+998 71 200 02 35

Bir suddan boshqa sudlarga ish materiallarini o‘tkazish tartibi

06.06.2024 857

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari belgilangan edi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Ushbu Qonunda da’vo arizasini (arizani), shikoyatni yoxud ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan sudga o‘tkazgan holda, sudlar tomonidan da’vo arizasini, arizani, shuningdek shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etishni yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash belgilanishi zarurati yuzaga kelganligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, sud tizimida “yagona darcha” prinsipini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’i nazar, qabul qilishga va vakolatli sudga yuborishga hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimi joriy etilishi nazarda tutildi.

Mazkur Qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi (FPK) “Ish materiallarini sudga taalluqligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha suddan boshqa sudga o‘tkazish” to‘g‘risidagi 311-moddasi bilan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (IPK) ham “Ish materiallarini sudga taalluqligiga ko‘ra iqtisodiy suddan boshqa sudga o‘tkazish” to‘g‘risidagi 311-moddasi bilan, hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi (MSIYutK) “Ish materiallarini sudga taalluqligiga ko‘ra ma’muriy suddan boshqa sudga o‘tkazish” to‘g‘risidagi 273-moddasi bilan to‘ldirildi.

Qayd etilgan FPK ning 311-moddasining mazmuni talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) taalluqliligiga ko‘ra iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazilishi, agar ishni ko‘rib chiqish jarayonida da’vo arizasi (ariza) sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda ish yuritishga qabul qilinganligi aniqlansa, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish va fuqarolik sud ishini yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqarishi, da’vo arizasini (arizani), ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga o‘tkazish to‘g‘risidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkinligi, fuqarolik ishlari bo‘yicha suddan taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga o‘tkazilgan da’vo arizasi (ariza), ish materiallari o‘ziga o‘tkazilgan sud tomonidan qabul qilib olinishi kerakligi va O‘zbekiston Respublikasida sudlar o‘rtasida sudga taalluqlilik to‘g‘risidagi nizolarga yo‘l qo‘yilmasligidan iboratdir.

Aynan shunday mazmunda IPK va MSIYutK ning qayd etilgan tegishli moddalarida ham ish materiallarini taalluqligiga ko‘ra tegishligicha bir suddan boshqa sudga o‘tkazish me’yorlari bilan to‘ldirilgan.

Qonun hujjatlariga bunday me’yorlarning kiritilishi bilan sudga murojaat qiluvchilarning sudma-sud ovora bo‘lib yurishlarini oldi olindi. Ularga sudlarga murojaat qilishga qulayliklar yaratildi. Bungacha, agarda sudga taalluqlik qoidalari buzilgan holda murojaat qilinganida ish materiallari murojaatchiga qaytarib yuborilardi. Murojaatchi esa, yana qaytadan taalluqligi bo‘yicha boshqa sudga ish materiallarini qayta tayyorlab murojaat qilishga majbur bo‘lardi.

Endilikda esa, garchi sudlarga noto‘g‘ri va taalluqlikka rioya qilinmasdan murojaat qilingan taqdirda, sudlarning o‘zi ajrim chiqarib, taalluqli bo‘lgan sudga ish materiallarini o‘tkazadilar va bu haqda murojaatchilarga xabar beradilar.

Umuman olganda, Qonun hujjatlariga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar va yangiliklar inson manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan huquqiy islohotlardan darak beradi. Bunday ko‘rilayotgan chora-tadbirlar fuqarolar, tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlanishi yo‘llaridan biri bo‘lib hisoblanadi.

Nasullaev Mubin
Yuristlar malakasini oshirish
Markazi dotsenti