Annotatsiya
Ushbu tezisda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘li, mustaqillikning dastlabki yillarida milliy davlatchilik asoslarining yaratilishi, davlat boshqaruvi va parlament tizimining shakllanishi, sud-huquq va adliya sohalarida amalga oshirilgan islohotlar, ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimining takomillashuvi, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishi tahlil qilinadi.
Shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish davrida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional islohotlar, Mustaqillikning 35 yilligi arafasida belgilanayotgan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar: mustaqillik, milliy davlatchilik, suverenitet, Konstitutsiya, parlament, davlat boshqaruvi, sud-huquq islohotlari, adliya, ta’lim, xalqaro hamkorlik, Yangi O‘zbekiston, inson qadri, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi xalqimizning ko‘p asrlik orzu-intilishlari, milliy davlatchilik va erkin taraqqiyot g‘oyalarining amaliy ifodasi bo‘ldi.
1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinib, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. 1 sentyabr esa Mustaqillik kuni sifatida belgilandi. Shu tariqa mamlakatimiz o‘z siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mazkur jarayonlarning eng muhim huquqiy natijalaridan biri 1992-yil
8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bo‘ldi. Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini, davlat suverenitetini, qonun ustuvorligini, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini va fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish asoslarini belgilab berdi.
Sobiq ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan voz kechilib, davlat boshqaruvining milliy modeli shakllantirildi. Shu bilan bir qatorda, Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi to‘g‘risidagi alohida qonunlar mustaqil O‘zbekiston davlat ramzlarining huquqiy maqomini belgilab berdi.
“Chinakam xalq mafkurasini, millatning eng muqaddas orzu-intilishlarini faqat uning Bosh hujjati – Konstitutsiyasida to‘liq ifoda etish mumkin”. Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan 2022-yilning
20-iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xuddi shunday deb ta’kidladi.
Prezident dastavval hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilish hamda konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish zarurati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda insonning yuksak o‘rni va qadrini, mamlakat uchun qanday qadriyat va manfaatlar ustuvor ahamiyatga ega ekanligini “Konstitutsiyada aks ettirish – davr taqozosidir”.
2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilgani beqiyos ahamiyatga ega.
Chunki referendum bilan saylov, Konstitutsiya bilan Deklaratsiya – vatanimiz istiqloli, xalqimiz mustaqilligining tom ma’nodagi timsollari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim demokratik hamda huquqiy vositalardir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul” ekani mustahkamlanib, O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani konstitutsiyaviy darajada belgilab qo‘yildi.
Jadal sur’atlarda rivojlanayotgan dunyoda faqat zamon bilan hamnafas odimlayotgan, jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirayotgan davlatlargina raqobatbardosh bo‘la oladi. Bu oddiy va asl haqiqat, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekiston uchun yangi siyosat va mamlakat taraqqiyoti uchun uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqishni hayotiy zaruratga aylantirdi.
Yangi O‘zbekistonning birinchi strategik dasturi – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidir. Jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishning mazkur besh yillik strategiyasi yurtimizda tub va jadal demokratik islohotlarning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.
Yangi O‘zbekistonning ikkinchi strategik dasturi – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidir.
Taraqqiyot strategiyasi ijrosi yo‘lida 2022-2023-yillarning o‘zidayoq yettita ustuvor yo‘nalishda bajarilgan ishlar ko‘lami va miqyosi tahsinga sazovor. Yangi O‘zbekiston poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan buyuk bunyodkorlik jarayonlari izchil davom etmoqda.
So‘nggi yillarda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil faoliyatimiz dasturiga aylanib ulgurdi.
Yangi O‘zbekistonning uchinchi strategik dasturi – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hisoblanadi.
Ushbu hujjatda barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rish olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi ustuvor g‘oyalar aks etgan.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimizda milliy davlatchilik va demokratik-huquqiy tizimni shakllantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlash borasida bosib o‘tilgan salmoqli taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish uchun muhim tarixiy sana hisoblanadi.
2026-yilda mustaqillikning 35-yilligi “Yangi O‘zbekiston”da amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilish va kelgusi vazifalarni belgilash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlat boshqaruvi sohasida
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda milliy davlat boshqaruvi tizimi shakllantirilib, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi konstitutsiyaviy asosda mustahkamlandi.
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvini xalqqa yaqinlashtirish, davlat organlarining ochiqligi va hisobdorligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan ma’muriy islohotlar amalga oshirildi. Ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifa va vakolatlarini aniqlashtirish, ularning tuzilmasini optimallashtirish va samaradorligini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida aholi bilan ochiq muloqot va murojaatlar bilan ishlashning yangi mexanizmlari shakllandi. Bu davlat xizmatlarini fuqaroga yaqinlashtirish va aholi muammolarini joyida hal etishga xizmat qildi.
Parlament sohasida
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston parlamenti milliy qonunchilikni shakllantirish va demokratik institutlarni rivojlantirishning muhim mexanizmiga aylandi. 2002 yilgi umumxalq referendumi natijasida ikki palatali parlament — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat shakllantirildi. Qonunchilik palatasi professional, doimiy faoliyat yurituvchi palata, Senat esa hududiy vakillik palatasi sifatida faoliyat boshladi.
Parlament faoliyatida siyosiy partiyalar va fraksiyalarning roli kuchaytirildi, parlament nazorati mexanizmlari rivojlantirildi. Mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati, inson huquqlari, saylov, nodavlat notijorat tashkilotlari, bola huquqlari va boshqa sohalarni tartibga soluvchi yuzlab qonunlar qabul qilindi.
2023 yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi parlamentning vakolatlarini yanada takomillashtirib, Qonunchilik palatasi va Senatning vazifalarini aniqroq belgilab berdi.
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida
Mustaqillik yillarida inson huquqlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy va institutsional asoslari shakllantirildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va boshqa milliy institutlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilab qo‘yildi. Inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar sezilarli darajada ko‘paytirildi, inson qadri va huquqlarining ustuvorligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Yangi Konstitutsiyada qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyat va noaniqliklarni inson foydasiga talqin qilish, shaxsning aybini tan olganligi yagona dalil bo‘lsa, uni aybdor deb topish mumkin emasligi, advokaturaning huquqiy maqomini kuchaytirish kabi muhim kafolatlar mustahkamlandi.
Sud-huquq sohasida
Mustaqillik davrida sud hokimiyatini mustaqil tarmoq sifatida shakllantirish va sud orqali inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda sudyalarni tanlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, sudlarning mustaqilligini mustahkamlash, ma’muriy sudlarni rivojlantirish, sud qarorlarining adolatli va asoslantirilgan bo‘lishini ta’minlash, fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
2023 yilgi Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida fuqarolar va yuridik shaxslarga muayyan holatlarda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati berildi. Bu konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni himoya qilishning yangi mexanizmi sifatida muhim ahamiyatga ega.
2026 yil 14 avgustda “Odil sudlov — 2030” strategiyasi qabul qilinib, sudlarni inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan, ochiq, mustaqil va xalqchil tizimga aylantirishning yangi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Adliya sohasida
Mustaqillik yillarida adliya organlarining davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishdagi o‘rni sezilarli darajada kengaydi. Qonun ijodkorligi, normativ-huquqiy hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish, huquqiy axborot va huquqiy targ‘ibotni ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish adliya organlarining asosiy yo‘nalishlariga aylandi.
Davlat xizmatlarini aholiga qulay va zamonaviy shaklda ko‘rsatish, elektron xizmatlarni rivojlantirish, aholiga bepul huquqiy maslahat berish, mahallalarda huquqiy xizmatlarni kuchaytirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etildi. Xususan, davlat xizmatlari markazlarida huquqiy maslahat byurolari tashkil etilishi fuqarolarning huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Advokatura sohasida
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
141-moddasida advokatura faoliyatining asosiy prinsiplari mustahkamlangan bo‘lib, 142-moddada esa advokatning o‘z himoyasidagi shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatishi uchun zarur huquq va vakolatlarga ega bo‘lishi, advokaturaning jinoyat protsessidagi mavqeini mustahkamlash nazarda tutildi.
Yangi Konstitutsiya normalarini amaliyotga joriy etish doirasida advokatura sohasida bir qator muhim ishlar amalga oshirildi.
Xususan, advokatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatlandi. Jinoyat ishlarida himoyachining huquq va vakolatlarini kengaytirish, uning protsessual imkoniyatlarini kuchaytirish bo‘yicha choralar belgilandi. Advokaturaga yosh kadrlarni jalb qilish maqsadida yuridik oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalariga o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokatlik tuzilmalarida advokat yordamchisi sifatida ishlash imkoniyati berildi.
Eng muhimi, yangilangan Konstitutsiyada advokaturaning mustaqilligi va malakali yuridik yordam olish huquqining kafolatlanishi inson huquqlarini ishonchli himoya qilish tizimini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda advokatura islohotlari “Inson qadri uchun” tamoyilini amalda ta’minlash, fuqarolarning sudda samarali himoyalanish huquqini kafolatlash va odil sudlov sifatini oshirishning muhim omili hisoblanadi.
O‘zbekistonda davlat boshqaruvini raqamlashtirish barcha sohalardagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilish, ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda raqamlashtirish faqat davlat xizmatlari bilan cheklanib qolmasdan, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, davlat boshqaruvi va real sektorning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olmoqda.
O‘zbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lida milliy davlatchilik asoslari yaratildi, parlament tizimi takomillashtirildi, inson huquqlarini himoya qilishning milliy institutlari shakllantirildi, sud hokimiyati mustaqilligini kuchaytirish va adolatli sudlovni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Bugungi bosqichda ushbu islohotlarning bosh mezoni — “inson qadri uchun” tamoyilidir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi asosida davlat boshqaruvi, parlament, inson huquqlari, sud-huquq va adliya sohalaridagi islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu ma’noda mustaqillikning 35 yilligi nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish, balki huquqiy, demokratik va insonparvar davlat qurishning yangi bosqichini belgilash uchun ham muhim tarixiy palladir.
Javlonbek Jo‘rayev
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va
malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi
Email: javlon-juraev@mail.ru


