+998 71 200 02 35

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” institutini joriy etish

12.09.2022 2100

Ayni davrda xususiy mulk va mulkdorlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida ochiq demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish bo‘yicha mamlakatimizning tub ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari asosini tashkil etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi PF-198-sonli “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini yaratish hamda ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator vazifalar ilgari surildi. Jumladan, mazkur Farmonning 6-bandi, “g” kichik bandida mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvni cheklash hamda mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash maqsadida gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” institutini joriy etish, bunda surishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog’liq qarorlarini ko’rib chiqish uchun sudga kiritish tartibi nazarda tutildi.

Mazkur islohot mohiyatini yoritishdan avval, “Xabes korpus” institutining mazmun-mohiyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz deb hisoblaymiz. Jinoiy ta’qibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga boʻlgan huquqi «HABEAS  CORPUS» deya nomlanadi. Bu atama 1679 yil 26 may kuni ingliz parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun - «Xabeas Korpus Akt» atamasidan olingan.

Shunigdek, «Xabeas korpus» (lot. habeas corpus) — shaxs daxlsizligi tamoyili bilan chambarchas bog‘liq ingliz jinoiy-protsessual huquqiy instituti. U shuningdek anglo-sakson huquq oilasidagi boshqa davlatlar huquqiy tizimiga ham kiradi.

Mamlakatimizda “Xabeas korpus” institutining amaliyotga tatbiq etilishi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, uning daхlsizligini  himoya qilishda muhim omil sifatida namoyon boʻlmoqda.

Ana endi bevosita gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” institutini joriy etish, bunda surishtiruvchi va tergovchining mol-mulkini xatlash bilan bog’liq qarorlarini ko‘rib chiqish uchun sudga kiritish tartibiga to‘xtalamiz. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 290-moddasida belgilanganidek, hukmning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismining ijrosini ta’minlash uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki sud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlashi shart.

Mol-mulkni xatlash surishtiruvchining yoki tergovchining qarori bo‘yicha prokuror roziligi bilan yoxud bu tergov harakatini bajarishni tergov organiga topshirishga haqli bo‘lgan sudning ajrimi bo‘yicha amalga oshiriladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda mol-mulkni xatlash prokurorning roziligisiz ham amalga oshirilishi mumkin, lekin keyinchalik yigirma to‘rt soat ichida prokuror qaror va bayonnoma nusxasi ilova qilingan holda xabardor qilinadi. Bundan kelib chiqadiki amaldagi qonunchiligimiz bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mol-mulkini xatlash faqat sud tartibida amalga oshirilmasdan, sudga qadar ish yuritish bosqichida ham hal etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bo‘yicha esa, mol-mulkni xatlash masalasiga oxirgi nuqtani sud qo‘yishi lozimligini nazarda tutmoqda.

Mazkur islohot tergov ustidan sud nazoratini mustahkamlashga, ya’ni “Xabeas korpus” institutining milliy qonunchiligimizga yanada chuqur kirib borishiga hissa qo‘shadi.

Aynan surishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini ko’rib chiqish uchun sudga kiritish tartibi Bosh Qomusimizning 19-moddasiga muvofiq keladi, chunki unga ko‘ra fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Mol-mulk daxlsizligi ham Konstitutsiya darajasida himoya qilinishi hamda mol-mulkni xatlash jarayonida mulkdorning mulk huquqi muayyan darajada cheklanishi bois ushbu masala faqat sud tartibida hal etilishi joiz.


Yuristlar malakasini oshirish markazi

dotsenti v.b. M.Vohidov