O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi — bu nafaqat xalqimiz hayotidagi buyuk tarixiy sana, balki mamlakatimiz bosib o‘tgan ulkan davlat-huquqiy taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil etish, erishilgan natijalarga xolis baho berish va kelgusi maqsadlarni belgilash uchun muhim imkoniyatdir.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston davlat suverenitetini qaror toptirish, milliy huquqiy tizimni yaratish va mustaqil davlat institutlarini shakllantirishdan inson, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini davlat siyosatining markaziga qo‘yadigan yangi davlatchilik modelini barpo etish sari izchil va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.
Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar alohida o‘rin tutadi. Ularning eng muhim xususiyati — davlat, qonun va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlar falsafasining tubdan yangilanganida namoyon bo‘lmoqda.
Mustaqillik — huquqiy qadriyat
1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinishi xalqimiz tarixida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Mamlakatimiz o‘z davlat tuzumini, ichki va tashqi siyosatini mustaqil belgilash, milliy qonunchilik tizimini yaratish, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan davlat institutlarini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mustaqillikning dastlabki bosqichida yosh davlat oldida turgan eng muhim vazifa suveren davlatchilikning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish edi.
1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi mazkur tarixiy jarayonning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Asosiy Qonun orqali hokimiyatlar bo‘linishi, milliy sud tizimi, parlamentarizm, fuqarolik jamiyati institutlari, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning fundamental huquqiy asoslari yaratildi.
Biroq jamiyat ham, davlat ham bir nuqtada to‘xtab qolmaydi. Zamon taraqqiyoti huquqiy institutlarni muttasil takomillashtirib borishni talab etadi.
Shu ma’noda, Mustaqillik taraqqiyotining zamonaviy bosqichi mamlakatimiz oldiga sifat jihatidan yangi vazifani qo‘ydi: faqat mustaqil davlat va milliy huquqiy tizimga ega bo‘lishning o‘zi kifoya emas. Davlat boshqaruvi va odil sudlov shunday darajaga ko‘tarilishi kerakki, qonun amalda insonga xizmat qilsin.
Aynan shu maqsad so‘nggi yillardagi islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat siyosatining mazmun-mohiyatiga «Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak, xalq davlat organlariga emas» degan tamoyil izchil singdirildi.
Ushbu yondashuv davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, ma’muriy yustitsiya, davlat xizmatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini tubdan takomillashtirishda o‘z ifodasini topdi.
Shu bois bugun Mustaqillik tushunchasi yanada chuqur huquqiy mazmun kasb etmoqda.
Mustaqil nafaqat davlat bo‘lishi kerak. Fuqaro ham o‘zini o‘zboshimchalikdan, byurokratik to‘siqlardan, shaxsiy hayotiga asossiz aralashuvdan, huquqlarining qonunga xilof ravishda cheklanishidan himoyalangan deb his etishi lozim.
Zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyotining muhim xususiyatlaridan biri aynan mana shunda.
Kuchli davlatdan — fuqarolar ishonchiga tayanadigan davlat sari
Huquqiy davlatni faqat ko‘plab qonunlar qabul qilish bilan barpo etib bo‘lmaydi.
Davlatning haqiqiy kuchi qonunlarning soni bilan emas, balki ular inson huquqlarini qay darajada samarali himoya qilayotgani bilan belgilanadi.
Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim xususiyatlaridan biri inson qadr-qimmatini oliy huquqiy va ijtimoiy qadriyat sifatida qaror toptirish bo‘ldi.
2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri ushbu jarayonning mantiqiy natijasi bo‘ldi.
Asosiy Qonunning birinchi moddasidayoq O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani mustahkamlab qo‘yildi.
Yangi Konstitutsiyaning falsafasi alohida ahamiyatga ega. Unda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblangan insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyat qurish g‘oyasi o‘z ifodasini topgan.
Bu normalar faqat yuridik iboralar doirasidan ancha keng mazmunga ega.
Aslida, gap shaxs va davlat hokimiyati o‘rtasidagi munosabatlarning yangi modeli haqida bormoqda.
An’anaviy davlat boshqaruvida ayrim holatlarda davlat apparati manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lsa, zamonaviy konstitutsiyaviy konsepsiya davlat organlari faoliyatiga inson manfaatlari nuqtayi nazaridan baho berishni talab etadi.
Fuqaroning huquqi himoya qilinmoqdami?
Uning murojaati eshitilmoqdami?
U adolatli qarorga erisha olyaptimi?
Mansabdor shaxsning qonunga xilof harakati yoki qarorini sud orqali bekor qildirish imkoniyatiga egami?
Aynan shu nuqtada inson qadr-qimmati faqat ma’naviy tushuncha bo‘lib qolmay, davlat organlari faoliyatini baholashning real huquqiy mezoniga aylanadi.
Davlat organining har qanday qarori, mansabdor shaxsning har bir harakati va har bir sud hujjati oxir-oqibat bitta muhim savolga javob berishi kerak:
Bu qaror inson va qonun manfaatiga xizmat qilyaptimi?
Sud — adolatni tiklash makoni
Davlatning yangi huquqiy falsafasi, ayniqsa, sud-huquq sohasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Sud demokratik huquqiy davlat tizimida alohida o‘rin tutadi. Zero, inson o‘z huquqi buzilgan deb hisoblaganda, adolat izlab avvalo sudga murojaat qiladi.
Shu sababli fuqaroning davlatga bo‘lgan munosabati va ishonchi ko‘p jihatdan aynan sud zalida shakllanadi.
Eng mukammal qonunlarni qabul qilish, rivojlangan davlat organlari tizimini tashkil etish, inson uchun keng huquq va erkinliklarni e’lon qilish mumkin. Ammo shaxs buzilgan huquqini mustaqil va adolatli sud orqali tiklay olmasa, ko‘plab huquqiy kafolatlar qog‘ozda qolib ketish xavfi mavjud.
Shuning uchun ham sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan islohotlarning dastlabki bosqichidanoq davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab berildi.
2016-yil 21-oktabrda qabul qilingan Prezident Farmonida sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli muhofaza qilish hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish belgilandi.
Shu bilan birga, gumon qilinuvchini ushlab turish muddatining 72 soatdan 48 soatga qisqartirilishi hamda odil sudlovni insonparvarlashtirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarning kengaytirilishi muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu o‘zgarishlar tizimli transformatsiyaning boshlanishi edi.
2017-yilda sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashuvchi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi.
Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudining birlashtirilishi natijasida yagona oliy sud organi shakllantirildi.
Bu jarayondagi eng muhim yangiliklardan biri esa ma’muriy sudlarning tashkil etilishi bo‘ldi.
Ushbu islohotning ahamiyatini alohida ta’kidlash lozim.
Huquqiy davlatda fuqaro faqat boshqa shaxs yoki tashkilotning harakatlaridan himoyalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi yetarli emas. U davlat organining noqonuniy qarori, harakati yoki harakatsizligidan ham samarali himoyalanishi shart.
Ma’lumki, fuqaro bilan davlat organining ma’muriy imkoniyatlari teng emas.
Shu bois shaxsning ixtisoslashtirilgan sudga murojaat qilib, davlat organining qonunga zid qarori, harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilish imkoniyati inson huquqlarining real ta’minlanishida muhim huquqiy kafolat hisoblanadi.
Ma’muriy yustitsiyaning tashkil etilishi davlatchilikning yangi modeliga o‘tish ramzlaridan biri bo‘ldi:
davlat organining o‘zi ham qonun va sud nazorati ostida bo‘lishi kerak.
2018-yilda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi kuchga kirishi ommaviy-huquqiy munosabatlarda shaxsning sud orqali himoyalanishi uchun alohida protsessual huquqiy mexanizm yaratdi.
Bu islohotning chuqur demokratik mazmuni shundaki, davlat o‘z qarorining fuqaro tomonidan sudda bahslashilishini hokimiyatga qarshi harakat deb emas, aksincha, huquqiy davlatning tabiiy va zarur elementi sifatida qabul qiladi.
Jazolashdan — huquqni himoya qilishga
So‘nggi yillarda sud tizimining jamiyatdagi vazifasi va mohiyatiga nisbatan qarashlar ham tubdan o‘zgarib bormoqda.
Uzoq vaqt davomida jamoatchilik ongida «sud» tushunchasi, eng avvalo, jazo bilan bog‘langan.
Zamonaviy huquqiy siyosat esa mazkur qarashni o‘zgartirishni maqsad qilgan.
Sud, eng avvalo, jazolash joyi emas, balki adolatni qaror toptirish va buzilgan huquqni tiklash makoni sifatida qabul qilinishi kerak.
So‘nggi yillarda davlat siyosatining mazmunida aynan shunday yondashuv tobora aniq namoyon bo‘lmoqda.
2025-yil avgust oyida sud tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham izchil islohotlar natijasida sudlarni asosan jazolovchi institutdan inson huquqlarini himoya qiluvchi tizimga aylantirish borasidagi o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Bu jarayon ma’muriy sudlarning tashkil etilishi, sudyalar ixtisoslashuvining rivojlanishi va turli huquqlarni himoya qilishning yangi mexanizmlari shakllanishida o‘z aksini topdi.
Ayni huquqiy falsafa bilan aybsizlik prezumpsiyasini mustahkamlash, «habeas corpus» institutini rivojlantirish, jinoyat protsessida sud nazoratini kengaytirish, dalillarning maqbulligiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish hamda himoyalanish huquqini kafolatlash kabi yo‘nalishlar bevosita bog‘liq.
Islohotlarning dastlabki davrlaridanoq sud-tergov faoliyatida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga ustuvor e’tibor qaratildi.
Tegishli o‘zgarishlar qonun ustuvorligi, qonun oldida tenglik, insonparvarlik, adolat va aybsizlik prezumpsiyasi prinsiplariga asoslandi.
Bu juda muhim.
Davlatning kuchi jazoning og‘irligi bilan emas, adolatli huquqiy tartib-taomilni ta’minlay olishi bilan namoyon bo‘ladi.
Aybsizlik prezumpsiyasi oddiy yuridik formallik emas. U shaxsni asossiz ayblovdan muhofaza qiladigan, davlatning ayblov vakolatini qonun bilan cheklaydigan va inson qadr-qimmatini himoya qiluvchi sivilizatsion tamoyildir.
Sudyaning mustaqilligi ham sudyalar korpusiga berilgan kasbiy imtiyoz emas.
U, eng avvalo, fuqaro manfaati uchun zarur kafolatdir.
Chunki inson uning taqdiri yoki huquqiga daxldor qaror faqat Konstitutsiya va qonunga asoslanib, hech qanday tashqi bosim va ta’sirsiz qabul qilinishiga ishonch hosil qilishi kerak.
Shu sababli sudyalar mustaqilligining institutsional kafolatlarini yanada kuchaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Himoya huquqi amalda hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak
Adolatli odil sudlov faqat mustaqil sudya bilan cheklanmaydi.
Inson sudga real murojaat qila olishi, malakali yuridik yordam olishi, o‘z dalillarini taqdim etishi, sud tartib-taomillarini tushunishi va uning ishi oqilona muddatlarda ko‘rib chiqilishiga ishonishi zarur.
Shuning uchun zamonaviy huquqiy davlatda «odil sudlovdan foydalanish imkoniyati» tushunchasining mazmuni tobora kengayib bormoqda.
U sudga murojaat qilishning qulayligi, jarayonlarni raqamlashtirish, sud ishlarining ochiqligi, professional advokatlik yordami, sud tartib-taomillarining tushunarliligi, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish kabi ko‘plab elementlarni qamrab oladi.
So‘nggi yillarda sud tizimida raqamlashtirish jarayonlari izchil davom etmoqda.
Elektron hujjat aylanishi, sud jarayonlarida masofadan ishtirok etish imkoniyatlari va axborot xizmatlarining kengayib borishi fuqaro bilan sud o‘rtasidagi munosabatning an’anaviy shakllarini o‘zgartirmoqda.
Biroq raqamlashtirishning o‘zi maqsad emas.
Uning eng asosiy vazifasi — odil sudlovni insonga yaqinlashtirish.
O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baho berilayotgani ham diqqatga sazovor.
2025-yil sentabrida BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekiston bilan mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik natijalarini baholar ekan, mamlakatda odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, bepul yuridik yordam tizimini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning huquqlarini ta’minlash mexanizmlarini kuchaytirish borasida erishilgan taraqqiyotni qayd etdi.
Bu esa muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, bugungi huquqiy davlat jahon hamjamiyatidan ajralgan holda rivojlana olmaydi. Milliy huquqiy islohotlar umume’tirof etilgan huquqiy prinsiplar, adolatli sudlov va inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari bilan uyg‘un rivojlanishi lozim.
«Odil sudlov – 2030»: islohotlar yangi bosqichda
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimiz islohotlar yakuni sifatida emas, balki ularning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan davr sifatida qarshi olmoqda.
2026-yil 14-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sud tizimi rahbarlari bilan uchrashib, amalga oshirilgan islohotlar natijalari va kelgusidagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi.
Unda sud islohotining haqiqiy natijasi, eng avvalo, fuqaroning ortiqcha to‘siqlarsiz sudga murojaat qila olishi, buzilgan huquqini o‘z vaqtida tiklashi va qabul qilingan qarorning adolatliligiga ishonishida namoyon bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Shu kuni «Odil sudlov – 2030» strategiyasi tasdiqlandi. Uning asosiy maqsadi Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etishdan iborat etib belgilandi.
Strategiyada sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudlar ochiqligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, sud orqali himoyalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sud nazoratini yanada kuchaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Demak, sud tizimi oldiga mazmun jihatidan yangi vazifa qo‘yilmoqda.
Fuqaro faqat sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lishi yetarli emas.
Inson sudga ishonishi kerak.
Ishonchni farmon yoki qonun bilan joriy etib bo‘lmaydi.
U inson qonun barcha uchun bir xil amal qilishini ko‘rganida paydo bo‘ladi.
Mansab yoki lavozim sud oldida ustunlik bermasligini his qilganda paydo bo‘ladi.
Buzilgan huquqi haqiqatan tiklanganda paydo bo‘ladi.
Sud qarori qonuniy, asoslangan va tushunarli bo‘lgandagina mustahkamlanadi.
Shu ma’noda, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi huquqiy davlat yetukligining eng muhim mezonlaridan biriga aylanmoqda.
Inson his etadigan Mustaqillik
O‘tgan 35 yil mobaynida O‘zbekiston ulkan tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi.
1991-yilda eng asosiy vazifa mamlakatning siyosiy va davlat mustaqilligini ta’minlashdan iborat edi.
Bugun esa Yangi O‘zbekiston oldida yanada yuksak maqsad turibdi — Mustaqillik natijalarini har bir insonning kundalik hayotida his etiladigan qadriyatga aylantirish.
Fuqaro Mustaqillikni faqat davlat ramzlari va tarixiy sanalar orqali emas, balki erkin yashash, mehnat qilish, oila va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, davlat idoralariga murojaat qilish, qonunga rioya etilishini talab qilish va adolatli sud himoyasiga ega bo‘lish huquqi orqali ham his qilishi kerak.
Shu ma’noda huquqiy davlat mavhum yuridik konstruksiya emas.
U davlat xizmatchisi fuqaro oldidagi mas’uliyatini his etgan joyda boshlanadi.
Davlat organi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin bo‘lgan joyda boshlanadi.
Sudya mustaqil bo‘lgan joyda boshlanadi.
Inson o‘zining aybsizligini isbotlashga majbur bo‘lmagan joyda boshlanadi.
Advokat o‘z ishonch bildiruvchisining huquqlarini samarali himoya qila oladigan joyda boshlanadi.
Insonning sha’ni va qadr-qimmati idora yoki mansab manfaati yo‘lida qurbon qilinmaydigan joyda boshlanadi.
Qonun lavozimdan kuchli bo‘lgan joyda huquqiy davlat boshlanadi
Shuning uchun Mustaqillikning zamonaviy bosqichida erishilayotgan eng muhim natijalardan biri davlatning o‘zi haqidagi huquqiy tasavvurning bosqichma-bosqich o‘zgarayotganidir.
Avvalo boshqaruvchi davlatdan — insonga xizmat qiluvchi davlat sari.
Asosan jazolovchi suddan — inson huquqini himoya qiluvchi sud sari.
Huquqlarni rasman e’lon qilishdan — ularni amalda tiklashning samarali mexanizmlarini yaratish sari.
Davlat apparati ustuvorligidan — inson qadr-qimmati ustuvorligi sari.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli huquqiy islohotlarning chuqur mazmun-mohiyati ham aynan shunda namoyon bo‘lmoqda.
Bundan o‘ttiz besh yil muqaddam O‘zbekiston o‘z kelajagini mustaqil belgilash huquqini qaror toptirdi.
Bugun Yangi O‘zbekiston ana shu Mustaqillikka yanada teran huquqiy mazmun bag‘ishlamoqda.
Shunday davlat barpo etilmoqdaki, unda hokimiyatning kuchi inson bilan davlat o‘rtasidagi masofa bilan emas, fuqarolar ishonchi bilan o‘lchanadi.
Davlatning qudrati taqiqlar soni bilan emas, huquqiy kafolatlarning ishonchliligi bilan belgilanadi.
Odil sudlovning samaradorligi jazoning og‘irligi bilan emas, qonun va adolatning ustuvorligi bilan baholanadi.
Ehtimol, Mustaqillikning huquqiy yetukligini ko‘rsatuvchi eng muhim mezon ham shu bo‘lsa kerak:
inson, uning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati nafaqat eng oliy konstitutsiyaviy qadriyat, balki davlat faoliyatining bosh maqsadi va mazmuniga aylangan jamiyatni barpo etish.
Gafurova Nozimaxon Eldarovna,
yuridik fanlar doktori (DSc),
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malakasini oshirish instituti professori


