Mazkur maqolada yerga oid nizolarni sudlar tomonidan hal etishning o‘ziga xos jihatlari, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarda yuzaga kelayotgan muammolar va bunda advokatning ishtiroki, fuqarolar va yuridik shaxslar yer bilan bog‘liq ishlarda o‘z huquq va manfaatlarini advokat ishtirokida bevosita himoya qilishlari, yerga oid ommaviy-huquqiy va fuqarolik-huquqiy nizolar bo‘yicha ishlarni sudlarda ko‘rishda advokat ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yoritib berilgan.
Kalit soʻzlar: yer egalari, qishloq xo‘jalik ehtiyojlari, mahalliy davlat hokimiyati, hokimliklar, sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan yerlar toifasi, davlat va jamoat ehtiyojlari, fermer xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar
Barchangizga ma’lumki so‘ngi yillarda yer munosabatlari sohasida tub islohotlar amalga oshirildi, qonunchilik hujjatlari yanada takomillashtirildi, ayrim qonunchilikdagi bo‘shliqlar to‘ldirildi hamda sohadagi aksariyat muammolar bartaraf etildi.
So‘ngi yillarda yer munosabatlari sohasida bir qator yangi qonun hujjatlari qabul qilindi hamda mavjudlari yanada takomillashtirilishi natijasida yer ajratish tartibi tubdan o‘zgardi, jumladan qishloq va noqishloq yerlarni ajratishning shaffof mexanizmi yaratildi, davlat tashlilotlariga yer ajratish tartibi belgilandi, yerga bo‘lgan huquq turlari optimallashtirildi hamda sohadagi qo‘plab boshqa muammolar bartaraf etildi.
Jumladan: mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlari sohasidagi vakolatlari bilan bog‘liq.
Amaliyotda hokimliklar tomonidan vakolat doirasiga kirmaydigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish holatlari ko‘plab uchrayotgan edi.
Masalan, avvalgi tartibga ko‘ra sug‘oriladigan yer uchastkalarinini sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga o‘tkazish Hukumat bilan kelishilgan holda viloyat hokimining qarori bilan amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda ushbu masala yuzasidan qaror qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF–6243-son Farmoni bilan hokimliklarning yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish to‘g‘risida qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilindi.
Shu bilan birga, Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, viloyat hokimliklariga bir qator qo‘shimcha vakolatlar berildi hamda ayrim vakolatlari bekor qilindi.
Jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish bo‘yicha ochiq elektron tanlov yakunlarini tasdiqlash, davlat va jamoat ehtiyojlari yer ajratish hamda ko‘p kvartirali uylar joylashgan va ularga tutash yer uchastkalarini notijorat maqsadlarda doimiy foydalanish huquqi asosida berish kabi qo‘shimcha vakolatlar berildi.
Aksincha, viloyat hokimliklarining yuridik shaxslarga qishloq xo‘jalik ehtiyojlari hamda boshqa davlat va jamoat ehtiyojlari uchun egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga yer berish hamda yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlari bekor qilindi.
Endilikda, yer munosabatlari sohasidagi qarorlarning qonunchilikka muvofiq qabul qilinishini ta’minlash maqsadida viloyat hokimliklarining qaror loyihalari hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazib boriladi.
Yer uchastkalarining yer fondi toifasini o‘zgartirish tartibi bilan bog‘liq masala.
Amaliyotda aksariyat mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarining yer fondi toifasini o‘zgartirish tartibiga rioya qilinmasdan sug‘oriladigan yerlarni boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ya’ni, qurilish, sanoat va boshqa yo‘nalishlarga ajratish holatlari ko‘plab uchrar edi.
Sug‘oriladigan yerlarni muhofaza qilishni ta’minlash maqsadida ularni qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda, shu jumladan sanoat va fuqarolik obyektlari qurilishi uchun ajratishga yo‘l qo‘yilmaydigan bo‘ldi.
Endilikda, sug‘orilmaydigan yerlarni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Yer kodeksining 44-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar sirasiga o‘tkazish Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligining xulosasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquq turlariga oid qonun hujjatlaridagi o‘zgartirishlar.
Avval tartibga ko‘ra, yer uchastkalari yuridik shaxslarga doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara va mulk huquqi, umrbod egalik qilish huquqi bilan ajratilar edi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi hamda sohadagi muammolardan kelib chiqib, yer uchastkalarining bozor qiymatini shakllantirish maqsadida yer uchastkalariga bo‘lgan huquq turi 6 tadan 3 taga qisqartirildi.
Endilikda, yerlar mulk huquqi, ijara huquqi hamda doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladigan bo‘ldi.
Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yuridik shaxslarga yer uchastkalari mulk, doimiy foydalanish va ijara huquqi asosida hamda jismoniy shaxslarga mulk va ijara huquqi asosida ajratilishi belgilab qo‘yildi.
Chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalariga faqat ijara huquqi asosida ega bo‘lishi mumkin. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar ijara va mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.
Davlat tashkilotlariga yer uchastkasi ajratish tartibi bilan bog‘liq islohotlar.
Shu kunga qadar, qonunchilikda davlat tashkilotlariga yer uchastkasi ajratish tartibi va uning mexanizmi mavjud emas edi.
Buning oqibatida, amaliyotda hokimliklar tomonidan davlat tashkilotlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratib berish holatlari ko‘plab uchrar edi.
Endilikda esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF–6243-son Farmoniga asosan davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga (keyingi o‘rinlarda – davlat tashkilotlari) yer uchastkalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladigan bo‘ldi.
Davlat ehtiyojlari uchun quyidagi maqsadlarda ajratiladi:
mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil qilish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obyektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimlari obyektlari
va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obyektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish;
aholi punktlari bosh rejalarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obyektlar qurish bo‘yicha amalga oshirish.
Jamoat ehtiyojlari uchun quyidagi maqsadlarda ajratiladi:
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli binolar va inshootlar, hududlarga olib keluvchi avtomobil yo‘llari va piyoda yo‘laklari;
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli binolar va inshootlar hamda hududlarda o‘tkaziladigan muhandislik-kommunikatsiyalari;
aholini, qishloq xo‘jaligi ekinlari va yashil o‘simliklarni suv bilan ta’minlashga mo‘ljallangan ariqlar, kanallar, havzalar va boshqa suv arteriyalari;
davlat ta’lim va davolash muassasalari, internatlar, mehribonlik uylarini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida qurish;
Davlat budjeti mablag‘laridan hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladigan maydonlar, shuningdek, dam olish bog‘lari, xiyobonlar, dam olish zonalari, ko‘llar, suv havzalari, qabristonlar va boshqa rekreatsion obyektlar.
Eng yaxshi taklifni tanlab olish orqali yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasi ajratish tartibiga oid yangiliklar.
Endilikda, eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasi loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng kafolat mablag‘ini joylashtirish orqali Vazirlar Mahkamasi hujjati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi.
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzurida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi faoliyat yuritadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratish tartibi bilan bog‘liq jarayonlar.
Yer munosabatlarini tartibga soluvchi qoidalar qonunosti hujjatlari bilan tarqoq holda tartibga solingan edi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishning amaldagi tartibi shaffof emas edi.
Jumladan, joylarda fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun tanlovlarni o‘tkazishda byurokratik to‘siqlar, tanish-bilishchilik va korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilishi, shuningdek aksariyat holatlarda tanlovlar o‘tkazilmasdan yer uchastkalarini berish holatlari mavjud edi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishning korrupsiyadan holi shaffof mexanizmi yaratildi. Xususan, yerlar endi inson omili aralashuvisiz to‘liq elektron shaklda ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 noyabrdagi 709-son “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan:
– Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;
– Yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun
yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;
– Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ajratish tartibi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda ayrim holatlarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladi.
Yer uchastkasini ajratish tartibi:
jismoniy va yuridik shaxslarga – tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion orqali beriladi;
davlat tashkilotlariga – davlat va jamoat ehtiyojlari uchun viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan;
eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga – Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.
Yer uchastkasidan foydalanishda ijara muddati:
jismoniy va yuridik shaxslarga – yuz yildan ortiq bo‘lmagan muddatga;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga – yigirma besh yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Shuningdek, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkasini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga va mulk huquqi asosida berish Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tartibida amalga oshiriladi.
Yer berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalasi
Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik bo‘yicha ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi.
Jinoyat kodeksining 1971-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha, shu jumladan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi fakti to‘g‘risida vakolatli organlarni xabardor etish bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rmaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 66-moddasiga muvofiq yer berish tartibini buzish holatlari yuzasidan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solish nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksining 2294-moddasiga muvofiq yer berish tartibini buzish harakati uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Ushbu harakat takroran sodir etilganda hamda sug‘oriladigan yerlarning qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Joʻrayev Javlonbek Norboboyevich
Yuristlar malakasini oshirish markazi
“Xususiy-huquqiy fanlar” kafedrasi oʻqituvchisi
mail: javlon-juraev@mail.ru