+998 55 518 57 77

Yuridik ta’limda ilmiy tadqiqotlarning o‘rni

30.06.2026 93

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-98-son Farmoni ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat hisoblanadi. Mazkur Farmon bilan doktorantura tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, ilmiy tadqiqotlarning sifatini oshirish, ularning amaliy natijadorligini ta’minlash hamda ilmiy darajalar berish tizimini soddalashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi.

Farmonda ilmiy tadqiqotlarning mamlakat taraqqiyoti ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois doktorantura qabulida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik, biotexnologiya, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi kabi ustuvor ilmiy yo‘nalishlarga alohida e’tibor berilishi nazarda tutilgan. Bu esa ilmiy izlanishlarning bevosita iqtisodiyot va jamiyat rivojiga xizmat qilishi, innovatsion yechimlar yaratishga yo‘naltirilishini ta’minlaydi.

Ilmiy tadqiqotlarning sifatini oshirish maqsadida doktorantlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham joriy etilmoqda. Ustuvor yo‘nalishlarda tahsil olayotgan doktorantlar uchun differensial stipendiyalar, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi shakllari hamda ilmiy rahbarlarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Shuningdek, doktorantlarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozuv va ilmiy ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha maxsus fanlarni o‘qitish tizimi takomillashtirilmoqda.

Farmonning yana bir muhim yangiligi – “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturining joriy etilishidir. Mazkur dastur doktorantlarga amaliy tadqiqot loyihalari asosida ilmiy izlanish olib borish va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, “Amaliy doktorantura (PhD)” modeli orqali oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni real sektor ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish ko‘zda tutilgan. Bu esa ilmiy natijalarning faqat nazariy xulosalar bilan cheklanib qolmasdan, amaliyotga keng joriy etilishiga xizmat qiladi.

Farmonning eng muhim jihatlaridan biri ilmiy darajalar berish va dissertatsiyalarni himoya qilish tartibini soddalashtirish bilan bog‘liq. 2027-yil
1-yanvardan boshlab ilmiy daraja olish jarayonidagi qator talablar bekor qilinadi. Jumladan, doktorantlar uchun chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish talabi (mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno), dissertatsiya avtoreferatini chop etish, dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida e’lon berish, dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish, amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida alohida xulosa olish, Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashida dissertatsiyani qayta ekspertizadan o‘tkazish hamda himoya qilingan dissertatsiya bo‘yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash kabi tartiblar bekor qilinmoqda. Mazkur o‘zgarishlar ilmiy daraja olish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirib, ortiqcha byurokratik bosqichlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ilmiy attestatsiya tizimida sifat nazoratini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Endilikda ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati reyting asosida baholanadi, ularning faoliyati yagona elektron platforma orqali ochiq e’lon qilinadi hamda ilmiy kengashlar tomonidan ma’qullangan ayrim dissertatsiyalar mustaqil, jumladan, xorijiy ekspertlar tomonidan tanlov asosida qayta baholanadi. Bu esa ilmiy ekspertizaning xolisligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur islohotlar oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini xalqaro standartlarga mos, zamonaviy va natijador model asosida rivojlantirishga qaratilgan. Eng muhimi, ilmiy tadqiqotlar endilikda faqat ilmiy daraja olish vositasi sifatida emas, balki innovatsiyalar yaratish, davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda jamiyat oldida turgan dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqishning muhim omili sifatida e’tirof etilmoqda.

 

 

A.Lapasov —Ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni

muvofiqlashtirish boʻlimi boshlig‘i