Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda adliyaorganlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Adliya vazirligining qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi:
· aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish;
· joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;
· fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish;
· davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatib borish.
Bundan tashqari ushbu Farmon yuzasidan , adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifa yuklatilmoqda:
· aholi muammolarini o‘rganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish;
Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib boriladi
· uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqish;
· “Online-mahalla” platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolarni hal etib borish;
· aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash va ularga huquqiy tushuntirishlar berish;
· yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida xabardor qilish;
· tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatib borish.
Farmonga asosan maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlarini chuqurlashtirilgan holda o‘qitish tashkil qilinyapti.
Bu orqali biz yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab chuqurroq o‘rgatish imkoniga ega bo‘lamiz. Yoshlarning maktabdan huquq yo`nalishiga chuqur kirib borishi uchun ushbu harakatlar zamin yaratadi desak mubolag`a bo'lmaydi. Farmon doirasida jamiyatning yangi bo`g'iniga kirib borayotgan bo'lajak yosh huqushunoslar uchun keng imkoniyatlar mavjud bo'lib ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish barchaga birdek manfaatli bo'lishidan umidvormiz.
Davlat organlarining yoshlarga o‘z eshiklarini ochishini ham juda ijobiy holat sifatida baholaymiz. “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlari doirasida adliya organlariga yoshlarni olib borish imkoni yaratilyapti. Bu degani yoshlar haqiqiy professional yuristlar bilan muloqot qiladilar.
Qo‘shimcha qilish kerakki, vazirlik va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 4 ta malaka oshirish markazlari birlashtirilib, uning negizida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etilmoqda.
Shuningdek, vazirlikning “Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi negizida Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti tashkil etilmoqda.
O‘rganishlar, tahlillar natijasida Farmon bilan adliya organlari faoliyatida juda katta o‘zgarishlar, shuningdek aholiga qo‘shimcha yengillik va qulayliklarni joriy etish nazarda tutildi.
Xususan, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish borasida muammolarni hal qilishda “fuqaro – mahalla – adliya” tizimi joriy etiladi.
Bunda, aholining kundalik hayotidagi huquqiy muammolar “mahalla yettilik”lari orqali Onlayn mahalla platformasidan foydalanib adliya organlariga yetkaziladi. Adliya organlari tomonidan esa mazkur muammolar yechimlari bo‘yicha huquqiy tadbirlar, qonunchilikka takliflar ishlab chiqiladi. Shu orqali “mahalla yettiligi”ga fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borishga ko‘maklashib boriladi.
Shu bilan birga, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri bu huquqiy madaniyatning yuqoriligi hisoblanadi. Umuman huquq – odamni madaniylashtiradi. Buning natijasida ijtimoiy barqarorlik kelib chiqadi. Shu bois Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda.
Farmon bilan markazlar orqali yana 13 ta yangi xizmatlar joriy etilmoqda va davlat xizmatlarining har bir mahalla va fuqaroning hayotiga yanada yaqinroq kirib borishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlarga ham agent sifatida 15 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Yana bir qulaylik davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID tizimi joriy qilinishidir. Face-ID tizimi - bu biror davlat xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lgan fuqaroni uning yuzidan tanib, u haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda aniqlaydigan tizim hisoblanadi.
Ushbu o‘zgarishlar, albatta, fuqarolarning vaqtini va mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan Aholining yagona reestri shakllantirilishi va yuritilishi belgilanmoqda.
Reestr O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarining yagona elektron bazasi hisoblanadi.
Davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda shaxsga taalluqli ma’lumotlar ushbu reestrdan olinadi.
Shuningdek, Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berilmoqda:
· intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan belgilangan tartibda xulosa berish;
· kontrafakt mahsulotlarni yashirin ishlab chiqarish holatlarini aniqlash bo‘yicha maxsus vakolatli organlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish va aniqlangan kontrafakt mahsulotlarni olib qo‘yish va yo‘q qilish;
· intellektual mulk sohasidagi qonun buzilishi holatlari yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshirishlarni vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirish.
Ushbu o`zgarishlarning barchasi yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, xalqning turmush tarzini yaxshilashga qaratilganligidan dalolat beradi.
Yuristlar malakasini oshirish markazi
bosh mutaxassisi
M.Tolipova