+998 71 200 02 35

Buyuk Britaniyada yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi

14.12.2023 1031

Odatda insonlar yuridik sohani yuqori daromadli soha, oilaviy traditsiya, insonlarni huquqiy tomonlama himoya qilish, ijtimoiy tomonlama obro‘li kasbligi va boshqa turli sabablarga ko‘ra tanlashadi. Yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi esa dunyoning turli mamlakatlarida turlicha amalga oshiriladi. Avvalambor, Buyuk Britaniya misolida qanday qilib yuriskonsult maqomiga erishish va qaysi yo‘llarni bosib o‘tish zarurligi haqida bahs olib borsak.

Xalqaro qonunchilikda birinchi yangiliklar ingliz tilida e’lon qilinadi, bundan tashqari Buyuk Britaniyada ta’lim olgan huquq sohasidagi mutaxassisning diplomi ko‘p hollarda boshqa anglo-sakson huquq oilasiga tegishli davlatlarda (Avstraliya, Singapur, Kanada, AQSH, Yangi Zanlandiya kabi) ham tan olinadi, shu va boshqa omillarni inobatga olgan holda Buyuk Britaniyada yuridik ta’limni olish bir qancha afzalliklarni beradi. Buyuk Britaniyada yuridik sohadagi mutaxassislikka ega bo‘lish ancha murakkab va bir qancha bosqichlarni bosib o‘tishni talab qiladi. Birinchidan, talabgor yuridik sohada oliy ma’lumotga ega bo‘lish uchun aksariyat universitetlar tarix, geografiya kabi gumanitar fanlardan “A” yoki “A*” darajali ba’zaviy diplomga ega bo‘lishni talab qilishadi. Xalqaro talabalar uchun esa “Law Foundation” (huquq sohasida maxsus kurs) bir yillik o‘quv kurslarini tugatish ham kifoya qiladi. Bakalavr darajasi davomiyligi uch yil (Shotlandiyada to‘rt yil) bo‘lib, yuridik sohada bir nechta bakalavr shakllari bor.

Birinchi turi LLB (Bachelor of law) – bakalavrning bu turida yettita fan (jinoyat, shartnoma, konstitutsiyaviy va administrativ, yer, aksiya va ishonchnomalar, Yevropa Ittifoqi huquqi) hamda huquq sohasida amaliyotda kerak bo‘ladigan analitik, praktik bilimlar o‘rgatiladi. LLB bakalavr turi ikki xil ko‘rinishda o‘qitiladi, birinchisi to‘liq o‘quv yili qamrab olingan holda uch yillik, ikkinchisi to‘liq band bo‘lmagan holda to‘rt yildan olti yilgacha muddatda o‘qishlik mumkin.

Ikkinchi turi BA (Bachelor of Art in law) – bu bakalavr turida talabalar nafaqat huquq sohasi, balki unga yondosh bo‘lgan falsafa, tarix, siyosat, psixologiya, biznes kabi fanlarni ham o‘rganishadi. Asosan, bu yo‘nalishni kelajakda yuridik sohada o‘qituvchilik, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan talabalar tanlashadi. Ammo keyingi faoliyatini yuristlik sohasida ko‘rgan talabalar majburiy tartibda va ancha murakkab bo‘lgan SQE (Solicitors Qualifying Examination) – yuridik malakaviy imtihonini topshirishlari kerak bo‘ladi (bu haqida batafsil keyinroq).

Uchinchi turi BSc (Bachelor of Science in law) – huquq bakalavrining bu turida esa fanlar ko‘proq ilmiy tusga ega bo‘ladi, masalan biotexnologiyalar huquqi, yuridik usullar, yuridik til, mikro biotexnologiya va fermentatsiya texnologiyasi kabi elektiv darslar va qo‘shimcha darslar ham asosiy fanlar bilan birga o‘qitiladi.

2021-yilning sentabr oyidan boshlab Buyuk Britaniyada oldingidan boshqacha tartib joriy qilingan bo‘lib unga ko‘ra, yuqorida tilga olgan SQE (Solicitors Qualifying Examination) – yuristlar malakaviy imtihonini topshirish har bir talabgor uchun majburiy etib belgilangan.

Yuriskonsult bo‘lish istagini bildirgan har qanday inson, albatta SQE imtihonidan o‘tishi zarur. SQE faqat imtihon emas, Angliya va Uels qirolligida yursikonsult bo‘lib ish faoliyatini yuritish uchun standart ham hisoblanadi. Keling, yuristlar uchun muhim imtihon sanalgan bu jarayon – imtihon topshirish talablari va yo‘li haqida to‘liq muhokama qilsak. SQE standarti ikki qismga bo‘linadi: SQE 1 – nazariy huquqiy bilimlar va SQE 2 – amaliy huquqiy bilimlar. Ikkala darajani olish uchun maxsus imtihondan o‘tishga to‘g‘ri keladi. SQE imtihonlarini yuridik sohada diplomga ega bo‘lganlar ham, noyuridik soha vakillari ham topshirishlari mumkin, faqat noyuridik soha vakillari uchun qisqa muddatli huquq sohasida qayta tayyorlash kurslarida o‘qish kerak bo‘ladi.

SQE 1 imtihonini topshirish tartibi ikki qismdan iborat bo‘lgan har biri 180 tadan ochiq test shaklida jami 360 ta turli xil: birinchi qism – biznes huquqi va amaliyoti, nizolarni hal etish, shartnomalar, huquqbuzarliklar, Angliya va Uelsning huquqiy tizimi, Yevropa Ittifoqi huquqi, konstitutsiyaviy va administrativ huquq, huquqiy xizmatlar va ikkinchi qism – mulk amaliyoti, vasiyatnomalar va mulkni boshqarish, yuriskonsult buxgalteriyasi, yer huquqi, ishonchnomalar, jinoyat huquqi va amaliyotidan iborat. SQE 1 imtihoni 5 soat 6 daqiqa davom etadi va talabgor komputerda imtihon topshirishi kerak bo‘ladi. Imtihon topshirish narxi 1,798 yevro*.

SQE 2 imtihoni jami 16 ta amaliy topshiriqni o‘z ichiga oladi, shundan 4 tasi og‘zaki shaklda bo‘lsa, 12 tasi yozma shaklda topshiriladi. Davomiyligi 6 kun davom etadi – ikki yarim kun og‘zaki imtihon (interviyu, nizolarni hal qilish, mulk bilan bog‘liq amaliyot, jinoiy sudlov, vasiyat va vasiyatnoma) va  uch yarim kun esa yozma imtihonlarni (jinoiy, mulkiy, ma’muriy sudlov amaliyoti tahlili, shartnoma huquqi va h.) topshirishga sarflanadi. Imtihon topshirish narxi 2,766 yevro*.

SQE imtihonlaridan tashqari ikki yillik QWE (qualifying work experience – ish tajribasini oshirish) kursini o‘tashlari kerak. Bunda talabgor o‘qish davomida universitetning yuridik maslahat klinikasida volontiyor bo‘lib faoliyat olib borishlari mumkin yoki o‘qish davomida ixtiyoriy yuridik firma bilan kelishgan holda haq to‘lanadigan yoki haq to‘lanmaydigan shartnoma tuzib ishlashi mumkin.

Yuriskonsultlar va yuridik xizmat ko‘rsatish firmalari faoliyati ustidan nazoratni Buyuk Britaniyada SRA (Solicitors Regulation Authority) deb atalgan Yuristlar faoliyatini tartibga solish organi amalga oshiradi. Yuriskonsultlar uchun ish davomida malakasini oshirish Buyuk Britaniyada ixtiyoriy bo‘lib, yuristlar o‘zlariga kerakli bo‘lgan bilimni kelishuv asosida turli xil kurslarda olishlari va o‘z ustilarida ishlashlari kerak bo‘ladi. Ammo kasb etikasiga rioya qilmagan, bilim darajasi yetarli bo‘lmagan yuristlarni SRA (Solicitors Regulation Authority) organi tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi guvohnomalari bekor qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, Buyuk Britaniyada yuristkonsult bo‘lib ish faoliyatini boshlash ancha murakkab va ko‘p muddat davomida tayyorgarlik ko‘riladigan kasb hisoblanadi. Nafaqat shu sohada bakalavr darajasida o‘qish, SRA (Solicitors Regulation Authority) organi o‘tkazadigan SQE imtihonidan o‘tish, balki SRA sizga xarakter va kasbga moslik bo‘yicha ham xulosa taqdim qilishi kerak bo‘ladi, buning uchun siz bir qancha tashkilotlardan tavsifnomalar olgan holda SRA ga murojaat qilasiz. Buning ichiga sizning jinoiy xatti-harakatlar bo‘yicha sudlanganlik holati, sizning halolligingizga ta’sir qiladigan xatti-harakatlarni sodir etgan yoki etmaganligingiz to‘g‘risida, ta’lim jarayonida sodir etilgan huquqbuzarliklar, moliyaviy bank krediti bo‘yicha tarix va qarzdorliklarni vaqtida to‘langanligi, intizomiy jazo olinganligi hamda sog‘lig‘ingiz holati yuzasidan siz taqdim qilgan tavsifnoma va SRA tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida sizga umumiy xulosasini taqdim qiladi. Barcha natijalar va kerakli hujjatlar yig‘ilgandan keyin SRA sizga yuriskonsult bo‘lib ish faoliyatini olib borish huquqini kafolatlaydigan guvohnoma beradi.

*Maqolada keltirilgan pul miqdorlari 2023-yil dekabr holatiga ko‘ra.

 

 

Fan, innovatsiya va ta’lim dasturlarini
ishlab chiqish bo‘limi
bosh mutaxassisi S.Abduxoliqov