+998 71 200 02 35

FUQAROLARNING MUROJAATLARI BILAN ISHLOVCHI XODIMLARNING MALAKASINI OSHIRISH TIZIMI TAKOMILLASHMOQDA

03.11.2022 1691

Ma’lumki, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish va ushbu murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarning hozirgi zamon talablariga javob beradigan holda, ularning malakasini oshirish eng muhim va dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlovchi xodimlarning malakasini oshirishning yangi tartibi ishlab chiqildi. Mazkur tartibni amaliyotga joriy etish maqsadida joriy yilning
7-oktabr sanasida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 582-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizom asosida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish tartibi belgilandi.

Nizomga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlar deganda, kelib tushgan murojaatlarini qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek, murojaatlarning hisobotini yuritish va ko‘rib chiqilishini nazorat qilish maqsadida davlat tashkilotlarida tashkil etilgan bo‘lim, bo‘linma yoki guruhlarning rahbarlari va xodimlari nazarda tutilgan.

Murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlar malakasini oshirish har 3 yilda kamida bir marta amalga oshiriladi va malaka oshirish kursida o‘qitish vaqti
12 soatni tashkil etadi.

Malaka oshirish kurslari ta’lim muassasalari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning filiallarida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va uning filiallarida  to‘lov-shartnoma asosida tashkil etiladi.

Malaka oshirish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:

ta’lim muassasasi va uning filiallarida o‘qitish;

xodimlarning ish joyida o‘qitish;

masofaviy ta’lim orqali o‘qitish.

Malaka oshirish kurslari o‘quv dasturiga muvofiq belgilangan mavzular (modullar) bo‘yicha sinov imtihonini topshirish bilan yakunlanadi.

Malaka oshirish yakuni bo‘yicha imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga o‘quv kursining nomi va hajmi ko‘rsatilgan holda, malaka oshirish kurslarini yakunlanganlik uchun belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan o‘tmagan) tinglovchiga sertifikat berilmaydi. Bunday holatda tinglovchiga malaka oshirish kursida qatnashganligi to‘g‘risida ma’lumot beriladi.

Malaka oshirish kurslariga qabul qilingan tinglovchilarning o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davrida asosiy ish joyi bo‘yicha saqlab qolinadi.

O‘z navbatida, murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlarning ma’lumotlari bazasi tegishli ravishda Adliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar adliya boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan shakillantiriladi hamda yuritiladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlovchi xodimlarning malakasini oshirish tizimini sifatli yo‘lga qo‘yish - ushbu xodimlarning kasbiy bilimlari va ko‘nikmalarini yangilash va chuqurlashtirishga, ular tayyorgarligining zarur va yetarli darajasi, bilimlari va amaliy mahoratlarini yanada yuksaltirish, jismoniy va yuridik shaxslarning muammolarini chuqur tahlil qilgan holda tez va sifatli hal etilishiga xizmat qiladi.

 

H.Sharipov

Adliya vazirligi huzuridagi

Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimi