+998 55 518 57 77

Mehnat daftarchasiga ishdan bo‘shatish sababi yoziladimi?

25.09.2026 50

«Ishdan bo‘shatilishim sababi mehnat daftarchamga yoziladimi?» Bu savol ko‘plab xodimlarni o‘ylantiradi. Ayniqsa, ish beruvchi bilan kelishmovchilik yuzaga kelganida, bunday xavotir yanada kuchayishi mumkin. Qonunchilik esa bu masalaga aniq javob beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari, ya’ni sabablari mehnat daftarchasiga yozilmaydi. Shartnoma bekor qilingani haqidagi ma’lumot esa qayd etiladi.

Mehnat daftarchasi insonning qayerda, qanday lavozimda va qancha vaqt ishlaganini tasdiqlashda muhim hujjat hisoblanadi. Uni to‘g‘ri yuritish xodimning mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarning to‘liq saqlanishiga xizmat qiladi.

Daftarchani yuritish kimning zimmasida?

Ish beruvchi tashkilotda besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlar uchun mehnat daftarchalarini yuritishi shart. Kodeksda ushbu majburiyat bo‘yicha jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchilar istisno qilingan.

Ba’zan inson asosiy ishidan tashqari o‘rindoshlik asosida ham ishlaydi. Bunday mehnat faoliyatini daftarchada aks ettirish uchun xodim asosiy ish joyidagi ish beruvchiga yozma ariza berishi kerak. Shu ariza asosida uning o‘rindoshlik asosida ishlagan davri haqidagi yozuv kiritiladi.

Xuddi shunday, xodim vaqtincha boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilgan davrlar haqidagi yozuvlar ham uning yozma arizasiga ko‘ra asosiy ish joyida qayd etiladi.

Ishdan bo‘shatish sababi-chi?

Bu yerda ikki tushunchani farqlash zarur: mehnat shartnomasining bekor qilingani va uning nima sababdan bekor qilingani. Birinchisi mehnat daftarchasida aks etadi, ikkinchisi esa unga yozilmaydi.

Shuning uchun ish beruvchi ham, xodim ham hujjatlarni rasmiylashtirishda mazkur qoidaga e’tibor berishi lozim. Xodim esa mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tekshirib borishi, qo‘shimcha mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarni kiritish uchun zarur hollarda yozma murojaat qilishi maqsadga muvofiq.

 

 

Institut Matbuot kotibi

Nuriniso Nurmuhammedova