Davlatimizda so‘ngi yillarda hokimiyat tizimini islox qilish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganligi hech kimga sir emas. Jamiyatimizning rivojlanishida davlat hokimiyat tizimining o‘rni va ahamiyati yuqoridir. Shu sababli yangi tahrirda qabul qilingan konstitutsiyamiz ham xalqparvar davlat qurish uchun kuchli parlament, ixcham va ma'suliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishni maqsad qilganligi bejiz emas. Jamiyatimizda mazkur hokimiyatlar o‘z vakolatlari doirasida jamiyat va davlat hayoti uchun muxim vazifalarni bajarmoqdalar. Davlat hokimiyati tizimi yagona va yaxlit bo‘lib, hokimiyatning bir bo‘g‘inini modernizatsiya qilish uning boshqa tarmoqlarda ham islohotlarni taqozo qiladi. Shunga ko‘ra, tarmoqlar o‘rtasida bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida qonun chiqaruvchi hokimiyat hisoblangan parlament palatalarining nufuzini oshirish va uning vakolatlari doirasini kengaytirish yuzasidan kengaytirish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paymoqda. Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanadigan Qonunchilik palatasi vakolatiga o‘tkazildi. Bu o‘zgarish quyi palataning vakillik tabiatiga va ilg‘or xorijiy tajribaga to‘la mos keladi. Shu bilan birgalikda ijro hokimiyati organlari faoliyatida qat’iy tartib-intizom, mas’uliyat, natijadorlikni kuchaytirish maqsadida shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, Bosh vazir nomzodini Prezident Qonunchilik palatasiga kiritib, xalq vakillari ma’qullagandan so‘ng lavozimga tayinlash tartibi joriy etildi. Shuningdek, parlamentimizning yuqori palatasi ya'ni Senat oldiga qo‘yilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish maqsadida uning mahalliy Kengashlarga ko‘maklashish bo‘yicha vakolati ham Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Ushbu konstitutsiyaviy normalar Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi va ma’muriy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga hamohang bo‘lib, parlament palatalari vakolatlarini aniq chegaralab beradi, ular faoliyatidagi o‘zaro takrorlanishlarni bartaraf etadi, parallel funksiyalarni maqbullashtiradi, Oliy Majlisni yagona yaxlit organ sifatida samarali faoliyat olib borishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga joylardan teng vakillikni saqlab qolgan holda, senatorlar soni hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirilib, bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilishi belgilandi. Bu o‘zgartirishlar Oliy Majlis Senati faoliyatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar mohiyatiga monand tarzda modernizatsiyalash imkonini beradi. Shuningdek, Oliy Majlis palatalari tomonidan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish va ularni ma'qullash yoki rad qilish muddatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga binoan uzaytirildi. Bu o‘zgartirish qabul qilinayotgan qonunni ma'qullash va imzolashdan oldin har tomonlama jamiyat va davlat manfaatlariga qanchalik darajada foyda keltirishini o‘rganib chiqilishini ta'minlaydi. Shuningdek, Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yildi. Oliy Majlisning jamiyat hayotidagi o‘rni, roli va ta’sirini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazildi. Xususan, Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini Senat tomonidan saylash amaliyoti joriy etilganligini ko‘rishimiz mumkin. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi joriy etildi. Shuningdek, Qonunchilik palatasini shakllantirishda aralash saylov tizimi joriy qilinganligini e'tirof etishimiz mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat tizimini islox qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan isloxotlar o‘z samarasini berib, davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi deb bemalol ayta olamiz.
Yuristlar malakasini oshirish markazi mas'ul xodimi
Sharipov Humoyun Hamid o‘g‘li