishi mumkin.

Bunday ma’lumotlarning davlat xaridlarining elektron tizimida ochiq yoki qonunchilikda belgilangan tartibda davlat buyurtmachilari uchun mavjud bo‘lishi xarid jarayonida asosli qaror qabul qilish imkoniyatini kengaytiradi.

Masalan, ikkita ijrochi bir xil yoki yaqin narxni taklif qilgan holatda davlat buyurtmachisi ularning avvalgi faoliyatini solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bir ijrochi avvalgi 100 ta shartnomaning 95 tasini o‘z vaqtida bajargan bo‘lsa, ikkinchi ijrochi esa tuzilgan shartnomalarning katta qismini kechiktirgan yoki bajarmagan bo‘lsa, ushbu ma’lumotlar davlat buyurtmachisi uchun muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Shu orqali davlat xaridlarida faqat “kim eng past narxni taklif qildi?” degan savol emas, balki “kim o‘z majburiyatlarini sifatli va o‘z vaqtida bajaradi?” degan savolga ham javob olish imkoniyati yaratiladi.

Reyting tizimining huquqiy ahamiyati

Ijrochilar reytingini joriy etish davlat xaridlarida insofsiz yetkazib beruvchilarga qarshi kurashishning preventiv, ya’ni huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olishga qaratilgan mexanizmi sifatida xizmat qilishi mumkin.

Amaldagi reyestr mexanizmi, asosan, ijrochi tomonidan qonunbuzarlik yoki shartnoma majburiyati buzilgandan keyin qo‘llaniladigan ta’sir chorasi sifatida namoyon bo‘ladi. Reyting tizimi esa ijrochining avvalgi faoliyatini baholash orqali davlat buyurtmachisiga xarid jarayonining dastlabki bosqichidayoq muayyan xavflarni aniqlash imkonini beradi.

Shu sababli reyestr va reyting tizimini bir-biriga muqobil emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi huquqiy mexanizmlar sifatida ko‘rish maqsadga muvofiq.

Bunda reyting tizimi ijrochilarni asossiz ravishda davlat xaridlaridan chetlashtirish vositasiga aylanib qolmasligi kerak. Baholash mezonlari aniq, shaffof va barcha ishtirokchilar uchun bir xil bo‘lishi lozim. Shuningdek, ijrochiga o‘z reytingi bo‘yicha ma’lumotlarni ko‘rish, noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, ularni belgilangan tartibda tuzatishni talab qilish imkoniyati berilishi kerak.

Davlat xaridlarining samaradorligi nafaqat xarid qilinayotgan tovar, ish yoki xizmatning narxiga, balki uni yetkazib beruvchi ijrochining ishonchliligiga ham bevosita bog‘liq. Eng past narxni taklif qilgan ijrochini aniqlash davlat mablag‘larini tejash imkonini bersa-da, ijrochining avvalgi faoliyati va shartnoma majburiyatlarini bajarish darajasi hisobga olinmasa, kelgusida davlat buyurtmachisi uchun qo‘shimcha vaqt va tashkiliy muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri bunday subyektlarga nisbatan muhim huquqiy ta’sir chorasi hisoblanadi. Biroq zamonaviy davlat xaridlari tizimida faqat huquqbuzarlik sodir etilgandan keyingi javobgarlik choralarini qo‘llash bilan cheklanib qolmasdan, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan mexanizmlarni ham rivojlantirish zarur.

Shu munosabat bilan davlat xaridlarining elektron tizimida ijrochilar faoliyatining yagona reytingini shakllantirish maqsadga muvofiqdir. Ushbu reytingda ijrochining tuzgan shartnomalari soni, ularning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi, kechiktirilgan yoki bajarilmagan shartnomalar, shartnomalarning bekor qilinishi, qo‘llanilgan jarima va boshqa huquqiy choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilishi mumkin.

Mazkur tizim davlat buyurtmachilariga ijrochini tanlashda qo‘shimcha va obyektiv ma’lumotlarga ega bo‘lish, insofsiz ijrochilar bilan bog‘liq xavflarni oldindan baholash hamda davlat xaridlarining samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Eng muhimi, davlat xaridlarida “eng past narx” mezonidan tashqari “ishonchli ijrochi” mezonini ham amaliyotga keng joriy etish davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, shartnoma intizomini mustahkamlash va halol raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Mamuriy - xo'jalik va mehnatni muhofaza qilish

bo'limi Bosh mutaxassisi

Mirzayev Soxib Kilichevich