+998 71 200 02 35

YOSHLAR UCHUN IMTIYOZLAR KENGAYMOQDA

14.03.2024 2427

Tan olish kerakki, hozirgi murakkab va tahlikali kechayotgan axborot va texnologiyalar asrida O‘zbekiston yoshlariga qanchadan-qancha dunyo yoshlari havas bilan qaramoqda. Sababi shuki, tinch va osuda zaminda yashayotgan ko‘pmillatli xalqimiz kelajagini belgilovchi yosh avlodning har tomonlama kamol topib, voyaga yetishi uchun mamlakatimizda yaxshi imkoniyat va qulay shart-sharoitlar mavjud.

         So‘ngi 8 yil davomida amalga oshirilgan islohotlarga nazar tashlasak, ularning aksariyati yoshlar uchun amalga oshirilgan deyishimiz mumkin. Bugun har qachongidan ham ko‘proq e’tibor va g‘amxo‘rlik aynan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilishi - yurtimiz ertasining yorqin bo‘lishiga zamin yaratilayotganining dalolatidir.

         Umuman olganda qonunchilikda ham yoshlarimiz uchun imtiyozlar va preferensiyalar anchayin kengaydi. Birgina misol “Yoshlar daftari” tizimi ishga tushirildi va hozirda unga kiritilgan moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga BHMning 4 baravarigacha (1 mln 360 ming so‘mgacha) moddiy yordam beriladi.

Moddiy yordam olish uchun mahalladagi yoshlar yetakchisiga ariza beriladi. Yoshlar yetakchisi 3 ish kunida ariza bergan shaxsning ijtimoiy holatini o‘rganadi hamda moddiy yordam berish yoki rad etish to‘g‘risida Vasiylik kengashiga (tuman (shahar) yoshlar ishlari bo‘limi) xabar beradi.

Shuningdek hozirgi kunda yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qish xarajatlarining 75 foizigacha qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida to‘lab beriladi.

Buning uchun tadbirkorlikka yoki kasb-hunarga o‘qishni istagan yoshlar tuman (shahar) Yoshlar ishlari bo‘limiga ariza hamda o‘quv kursi shartnomasi nusxasini beradi. Shartnomada ta’lim tashkiloti nomi, STIR, o‘quv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik to‘lov miqdori va umumiy muddat ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

Shuningdek yoshlarning avtomaktabda o‘qish xarajatlari qoplab berilmoqda. Yoshlarning avtomaktabda o‘qish xarajatlari BHMning 4 baravarigacha (hozirda 1 mln 360 ming so‘mgacha) qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari tomorqasi bo‘lgan yoki dehqonchilik qilayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha miqdorda hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida subsidiya beriladi. Subsidiya olish uchun ariza beruvchi Yoshlar ishlari bo‘limiga yeri borligini tasdiqlovchi hujjat hamda urug‘lik va ko‘chatlarni xarid qilish shartnoma nusxasini taqdim etadi.

Eng muhimi, yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar o‘z faoliyatini olib borayotgan joyning yillik ijara to‘lovining 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida qoplab beriladi. Buning uchun quyidagi hujjatlar Yoshlar ishlari bo‘limiga taqdim qilinishi kerak: tadbirkorlik guvohnomasi nusxasi yoki o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi QR-kodli ma’lumotnoma; ijara shartnomasining soliqda hisobga qo‘yilganligi haqidagi bildirishnoma; ijara shartnomasi nusxasi.

Biz yuqorida tilga olgan yoshlar uchun yaratilgan imtiyozlar hammasi ham emas, bundan boshqa imtiyozlar ham mavjud bo‘lib, yoshlarimiz ulardan unumli foydalanishlari lozim.

Bugun yoshlarimiz hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun astoydil o‘qib o‘rganishlari va albatta sidqidildan mehnat qilishi kerak. Zero, har qanday muvaffaqiyatga o‘z-o‘zidan erishilmaydi. Har bir yutuq zamirida mehnat, maqsadli harakat qilish talab etiladi.

 

                                                 Yuristlar malakasini oshirish markaz xodimi
I.Avazmetova